18 +  RSS  E-mail
9:16, 08 04 2019

Endi har shanba kuni “Moviy gumbaz” sayilgohida yoshlar festivali oʻkaziladi


Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, Mirzo Ulugʻbek tumani hokimligi va qator tashkilotlar tashabbusi bilan poytaxtimizning “Moviy gumbaz” istirohat bogʻida haftaning har shanba kuni yoshlar va voyaga yetmagan shaxslar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida “Yoshlar jinoyatchilikka qarshi” yoshlar festivalini oʻtkazish endi anʼana tusiga kiradi.

Bundan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 19 mart kunidagi videoselektor yigʻilishida ilgari surilgan yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan 5 ta tashabbusni hayotga tatbiq etishdir.

“Moviy gumbaz” sayilgohi har qachongidan ham toʻlib-toshdi. Oʻziga xos tabiat bagʻrida betakror koʻrgazmalar namoyish etildi, kuy-qoʻshiqlar raqslarga ulandi, turli sport musobaqalari boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi. Unda 2000 dan ziyod yoshlar ishtirok etdi.

Bayramona kun ruhiga ruh qoʻshgan yana bir voqea — shubhasiz Sohibqiron Amir Temur bobomizning yaqinlashib kelayotgan tavallud sanalari boʻldi. Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri tarkibi Temur bobomiz zamonasiga xos liboslarda namoyon boʻlgani barchani hayratga soldi. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qoʻshiqlar ishtirokchilarga hush kayfiyat ulashdi. Harbiylarning qoʻl jangi namoyishlari esa har doimgidek yigʻilganlarni ruhlantirdi.

Tadbir doirasida shaxmat-shashka musobaqalari, rassomchilik, hunarmandchilik, badiiy gimnastika, raqs, musiqa, teatr, arqon tortish, kurash, bodibilding va koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha chiqishlar qilindi. Koʻklam bagʻrida ochiq kitob savdolari, yoshlarda vatanparvarlik ruhini oshirish maqsadida harbiy qurollar koʻrgazmasi, mehnat yarmarkalari boʻlib oʻtdi. Faol ishtirokchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.