18 +  RSS  E-mail
13:08, 05 04 2019

Tailandda Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib etishda vatandoshlarimiz faol ishtirok etishmoqda


Oʻzbekistonning turizm salohiyatini faol targʻib qilish va mamlakatni tanitishda xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va kengaytirish vazifasini amalga oshirish doirasida, vatandoshlarimiz tomonidan Tailand fuqarolari hamda ushbu mamlakatga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlarni jalb qilish boʻyicha hamkorlikka erishildi.

Mazkur tashabbus Xitoyda istiqomat qilayotgan va Tailandda biznes hamkorlari mavjud boʻlgan vatandoshlarimiz tomonidan ilgari surildi.

Vatandoshimiz Doniyor Ubaydullayevning taʼkidlashicha, Tailandda Oʻzbekistonga tashrif buyurishni istovchilar juda koʻp. Bu Tailand aholisi va ushbu mamlakatga tashrif buyurgan chet ellik sayyohlardir. Vatandoshimiz Tailandga safari davomida, har kuni 1000 dan ortiq yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadigan sayyohlarni tashish bilan shugʻullanuvchi tadbirkor hamkorlari bilan Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilish boʻyicha kelishuvga erishdi.

— Oʻzbekistonning turizm salohiyati bilan tanishib, mamlakatingizda turizmning juda koʻplab yoʻnalishlari mavjudligiga amin boʻldik, — deydi Tailand transport kompaniyasi xodimi Taksim Rojanachiva. — Tailandda istiqomat qilayotgan oʻzbekistonliklar bilan iliq va doʻstona muloqotdamiz hamda boshqa davlatlarning turizm salohiyatini targʻib qiluvchi targʻibot materiallarini tarqatishdan manfaatdormiz. Chunki, sayyohlarga doimo boshqa davlatlarning turizm salohiyati bilan tanish qiziq va foydalidir.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan jahon miqyosida mamlakatimizni tanitish, turizm salohiyatini targʻib qilishda oʻz hissasini qoʻshish istagini bildirayotgan vatandoshlar va ularning tashkilotlari bilan ishlar davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, mazkur faoliyatda faol ishtirok etuvchi vatandoshlar sonining sezilarli oshishi kuzatilmoqda.

Oʻzbekistonda turizm sohasini jadal rivojlantirish, mamlakatni xorijda tanitish va turizm salohiyatini ommalashtirishda oʻz hissasini qoʻshayotgan faol vatandoshlarimizga Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi oʻz minnatdorchiligini bildiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.