18 +  RSS  E-mail
13:04, 05 04 2019

Oʻgʻrilik nima, qilmish qanday malakalanadi?


Oʻzganing egaligida boʻlgan mulkni olib qoʻyish oʻgʻrilikka xos. Biroq u ishlab chiqarishda ishchi tomonidan xom ashyoni yoki tayyor mahsulotni, vaqtincha qarab turishga tashlab ketilgan, magazinda kiyib koʻrish uchun olingan, boshqa birovga yetkazib berish uchun topshirilgan mulkni oʻmarish kabi koʻrinishda ham boʻlishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasida oʻgʻrilik tushunchasiga taʼrif berilgan. Unga binoan, oʻgʻrilik oʻzganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishdir. Talon-tarojning eng koʻp tarqalgan shakli aynan «qoʻli egri»lik hisoblanadi. Tergov amaliyotida ham oʻgʻrilikni ochish foizlari uncha katta emas. Chunki u yashirin ravishda sodir etiladi.

Ushbu jinoyatning subʼekti 14 yoshga toʻlgan har qanday aqli raso jismoniy shaxs boʻlishi mumkin.

Shuni taʼkidlash lozimki, mulkni yashirin talon-toroj qilish oʻgʻirlanayotgan mulkka nisbatan uni tasarruf etish, boshqarish, yetkazib berish yoki saqlash boʻyicha muayyan vakolatlarga ega shaxs tomonidan sodir etilgan boʻlsa, bu qilmish Jinoyat kodeksi 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki  rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi. Ushbu moddaning birinchi qismi boʻyicha jinoiy javobgarlik faqatgina tashkilot, muassasa va korxonalardan xodim tomonidan oʻgʻirlangan mulkning umumiy qiymati eng kam oylik ish haqining besh baravaridan yuqori boʻlganda kelib chiqadi. Aks holda shaxs Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 61-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Agar oʻgʻirlangan mulkning umumiy qiymati Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 61-moddasi 3-qismida koʻrsatilgan miqdordan oshib ketmasa (talon-toroj qilingan mulk qiymati eng kam ish haqining oʻttiz baravaridan oshmasa), necha marotaba mayda oʻgʻrilik sodir etilganidan qatʼi nazar, shaxs faqatgina maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.

Oʻgʻirlangan mulkning miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan kunda amalda boʻlgan, Respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. Oʻgʻirlangan mulk qiymatini aniqlashda ishning muayyan holatlariga qarab, huquqbuzarlik sodir etilgan kundagi shartnomaviy, bozor, birja baholariga asoslaniladi.

Jinoyat kodeksi 169-moddasining 1-qismida oʻgʻrilik, yaʼni oʻzganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi koʻrsatilgan.

Kissavurlik, yaʼni kiyim, sumka yoki boshqa qoʻl yukidagi ashyoni oʻgʻirlash respublikamizning jinoyat qonuniga yangi kiritilgan ogʻirlashtiruvchi holatdir. Kissavurlikning ijtimoiy xavfliligi, birinchidan, uning ancha koʻp tarqalganligi bilan, ikkinchidan, aybdor bevosita jabrlanuvchining oʻzida turgan mulkni tortib olishi, agar egasi oʻz mulkiga suiqasd qilinayotganini payqab qolsa, unga nisbatan zoʻrlik ishlatilishi xavfi tugʻilishi mumkinligi bilan izohlanadi.

Masalaning bir jihati, oʻgʻrilik sodir etilayotgan vaqtda kiyim jabrlanuvchining egnida yoki qoʻlida boʻlishi kerak. Agar aybdor garderob yoki ilgichda osigʻliq turgan kiyim choʻntagidan ashyoni qonunga xilof ravishda olsa, kissavurlik tarkibi mavjud boʻlmaydi.

Agar sumka yoki qoʻl yuki jabrlanuvchining qoʻlida boʻlsa yoki jabrlanuvchining oʻzida yoxud uning yonida boʻlsa (masalan, jomadon, sumkani jabrlanuvchi xordiq chiqarish, nimadir sotib olish va hokazo uchun yoniga qoʻygan boʻlsa), yaʼni bu ashyolar yana yoʻlga tushganida uning oʻzi bilan birga boʻladigan boʻlsa, bu holda Jinoyat kodeksi 169-moddasi 2-qismi «a» bandi qoʻllanadi.

Oʻgʻrilikni ochiq joyda emas, balki uy-joyga, omborxonaga yoki boshqa xonalarga gʻayriqonuniy ravishda kirib sodir etishning ijtimoiy   xavflilik darajasi yuqori. Buni shunday asoslash mumkin. Birinchidan, ochiq joylarda sodir etilganda, talon-toroj qilinishi mumkin boʻlgan mulkning miqdori cheklangan boʻlib, jinoyatchi oʻsha yerda  borinigina oladi. Uy-joyga, omborxonaga va boshqa xonalarga kirib oʻgʻrilik qilganda esa, jinoyatchining imkoniyatlari kengayib ketadi. Yaʼni, uyda saqlanayotgan qimmatbaho narsalar, zeb-ziynat buyumlari, jamgʻarilgan pullarga egalik qilish imkoniyatlari paydo boʻladi.

Ikkinchidan, oʻgʻrilik ochiq joyda yuz bersa, jinoyatchining imkoniyatlari kamroq, jabrlanuvchining tajovuzdan qutulib qolish sharoiti kengroq boʻladi. Yaʼni, jabrlanuvchi mulkni oʻzida saqlab qolish uchun qarshilik koʻrsatishi, qochib qutulishi, atrofdagilarning yordamiga tayanishi, himoya qilishni soʻrab atrofdagi odamlarga murojaat qilishi, sodir etilgan jinoyat yuzasidan tezkor choralar koʻrish uchun ichki ishlar xodimlariga murojaat qilishi mumkin. Uy-joy, omborxona yoki boshqa xonalarga oʻgʻri oralaganda esa aksincha: jabrlanuvchi barcha imkoniyatlardan mahrum boʻlib, chorasiz qoladi. Qolaversa, mazkur holatda oʻgʻrilikdan  bosqinchilik jinoyati ham «oʻsib» chiqishi mumkin.

Takroran oʻgʻrilik jinoyatini sodir etish deganda, shaxsning ikki yoki undan koʻp marta oʻgʻrilik jinoyatini sodir etganligi, ammo ularning birortasi uchun ham sudlanmagani tushuniladi. Birinchi oʻgʻrilik jinoyatini sodir etishda tamom boʻlgan yoxud jinoyatga tayyorgarlik koʻrish yoki suiqasd qilish bosqichida toʻxtatilgan yoki ishtirokchilikda sodir etilgan boʻlsa, oʻgʻrilik takroran sodir etilgan hisoblanadi.

Bundan tashqari, oʻgʻrilik komp’yuter tizimiga ruxsatsiz kirib ham amalga oshiriladi. Bunda aybdor  komp’yuter  tizimiga  yashirincha  kirib,  undagi  mol-mulkni  oʻzi yoki boshqa shaxslarning nomiga oʻtkazadi. Shuningdek, bu jinoyatlar internet  tarmoqlari  orqali  sodir  etilishi ham  mumkin.  Bu  harakatlar  asosan yashirin  sodir  etilgani sababli oʻgʻrilik kabi baholanadi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat tomonidan qatʼiy narx belgilash imkoniyati yoʻqligi sababli talon-toroj qilingan narsalarning qiymatini aniqlashda muayyan qiyinchiliklar yuzaga keladi. Shuning uchun talon-toroj etilgan mol-mulkning qiymati shu qilmish sodir etilgan paytda mazkur mintaqadagi oʻrtacha bozor narxlari boʻyicha belgilanadi. Qiymatni belgilashda mol-mulk holati, ishlab chiqarilgan vaqti, eskirgani, tovar koʻrinishi, shu narsalardan foydalanish imkoniyatlari darajasi va hokazolar eʼtiborga olinadi.

Oʻgʻrilik jinoyatini sodir etgan shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish jarayonida surishtiruv, tergov va sud amaliyotida jinoyatchi shaxsini aniqlab, qilmishini yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi barcha holatlar yetarlicha baholangach, adolatli jazo tayinlansa, maqsadga muvofiq boʻladi. Zero, jinoyatlar sodir etilishining oldini olish tayinlanadigan jazoning adolatli boʻlishiga ham koʻp jihatdan bogʻliq.

Hamid BOBOQULOV,

jinoyat ishlari boʻyicha Qashqadaryo viloyat sudi sud’yasi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.