18 +  RSS  E-mail
13:00, 05 04 2019

Ikkita bogʻcha foydalanishga topshirildi


Andijon shahridagi Yoyilma mahalla fuqarolar yigʻinida davlat-xususiy sherikchilik asosida yangi nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga topshirildi.

Uni “Andijon kapital qurilish invest” MChJning quruvchilari barpo etishdi. 200 oʻringa moʻljallangan muassasa qurilishiga 6 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflandi. Bu yerda bolajonlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mashgʻulot xonalari zarur jihozlar, koʻrgazmali qurollar, oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlangan. Kichkintoylarga 8 guruhda rus, ingliz, koreys tillari hamda mental arifmetika oʻrgatiladi. Alohida turk guruhi tashkil qilingan. Karate, badiiy gimnastika, xoreografiya toʻgaraklari yoʻlga qoʻyilgan.

— Bir yil davomida 117 ta davlat va nodavlat-sherikchilik maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil qilindi, — dedi Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov. — Bu esa kelajagimiz egalari boʻlgan farzandlarimizni kamol topishlari uchun keng imkoniyatlar demakdir.

Farobiy mahallasida ham “Yulduzcha” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining ochilish marosimi oʻtkazildi. Qisqa muddat ichida “Yusufjon mebel qurilish” tashkiloti bunyodkorlari mehnati bilan Xalq banki tomonidan ajratilgan 2 milliard 600 ming soʻmdan ortiq kredit evaziga 100 oʻringa moʻljallangan bogʻcha qad koʻtardi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 5 apreldagi “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan imtiyozlar mazkur sohada tadbirkorlik faoliyatini yuritishni maqsad qilgan ishbilarmonlar safi kengayishini taʼminlamoqda. Natijada sohada sogʻlom raqobat muhiti shakllanib, taʼlim-tarbiya sifati oshishiga zamin yaratilmoqda.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.