18 +  RSS  E-mail
11:30, 04 04 2019

Navoiy shahrida zamonaviy klinika ish boshladi


Mamlakatimizda inson hayoti uchun muhim va zarur sohalardan biri boʻlgan — sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, uni jahon talablari darajasiga koʻtarish va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda sohaga qaratilgan eʼtibor va koʻrsatilgan gʻamxoʻrlik mazkur tarmoqni yangi bosqichga koʻtarish barobarida, aholining tibbiy xizmatdan rozi boʻlishida muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

Albatta, bu borada xususiy tibbiyot muassasalarining ham alohida hissasi bor.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 1 apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, sogʻliqni saqlashning xususiy sektorida koʻrsatilayotgan xizmatlar hajmi va turlarini oshirish va rivojlantirishni nazarda tutuvchi keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Ayniqsa, Prezidentimizning “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish toʻgʻrisida”gi qarori sogʻliqni saqlashning xususiy sektorini rivojlantirishni har tomonlama davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Barcha joyda boʻlgani kabi Navoiy viloyatida ham tibbiyotda xususiy sektor faoliyatini kengaytirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Ayni kunda viloyatda faoliyat yuritayotgan 150 ta xususiy tibbiyot muassasalarining 35 tasi oʻtgan yilda tashkil etilgani, joriy yil yakuniga qadar yana 25 ta klinika foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgani bu boradagi ishlar koʻlami kengayayotganining yorqin isbotidir.

Eʼtirof etish kerakki, soʻnggi yillarda viloyatdagi xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan oʻndan ortiq davlatning 200 nafarga yaqin fuqarolariga malakali tibbiy xizmatlar koʻrsatildi.

Navoiy shahrida yosh tadbirkor Gʻolib Karimov tomonidan foydalanishga topshirilgan “GRAND MEDICAL CENTER” xususiy klinikasi  ham sohaga qaratilayotgan eʼtiborning amaliy ifodasi boʻldi.

— Umumiy qiymati 5 milliard soʻm boʻlgan mazkur zamonaviy klinikamizning 300 ming dollar mablagʻ evaziga Xitoy, Germaniya, Rossiya, Koreya davlatlaridan keltirilgan eng soʻnggi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangani aholi salomatligini mustahkamlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi, — deydi “GRAND MEDICAL CENTER” xususiy klinikasi rahbari, yosh tadbirkor Gʻolib Karimov. — Eng eʼtiborlisi, klinikamiz oʻz faoliyatini boshlashi munosabati bilan 40 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Klinikada kardiologiya, terapiya, kosmetologiya, stomatologiya, fizioterapiya, jarrohlik  singari 10 dan ortiq yoʻnalishlar boʻyicha malakali shifokorlar tomonidan tibbiy muolajalar olib boriladi. Klinikada bir kunda 30 ta bemorni statsionar davolash hamda 250 ta bemorni ambulator qabul qilish imkoniyati yaratildi.

— Barcha sharoitlarga ega, koʻrkam binoda faoliyat yuritish gʻayratimizni yanada oshiradi, — deydi bolalar nevropatologi D.Bozorova. — Ayniqsa soʻnggi rusumdagi texnologiyalar bemorlarning kasalligini vaqtida aniqlash va toʻgʻri tashxis qoʻyishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tibbiyot markaziga malakali mutaxassislarning jalb etilgani, xususan, hindistonlik mutaxassislar va poytaxtimizdagi malakali shifokorlar oʻrtasida doimiy hamkorlik aloqalari oʻrnatilgani yanada eʼtiborlidir.

Klinikaning ochilish marosimida Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.

Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.