18 +  RSS  E-mail
11:28, 04 04 2019

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Jizzaxga nima sababdan tashrif buyurdi?


Soʻnggi ikki yil mamlakatimizda koʻplab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlarni kuchaytirish davri boʻldi.

Chunonchi, Prezidentimizning davlat idoralarining xalq xizmatida boʻlishga oid talabi asosida «Obod qishloq”, «Obod mahalla”, «Ilgʻor hudud” kabi dasturlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Shuningdek, sektorlar joylarda fuqarolarni qiynab kelayotgan muammo va masalalarni hal etishning samarali tizimiga aylanib borayotir. Uyushtirilayotgan sayyor qabullar ham el dardiga darmon boʻlayapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonovning «Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosarlarining ommaviy sayyor qabullarini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi asosida ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida sayyor qabullar uyushtirilmoqda.

Jumladan, Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Shavkat Mavlyanov hamda vazirlik oʻz xavfsizlik boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik Shuhrat Rafikovlar viloyatimizdagi shahar va tumanlarida aholi bilan muloqotlar oʻtkazmoqda. Xususan, Yangiobod tumanida uyushtirilgan ommaviy sayyor qabulda viloyat va tuman hokimliklari, boshqarma, tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirok etdilar.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov boshqarib borgan sayyor qabulda kredit va davolanish uchun moddiy yordam olish, ishga joylashtirish, maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etish, mavjudlarini taʼmirlash, ichimlik suvi, oqova suv hamda elektr taʼminotini yaxshilash, avtobekat qurish, yoʻllarni taʼmirlash, uy-joy kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, sport zali qurish, ish haqini undirish kabi 30 ga yaqin masalalar koʻtarildi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan muammo va kamchiliklarni qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan tegishli idoralar vakillariga topshiriqlar berildi.

Zomin tumanida oʻtkazilgan ommaviy sayyor qabulda esa suv taʼminotini yaxshilash, namunali loyiha asosida qurilgan uylardagi kamchiliklarni barataraf etish, yoʻl belgilari oʻrnatish, avtotransportlar tezligini cheklash, aholi chorvasi uchun yaylov ajratish, korxonalar oʻrtasidagi moliyaviy muammolarni hal etish, ishga tiklanish, yoʻllar qurish, suv taʼminotini yaxshilash kabi masalalar koʻrib chiqildi. Tadbirda muammolar yechimini topish yuzasidan masʼul idoralar vakillariga aniq vazifalar yuklanib, hal etish muddatlari belgilandi.

Xuddi shunday tadbirlar Zarbdor va Sharof Rashidov tumanlarida ham boʻlib oʻtdi. Fuqarolar ichki ishlar vazirligi masʼullariga bandlikni taʼminlash, bolalar hamda nogironlarga qaraganlik uchun nafaqa tayinlash, turar-joy va yoʻllar taʼmiri, tadbirkorlik uchun kredit olish, merosni boʻlish, jinoiy jazoni yengillashtirish, sizot suvlarni tortuvchi zovurlarni chuqurlashtirish, farzandlarni maktabgacha taʼlim muassasalariga joylashtirish, mahallada profilaktika inspektori faoliyatini yoʻlga qoʻyish kabi masalalar tilga olishdi.

Ichki ishlar vazirligi masʼullarining viloyatimizdagi ommaviy sayyor qabullari davom etmoqda. Aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammo va kamchiliklarini hal qilishga qaratilgan bu kabi tadbirlar koʻlami kengayib, sifati ortib borayotgani mamlakatimizda inson omili tobora ustuvor ahamiyat kasb etayotganidan darakdir.

Jizzax viloyati IIB axborot mul’timedia guruhi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.