18 +  RSS  E-mail
11:25, 04 04 2019

Davlat xizmatlardan uyda turib ham foydalanishim mumkinmi?


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi PF-5278-son “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini tubdan isloh qilishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlari koʻrsatish amaliyotini kengaytirish belgilangan.

Hozirgi kunda fuqarolarimiz Internetdan foydalangan holda ushbu portal orqali davlat xizmatlaridan uydan turib ham foydalanishlari mumkin. Buning uchun ular my.gov.uz portalidan roʻyxatdan oʻtib, shaxsiy kabinetlari orkali ushbu portalda joriy qilingin 141 ta davlat xizmatlaridan interaktiv holda foydalanishlari mumkin. Shuningdek portalda davlat xizmatlari uchun joriy qilingan yigʻim va davlat bojlarini onlayn tarzda plastik kartalari yordamida toʻlash imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek 2019 yil 15 fevralda qabul qilingin “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi 4193-son qarorda 2019 yil 1 iyundan boshlab davlat xizmatlarini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etganda, davlat boji, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar Markazlar orqali yoki bevosita xizmat koʻrsatuvchi organlarga murojaat etganda toʻlanadigan summadan 90 foiz miqdorida toʻlanadi. Bu esa albatta ularga qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.

Aholi tomonidan davlat xizmatlari markazlariga ana shunday koʻplab savollar orqali murojaat qilingan. Masalan:

Oilalikman, uch nafar farzandim bor. Shartnoma asosida Navoiy viloyatida harbiy xizmatni oʻtab kelganman. Bugungi kunda Buxoro viloyatining harbiy qismiga vaqtinchalik 2 yillik muddatga xizmat safariga yuborishdi. Farzandlarimni maktabgacha taʼlim muassasasida navbat koʻpligi sababli ularni tez orada muassasaga joylashtirish boʻyicha tushuntirish bersangiz?

( Buxoro shahrida yashovchi Samadov F.)

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan “Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy Reglamenti” ning 7-bandida, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar yoʻllanmalar olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelgan holda murojaat qilinishi yoki elektron tarzda davlat xizmatlari olish uchun YaIDXPda roʻyxatga olinishi belgilangan.

Shuningdek, mazkur Reglamentning 18-bandiga koʻra, uch nafar yoki undan koʻp bolalari boʻlgan oilalar bolalari va harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bolalari imtiyozli roʻyxatga kiritilishi belgilangan.

Shunga koʻra, xabarnomalar ushbu Reglamentning 16-bandiga muvofiq rasmiylashtirilgan holatlarda tegishli yoʻllanmalar muassasalarda oʻrinlar boʻshagan kuni navbatga muvofiq rasmiylashtirilishi hamda imtiyozli roʻyxatga kiritilgan anketalar boʻyicha yoʻllanmalar umumiy roʻyxatga kiritilgan anketalarga nisbatan birinchi navbatda rasmiylashtirilishi nazarda tutilgan.

Ushbu savolga esa quyidagicha yondashamiz:

Qaramogʻimda 12 yoshdagi nevaramni tarbiya qilib kelmoqdaman. Nevaramning onasi tugʻruq paytida vafot etgan edi. Otasi esa  oʻtgan yili baxtsiz hodisa tufayli avtohalokatda vafot etgan. Bugungi kunda nevaramni turmush oʻrtogʻim bilan farzandlikka olish niyatimiz bor. Shu sababli nabiramni farzandlikka olish qanday tartibda amalga oshirilishi yuzasidan tushuntirish bersangiz?

(Kogon tumanida yashovchi A.Toʻqsonova)

Oʻzbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 151-moddasiga koʻra, farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini koʻzlab yoʻl qoʻyiladi.  Shuningdek, farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga koʻra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga toʻgʻri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2013 yil 31 dekabrda 2547-son bilan roʻyxatdan oʻtgan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma talabiga asosan, sudning farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab oʻn kun ichida FHDYo organi farzandlikka olingan bolaning tugʻilishi qayd etilgan dalolatnoma yozuviga zarur oʻzgartirishlar kiritishi lozim.

Farzandlikka olishni rasmiylashtirish uchun FHDYo organiga sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qaroridan koʻchirma, farzandlikka olinuvchining tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi, shuningdek farzandlikka oluvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari taqdim etiladi.

Agar, bir viloyatda (tuman, shaharda) doimiy yashovchi farzandlikka oluvchi(lar) ikkinchi viloyatda (tuman, shaharda) yashayotgan bolani farzandlikka olayotgan boʻlsa va oʻz(lar)ining doimiy yashash joyidagi FHDYo organiga murojaat etgan taqdirda, FHDYo organi tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori va bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasini tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilgan FHDYo organiga tegishli oʻzgartirishlarni kiritish va yangi guvohnoma berish uchun yuboriladi.

Farzandlikka olish rasmiylashtirilgandan soʻng farzandlikka oluvchi(lar)ga FHDYo organi tomonidan farzandlikka olinuvchining tugʻilganlik haqidagi yangi guvohnomasi va zarur boʻlganda Farzandlikka olinganlik haqida maʼlumotnoma beriladi.

Azamat ISTATOV,

Davlat xizmatlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi yuristkonsul’ti.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.