18 +  RSS  E-mail
11:05, 03 04 2019

Nurota davlat qoʻriqxonasi haqida


Forish tumanida 1975 yilda noyob tabiiy majmualarni, Nurota togʻ tizmasining hayvonot va oʻsimliklar olamini himoya qilish maqsadida Nurota davlat togʻ yongʻoqli qoʻriqxonasi tashkil etildi. Nurota davlat togʻ-yongʻoqli qoʻriqxonasi qoʻshni Navoiy va Samarqand viloyatlari bilan chegaradosh boʻlib, umumiy yer maydoni 17752 gektarni tashkil etadi.

Qoʻriqxona hududi himoyasini taʼminlash maqsadida 29 nafar maxsus davlat nazoratchilari, ilmiy tadqiqotlar va ekologik monitoringni olib borish uchun 4 nafar ilmiy xodim va 2 nafar laborantlar faoliyat olib boryapti. Bu yerda ilmiy ishlarning asosiy yoʻnalishlari bu tabiat solnomasini olib borish, oʻsimlik va hayvonot olami hisobini inventarizatsiya qilish, ekologiyani, biologiyani va noyob hayvonlar svertsov qoʻyi, yirtqich qushlar populyatsiyasini oʻrganish, svertsov qoʻyini erkin sharoitda boqish va koʻpaytirish usullarini ishlab chiqish, chumchuqsimon qushlarning ekologiyasi va biologiyasi, oʻsimliklarni tasniflash, xaritalash, monitoringi, fenologik kuzatishlar, yongʻoq daraxtlarining holatini oʻrganishdan iborat.

Nurota togʻ tizmasi Pomir – Oloy bilan Tyan-Shan togʻ majmualari va Turon pasttekisligining orasidagi oʻtish hududida joylashgan boʻlib, togʻ tizmasidan shimoliy-gʻarbga deyarli 200 kilometr masofaga choʻzilib, Qizilqum sahrosi ichkarsiga chuqur kirib boradi. Togʻ tizimining eng baland choʻqqisi Hayotboshi choʻqqisi boʻlib, dengiz sathidan 2169 metr balandlikda joylashgan. Qoʻriqxona hududida 78 oiladosh 821 turdagi oʻsimliklar aniqlangan. Shulardan murakkabguldoshlar 96 turni, dukkakliklar 78 turni va boshqa oʻsimliklar 76 turni tashkil etadi. Oʻzbekiston “Qizil kitobi”ga qoʻriqxona florasining 33 turi, shu jumladan, 3 tur shirach, 3 tur anzurpiyoz, 5 tur lola, 5 tur astragul va boshqalar kiritilgan.

Qoʻriqxona faunasining eng koʻp, biroq kam oʻrganilgan qismini umurtqasiz hasharotlar tashkil etadi. Hozirgacha hududda 761 turdagi hasharotlar tashkil etadi. Bundan tashqari 241 turdagi xilma-xil qoʻngʻizlar, 93 tur ikkiqanotlilar, 58 tur parranda qanotlilar va 240 tur kapalaklar roʻyxatga olingan. Bu yerdagi mavjud hasharotlarning 8 turi Oʻzbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan. Shuningdek, yirik jujelitsa, krasotel, glazunova, alksanor va kalimax kapalaklari ham noyob hisoblanadi. Hududda 21 turdagi repiliyalar uchraydi. Ularning eng koʻp uchraydigan turlari turkiston agamasi, sariq ilon, gulli poloz, rang-barang poloz, koʻlvar ilon. Ularning uch turi kulrang echkiemar, Oʻrta Osiyo kobrasi va koʻndalang chiziqli boʻritish ilonlar Oʻzbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan.

Qoʻriqxonaning ornitofaunasi ham juda boy va oʻziga xos. Bu yerda 199 turdagi qushlar borligi aniqlangan. Ularning 103 turi qoʻriqxona hududida uya soladi. Qoʻriqxonada uya solgan qushlarning 10 turi va uchib oʻtuvchi qushlarning 8 turi Oʻzbekiston “Qizil kitobi”ga, shulardan doimiy yashovchi 2 turdagi va uchib oʻtuvchi 3 turdagi qushlar xalqaro tabiatni muhofaza qilish hamjamiyatining “Qizil kitobi”ga kiritilganini alohida taʼkidlash lozim.

Svertsov qoʻyi (Qizilqum arxari) qoʻriqxonadagi eng noyob jonivor hisoblanadi. Bu noyob togʻ qoʻylari Pomir – Oloy togʻlari tarkibiga kiruvchi Qizilqum adirliklarining shimoliy yonbagʻirlarida uchraydigan endemik tur hisoblanib, xalqaro tabiatni muhofaza qilish hamjamiyatining xalqaro “Qizil kitobi”ga kiritilgan. Svertsov qoʻyining tarixiy tarqalish maydoni Nurota, Oqtogʻ, Molguzar, Turkiston va Zarafshon togʻ tizmalari, Pistalitogʻ, Tomditogʻ, Boʻkontogʻ va Qizilqumning boshqa adirliklarini oʻz ichiga oladi.

XX asrning oʻrtalarida svertsov qoʻylari tarqalish maydonining sezilarli darajada qisqarishi natijasida bu turning soni keskin kamayib, ayrim tarixiy tarqalish mintaqalarida butunlay yoʻq boʻlib ketish holatlari sodir boʻldi. Oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar tufayligina Nurota togʻlarida eng yirik populyatsiyasini qayta tiklash va meʼyorlashtirishga erishildi. Bugungi kunda qoʻriqxonada svertsov qoʻyining 1800 boshga yaqini yashayapti.

Nurota qoʻriqxonasining hududi nafaqat goʻzal togʻli manzaralari, oʻziga xos hayvonot va oʻsimlik dunyosi, balki, koʻpgina tarixiy-madaniy obidalari bilan ham har qanday kishini oʻziga jalb etadi. Bu hududda qadimdan odamlar yashaganligi uchun oʻziga xos murakkab va boy tarixga ega. Buning isboti sifatida turli xil arxeologik topilmalar, petrogliflar, qabrlar, megalitlar, oʻrta asrlarning tarixiy obidalari, madaniy manzaralar, qadimiy irrigatsiya inshootlari, yongʻoq va mevali daraxtlarning xilma-xilligini taʼkidlab oʻtish lozim. Nurota tizmasining shimoliy yonbagʻirlari boʻylab Sirdaryo qirgʻoqlaridan Nurota orqali Buxoroga karvon yoʻllaridan biri oʻtgan. Shuningdek, karvon yoʻllari Nurota tizmasining Oʻxum va Majrum dovonlari orqali ham kesib oʻtgan.

Qoʻriqxona hududi va uning atrofida joylashgan tarixiy obidalarning eng ahamiyatga moliklari ichida Tikchasoy, Asrafsoy, Andegensoy, Majrumsoy, Hayatsoy, Sintobsoydagi petrogliflar, Sentob, Majrum, Oʻxum qishloqdaridagi qoʻrgʻonlar qoldiqlari, Majrum qishlogʻidagi qadimiy masjid xarobalari va tanasining aylanmasi 8 metr, markaziy shoxining aylanmasi 12 metr, ildizlari kavagiga 4-5 odam sigʻadigan ming yillik sharqiy sarv daraxtini, Majrumsoydagi Hazrati Ali va Qarrisoydagi Eshonbobo mozorlarini taʼkidlab oʻtish lozim.

— Bugungi kunda atrof-muhit va biologik xilma-xillikni, xususan yoʻqolib borayotgan noyob oʻsimlik va hayvonot turlarini saqlab qolish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bu borada qoʻriqxonalar va boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish katta ahamiyatga ega, — deydi Nurota togʻ-yongʻoqli davlat qoʻriqxonasi direktori Rajabboy Qoʻrgʻonov.

Mamlakatimizda biologik xilma-xillik va ekologik muvozanatni saqlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. 1995 yilda Oʻzbekiston Respublikasi “Bioxilma-xillikni saqlash toʻgʻrisida”gi xalqaro konventsiya ishtirokchisi boʻldi. 1998 yil Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan biologik xilma-xillikni saqlash boʻyicha milliy strategiya va harakatlar rejasi qabul qilingan boʻlib, unga muvofiq tabiiy muhofaza qilinadigan hududlar respublika hududining 10 foizidan kam boʻlmasligi belgilangan.  Shularni inobatga olib, Oʻzbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan oʻsimlik va hayvonot dunyosini, shu jumladan xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan noyob svertsov qoʻyini samarali muhofaza qilish maqsadida qoʻriqxonaning bufer zonasi hisoblangan, Samarqand viloyatiga tegishli boʻlgan Nurota tizmasining janubiy qismidan 5840 gektar yer maydonini Nurota davlat qoʻriqxonasi tarkibiga kiritish taklifini berdik.

Mazkur soʻralgan yer maydoni aholi yashash hududlaridan ancha uzoqda joylashgan boʻlib, bu hududa hech qanday fermer va dehqon xoʻjaliklari tashkil etilmagan. Bu hududning 3200 gektar maydoni Samarqand viloyati “Pangat”, 2640 gektari Payariq tumani “Xalqobod” xoʻjaliklari tarkibiga kiradi. Qoʻriqxona tarkibiga kiritish uchun tavsiya qilinayotgan mazkur hudud bevosita qoʻriqxonaning janubiy chegarasiga tutash boʻlib, Qizilolmasoy, Nakrutsoy, Parrandozsoy, Qislaksoy, Qoratoshsoy va Qurutliboysoy daralarini oʻz ichiga oladi. Bu hududlarda Nurota togʻ tizmasi oʻsimliklarining tipik tabiiy jamoalari shakllangan boʻlib, ularning tarkibiga bir qator oʻsimlik turlari, shu jumladan Oʻzbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan 20 turi kiradi. Bundan tashqari bu hududlar Oʻzbekiston va xalqaro “Qizil kitob”larga kiritilgan yirik yirtqich qushlarning in quradigan hamda koʻpayadigan joylari hisoblanadi.

Oxirgi oʻn yilda Nurota davlat qoʻriqxonasida svertsov qoʻylarining soni 1700-1800 bosh boʻlib, populyatsiyaning zichligi 1 kmv. maydoniga 8-10 boshni tashkil qilmoqda. Bu koʻrsatkich boshqa hududlardagi yovvoyi togʻ qoʻylari populyatsiyalari zichligidan ancha yuqori hisoblanadi. Masalan, Tojikistonda Marko Polo qoʻylari populyatsiyalarining zichligi 1 kmv.ga 4,5-5,4 bosh, Qozogʻistonda Altay va Tyan-Shan qoʻylari 1 kmv.ga 1-1,2 bosh, Mangoliya va Shimoliy Gʻarbiy Xitoyda arxarlar populyatsiyalari zichligi 1 kmv.ga 1,6-2 boshga toʻgʻri keladi. Tabiatda har bir hayvon uchun oʻz populyatsiyasining optimal zichligi mavjud boʻlib, u joyning qulayligi ozuqa bazasining yetarli boʻlishi, suv manbalari va boshqa omillar bilan uzviy bogʻliq.

Yana shuni alohida taʼkidlash kerakki, amalga oshirilayotgan nazorat ishlarga qaramasdan ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan ona-tabiatga zarar yetkazish, ov qilish mutlaqo taqiqlangan qoʻriqxona hududida ov qilish holatlari sodir etilyapti. Jumladan, Samarqand viloyati Payariq tumani Qoʻshilish qishlogʻida yashovchi Ilhom Anorboyev shu tumandagi Ulpatan qishlogʻida yashovchi Shuhrat Donoboyevlar qoʻriqxona hududida ov qilib yurganlarida qoʻlga olindi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, bugun ona-tabiatga boʻlgan munosabat har birimizdan mehr-eʼtiborni talab etmoqda. Nurota togʻ tizmasidagi janubiy hududning qoʻriqxona tarkibiga qoʻshilishi svertsov qoʻylari populyatsiyasining saqlash va koʻpaytirishda, ularni boshqa hududga oʻtib ketishini oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga Nurota togʻ tizmasi flora va faunasining kamyob turlarining koʻpayishiga, suv resurslarini tejash va atrof-muhit holatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Rashid KARIMOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.