18 +  RSS  E-mail
11:06, 03 04 2019

“Moʻynoq — chevarlar makoni” nomli koʻchma koʻrgazma tashkil etildi


Mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini yanada rivojlantirish, Moʻynoq xalqini ota-bobolarimizdan qolgan hunar durdonalari bilan tanishtirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi I.Savitskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyida saqlanayotgan eksponatlardan “Moʻynoq — chevarlar makoni” atamasidagi koʻchma koʻrgazma tashkil etildi. Moʻynoq xalqi va mehmonlari bu koʻrgazma orqali ushbu hududda yashagan chevarlar tomonidan yaratilgan XX asrning birinchi yarmiga oid milliy hunarmandchilik namunalari bilan tanishadilar.

Qoraqalpogʻistonning barcha tumanlarida hunarmandchilik yaxshi rivoj topgan boʻlsada, Muynoq hunarmandchilik maktabi alohida diqqatga loyiq. Bu xalqning asosiy mashgʻuloti baliqchilik boʻlganligi bois oʻz amaliy sanʼatida ham buni yaqqol namoyon etgan. Shuningdek, zargarchilik hunari ham boshqa tumanlarga nisbatan yaxshi rivoj topgan boʻlib, Moʻynoqda 18 zargar yashaganligi va bularning orasida uchtasi avloddan avlodga meros qolib kelayotgan zargarlar oilasidan iborat ekanligi ahamiyatli. Fikrimizni muzeyimiz zalini bezab turgan bebaho eksponat — “saukele” dalillaydi.

Mashhur etnograf olim Agʻambay Allamuratovning “Mangu meros” kitobida bebaho durdona boʻlgan “koʻk koʻylak”lardan biri Moʻynoq tumanidan olingan boʻlib, “Upelek” laqabli chevar tikkanligi haqidagi maʼlumot uchraydi.

Muzeydagi bir qancha gilamchilik mahsulotlari ham shu tumanga xos boʻlib, ular I.Savitskiyni juda hayratga solgan. Koʻrgazmada Moʻynoq tumanidan yigʻilgan 43 eksponat tomoshabinlar nazariga havola etildi.

Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.