18 +  RSS  E-mail
13:01, 01 04 2019

Sogʻliqni saqlash vazirligi aholini qulay va zavqli velosayrga chorladi


Sogʻliqni saqlash vazirligi sogʻlom turmush tarzi targʻiboti borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, joriy yil 9 martda Yurish kuni, 16 martda Yurish boʻyicha marafon kuni hamda 23 mart kuni mamlakatimizda “Salomatlik sari qadam” kuni oʻtkazildi. Ushbu ommaviy tadbirlar aholida sogʻlom turmush tarziga boʻlgan qiziqishini oshirib, jismoniy faol boʻlishga harakat qilishayotgani quvonarli.

Shundan kelib chiqqan holda, avval xabar qilganimizdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida joriy yilning 30 mart kuni, haftaning navbatdagi shanbasida yurtimizda “Velosipedda sayr kuni” oʻtkazildi.

Maʼlumki, inson organizmida katta zaxiralar mavjud. Ammo ularning mukammal ishlashi uchun sogʻlom turmush tarziga amal qilish va muntazam jismoniy faollik juda muhimdir. Velosipedda sayr qilish ham jismoniy faollikning yana bir qulay va zavqli turi hisoblanadi. Shuning uchun ham velosipedda sayr qilish dunyo aholisi orasida keng tarqalgan. Velosiped sayrining inson organizmiga foydali tomonlariga toʻxtaladigan boʻlsak, avvalo, tana aʼzolarini “uygʻotib”, mushaklarni faollashtiradi. Pedallarni aylantirishdagi ritmik harakatlar son, tos, boldir va umurtqa pogʻonasini mustahkamlaydi. Velosiped sayridan zavq olish uchun kam tezlikda, moʻʼtadil harakat qilish lozim.

— Velosipedda sayr qilish yurak-qon tomir tizimini mustahakamlaydi, yurakning jismoniy zoʻriqishlarga chidamliligini oshiradi. Qon aylanishi va modda almashinuvining yaxshilanishiga olib keladi, — deydi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elʼmira Basitxonova. — Shu bois, doimiy velosipedda sayr qilish koʻpgina kasalliklar, jumladan, yurakning ishemik xastaligi, infarkt va insul’tdan saqlanishga yordam beradi. Nafas olish ritmini rivojlantirishda ham velosayr muhim oʻrin tutadi. Tez va faol nafas olish hisobiga qonning kislorod bilan toʻyinishi oshadi, oʻpkada havo almashinuvini taʼminlovchi metabolik jarayonlar yaxshilanadi.

Mutaxassislarning maʼlumotiga koʻra, tizimli harakatlar yogʻlarning erishiga, ortiqcha suyuqlikdan qutulib, ortiqcha vazndan xalos boʻlishga yordam beradi. Shuningdek, sogʻlom ozish jarayonida ham velosayrning ahamiyati beqiyos. Eʼtiborli jihati, velosayr baxt gormonlari miqdorini oshirishning ham qulay yoʻlidir. Bundan tashqari, velosayr uyquni yaxshilaydi, miya ishini faollashtirib, fikrlash qobiliyatini kuchaytiradi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan ommaviy velosiped sayrida Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparati, ixtisoslashtirilgan markazlar va klinikalar shifokorlari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari hamda kollej oʻqituvchi va talabalari, DSENM, statsionar va ambulator-poliklinika muassasalar xodimlari faol ishtirok etishdi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.