18 +  RSS  E-mail
11:01, 28 03 2019

Yangi tashabbus va takliflar qoʻllab-quvvatlanadi


Xalq bilan muloqotda uning dardu tashvishlari, muammolarini hal etish yoʻllari belgilab olinishi ahamiyatlidir. Mutasaddi rahbarlar bilan joylarda tashkil etilayotgan uchrashuvlar shu jihatlarni oʻzida qamrab olgan. Karmana tumanidagi 9-umumiy oʻrta taʼlim maktabida viloyat hokimi Qobul Tursunov bilan sayyor qabul oʻtkazildi.

Unda Karmana tuman hokimi Faxriddin Umarov, viloyat prokurori Shohruh Aminov, IIB boshligʻi Rustam Tursunov, Xalq qabulxonasi mudiri Fayzulla Quvondiqov va tegishli tashkilotlar vakillari hamda Hazora qishlogʻi aholisi ishtirok etdi. Uchrashuvda viloyat hokimi oʻtgan yili «Obod qishloq» dasturi doirasida hududda 45 milliard soʻm mablagʻ evaziga amalga oshirilgan bunday bunyodkorlik natijasida qishloqning koʻrkam qiyofa kasb etganini alohida taʼkidladi. Aholining ana shu koʻrkamlikka hissa qoʻshib, oʻz xonadoni, tomorqasi obodligiga eʼtibor qaratishi, bu ham farovonlikka xizmat qilishi xususida soʻz yuritildi.

Shundan soʻng aholi vakillari oʻzlarining ichki yoʻllarni taʼmirlash, tadbirkorlikni boshlash, yer ajratish, kredit va boshqa masalalar boʻyicha muammo hamda takliflarini bildirishdi. Har bir murojaat joyida oʻrganilib, uning hal etilishi doirasida mutasaddilarga topshiriq berildi. Jumladan, hazoralik Qayum Safarov yangi sartaroshxona qurish uchun yer ajratilishi hamda kredit olishda amaliy yordam berishni soʻrab murojaat qildi. Sayyor qabulda yoshlarning masalalari hal etilishi boʻyicha ham tegishli koʻrsatmalar berildi.

— Yurtimizda tadbirkorlarga katta imkoniyatlar yaratib berilgan, — deydi «Pahlavon» mahallasida yashovchi M. Quliyev. — Men ham ishbilarmonlik bilan shugʻullanishni maqsad qilgandim. Bugungi qabulda vanna ishlab chiqarish tsexi qurishga yer maydoni ajratilishini soʻrab, murojaat qildim. Menga avvalo, bu faoliyat boʻyicha talab va taklifni toʻliq oʻrganib chiqishim, mutaxassislarning biznes loyihamni tuzishda yordam berishi haqida aytildi. Bu menga kuch bagʻishladi. Kelajakda masʼuliyatni his qilgan holda tadbirkorlikni boshlashni niyat qildim.

Qabulda «Deggaron» mahallasidan Shayxi hoji Mardonovning qishloqda yashab oʻtgan avliyo, yetuk pirlardan biri boʻlgan Mavlono Orif Deggaroniy ziyoratgohini yanada obod qilib, uni mamlakatimizning sayyohlik xaritasiga kiritish haqidagi taklifi hokim tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi. Tadbirda maktab oʻqituvchisi D. Latipova taʼlim dargohida yoshlarga tariximiz, aziz ajdodlarimiz, allomalarimizning dunyo ilm-fani va dinimizda tutgan oʻrni haqida chuqur bilim berilayotgani haqida gapirdi. Maktabning 9-sinf oʻquvchisi Dilnoza Mansurovaning tuman hokimi tashabbusi bilan oʻtkazilgan Karmana tarixi bilimdonlari tanlovida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgani eʼtirof etildi. Tadbir soʻngida ishtirokchilarga viloyat hokimi tomonidan tumanning uzoq va yaqin oʻtmishi sahifalari aks etgan «Karmana tarixi» kitobi sovgʻa qilindi.

Zulfiya BOBOYEVA,

«Doʻstlik bayrogʻi» muxbiri.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.