18 +  RSS  E-mail
13:49, 26 03 2019

“Navroʻz sadolari” gʻoliblari aniqlandi


Qarshi shahar 1-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida “Navroʻz sadolari” V xalqaro xalq cholgʻulari orkestrlari va koʻp ovozli ansambllarning musiqa koʻrik-festivali viloyat saralash bosqichi boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, “Navroʻz sadolari” xalqaro koʻrik-festivali bir necha yildan buyon musiqa va sanʼat maktablari, ixtisoslashtirilgan musiqa maktab-internatlari, sanʼat kollejlarining milliy cholgʻular orkestr va ansambllari oʻrtasida tashkil etib kelinayapti. Undan koʻzlangan asosiy maqsad bolalar musiqa sanʼatiga oid taʼlimni yanada takomillashtirish, tahlil etish, nomoddiy madaniy merosni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, uning mazmun-mohiyatini targʻib etish, bolalar ijodiyotiga oid xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iboratdir.

Festivalning bu yilgi Qashqadaryo viloyat saralash bosqichi ham ishtirokchilarning bir-biridan chiroyli chiqishlari, mahorat va iqtidorlarning oʻzaro bellashuviga aylanib ketdi.

Tanlov davomida jami 20 nafar orkestr va ansambllar ijrolari eshitildi. Ularning chiqishlarini baholashda mahorat, musiqani teran anglab, tinglovchiga yetkazish salohiyati kabi jihatlarga eʼtibor qaratildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Kitob tumani 10-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi orkestr jamoasi hamda Yakkabogʻ tumani 18-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi ansambl jamoasi viloyat bosqichida birinchi oʻringa munosib topilib, koʻrik-festivalning respublika bosqichi yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Jahongir BOYMURODOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.