18 +  RSS  E-mail
15:35, 25 03 2019

Ayolning makridan saqlasin yoxud pora predmeti davlat foydasiga


Sudda ishi koʻrilgan ayol — G.X.  aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini qoʻlga kiritish hamda pora berishga dalolat qilish jinoyatini sodir etgan.

G.X.  bir kuni G.O. bilan tanishdi. Tasodifan emas, balki ovsini  S.J. orqali yaqin boʻlib qoldi.

G.X.ning aytishicha, tumandagi tilla taqinchoqlar sotiladigan doʻkonida viloyat davlat soliq boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tekshirishda hujjatlashtirilgan 95,5 million soʻmlik 256 dona qimmatbaho taqinchoqlari olib ketilganligidan juda gʻamgin edi. U oʻzaro suhbat jarayonida tushkunligining sabablarini shunday ifodaladi.

Gapga chechan va shaddod G.X. mushkul ahvolda qolgan ayolga beminnat yordam qoʻlini choʻzishni oʻzining “insoniylik burchi” deb bildi.

— Siz  qisinmang, albatta tilla taqinchoqlaringizni  davlat foydasiga oʻtkazmasdan oʻzim olib berishga harakat qilaman. Chunki markazda katta-katta idoralarda oʻtirgan tanishlarim bor, -dedi G.X.

Ammo, ayni paytda Q.T.ga tegishli MChJda saqlanayotgan tilla taqinchoqlarni olishning imkoni yoʻq edi…

G.O. tilla taqinchoqlarini qaytarib olish uchun ayolga pora berishi zarur boʻldi. U boʻlib-boʻlib  15000 AQSh dollarini qoʻshqoʻllab G.X.ga tutqazdi. Garchi bitmaydigan boʻlsa ham katta  vaʼdalarni bergan G.X. pullarni oʻzining ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi.

G.O. xoʻp va juda koʻp kutdi. Vaʼda bergan tanishining uyiga borishdan charchamadi. G.X. “ishni” tezda hal boʻlishiga ishontirib ularni kuttiraverdi, kuttiraverdi…

Ammo. Kunlarning birida G.X. olgan pullaridan tondi! Mana sizga oʻzganing haqqidan qoʻrqmaslik!

— Men sendan bir soʻm ham pul olmadim, qayga borsang boraver, — dedi G.X.

G.O. ikki oʻt ichida qoldi. Endi nima qiladi?  Birdan esiga huquq-tartibot idoralariga murojaat qilish fikri tushdi. Darhol G.X.ning firibgarligi haqida ariza berdi.

Shu yuzadan  boʻlib oʻtgan sud majlisida G.X.ga toʻrt million soʻmdan ziyod jarima jazosi, 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek sudlanuvchi G.X.dan pora predmeti boʻlgan 15000 AQSh dollarining soʻmga nisbatan qiymati 32,1 million soʻmdan ziyod pul mablagʻi davlat foydasiga undirish belgilandi.

Oydin NURIYEVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.