18 +  RSS  E-mail
15:34, 25 03 2019

Ayol dardin koʻtarolmay kul boʻlgan daraxt


Rivoyat qilishlaricha bir ayol dardini ichiga sigʻdirolmabdi. Birovga ham aytolmabdi. Oʻylab-oʻylab qirning bir chekkasidagi yolgʻiz oʻsgan daraxtga aytadigan boʻlibdi.

Oradan bir yil oʻtibdi. Ayolning dardiga chiday olmagan daraxt quriy boshlabdi. U esa hamon unga dardini aytishni kanda qilmas ekan.

Kunlarning birida ayol borib navbatdagi hasratini aytayotganda daraxtdan oʻt chiqib, yonib ketibdi. Ayolning dardini daraxt ham koʻtarolmabdi…

Yetimlikning achchiq nonini yeb, voyaga yetdim. Odamlarning gap-soʻzlaridan qochib, onajonim aytgan yigitga turmushga chiqdim. Ammo qaynonam judayam qattiqqoʻl, injiq ayol edi. U yerda sochim supurgi, qoʻlim kosov boʻldi. Oʻtidan kirib kulidan chiqardimu, ammo qaynonamga yoqmasdim. Aybim — kambagʻalligim edi.

— Oʻla qolsin, kelin boʻlmay… Menga yoqaman deb urinmasin. Baribir aybi borda. Shuning uchun boʻynini egib yuradi. Qurumsoq onasi bir tuzukroq, koʻzga koʻrinadigan narsa ham qilmabdi yashshamagurning! — deya oʻgʻliga mendan shikoyat qiladi qaynonam.

Turmush oʻrtogʻim boʻlsa boshini egganicha onasining gaplarini jimgina tinglab oʻtiradi. Goʻyoki menga uylaganiga aybdorday.

Mendan juda koʻp alamu sitamlar oʻtdi. Ammo birovga churq etib ogʻiz ochmadim. Ovsinimga aytsam, u ilonday qoʻynimga kirib, sirlarimni bilib olgach, ertasi kuniyoq qaynonamga yetkazishini bilardim. Qoʻshnilarga aytib, biroz koʻnglimni yorishtiray desam, ular ham sir saqlashni bilishmaydi. Shuning uchun hovlimiz chekkasidagi jannat mevasi boʻlmish — xurmoga dardimni aytib biroz yengil tortaman. Goʻyoki u jimgina meni tinglaydi. Men yigʻlasam u ham tebranib qoʻyadi. Faqatgina tilsiz xolos. Shuning uchun uni koʻproq parvarishlayman. Gohida uning yonida koʻproq qolib ketaman. Shunday damda qaynonam meni qargʻanib chaqirib qoladi. Oldilariga borsam, meni jinniga chiqaradi. Indamayman. Bunisiga ham chiday olmaydi. “Soqov” deya masxara qiladi. Qaynonamning gaplariga ovsinlarim sharaqlab kulishadi. Ortimdan “indamas, pismiq” deya piching qilishadi.

Aslida men hech kimga yomonlikni ravo koʻrmayman. Birovning dilini ogʻritishni ham istamayman. Chunki onajonim nuqul “tilin tiygan yetar murodga” deya taʼkidlayverardi. Shu gaplari qulogʻimga quyilib qolgan.

Ovqatlanish mahali barchamiz bitta dasturxon atrofiga yigʻilishamiz. Qaynonam meni oʻzlari bilan birga oʻtirishimni istamaydi. Shuning uchun to ovqatlanib boʻlgunlaricha ish buyuraveradi, ish buyuraveradi. Ataylab shunday qiladi. Men bunga ham koʻnikdim. Borib dardlarimni onamga aytay deymanu yana istihola qilaman. Onamning siqilganlari, gʻam-tashvish chekkanlari esimga tushaveradi. Orada farzandlarim tugʻildi. Ular bilan koʻproq ovora boʻldim.

Bir kuni endigina yettiga kirgan oʻgʻlimga qaynonam hoʻkizni haydab, boqib kelishni buyuribdi. Oʻgʻlim qoʻrqqanidan rozi boʻlibdi. Ammo yarim yoʻlda hoʻkiz uni shoxlab, shoxi bilan koʻtarib otib yuboribdi. Koʻchadagi bolakaylar shovqin-suron solishib, bu shum xabarni menga yetkazishdi. “Bolam!” deya oyoq yalang uning yoniga yugurdim. Bolam bechoraning boshidan qon sizib chiqardi. Oʻzi esa allaqachon jon taslim qilibdi. Yigʻlaganimcha oʻgʻlimning oʻligini koʻtarib keldim. Shunda ham qaynonamga bir ogʻiz soʻz aytolmadim. Borib xurmo daraxtini quchib yigʻladim.

Oradan bir yil oʻtgach, qaynonam “sholchamni yuvib ber”, deya qizimni kanal boʻyiga yuboribdi. Qizim bechora uni yuvaman, yaxshilab chayqayman deb kanal chetidan suvga shaloplab tushib ketibdi. Suzishni bilmagani uchun suvdan chiqolmabdi.

Uni ham olib borib oʻgʻlimning yoniga qoʻyib keldik. Yana xurmo daraxtiga borib, hasratlarimni aytib yigʻladim. Ertasi kuni xurmo daraxti quriy boshladi. Koʻzlarimga ishonmadim. Ha, uning ikkita novdasi oʻz-oʻzidan quridi. Menimcha u dardimni koʻtarolmadi.

Xonbibi HIMMAT qizi

“Ona mehri”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.