18 +  RSS  E-mail
8:27, 21 03 2019

Navroʻz nega bayram qilinadi?


Beruniy shunday yozadi: “Navroʻz oʻtmish zamonlarda quyoshning saraton burjiga kirish paytiga toʻgʻri kelar edi. Soʻngra u orqaga surilgach, bahorda keladigan boʻldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, yaʼni bahor yomgʻirining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilguncha, hayvonlarda uygʻonish mavsumi boshlanishidan to nasl vujudga kelgunicha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navroʻz olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan».

* * *

Navroʻzning paydo boʻlishi haqida koʻplab afsonalar boʻlib, zardushtiylikda ezgulik xudosi Ahuramazda bahor va yozda, yovuzlik xudosi Ahriman kuz va qishda hukmronlik qiladi, deb ishonilgan. Bahorning birinchi kuni ezgulik xudosi yovuzlik xudosi ustidan gʻalaba qilgan sana, deb bayram qilingan. Bu aynan Navroʻz kuniga toʻgʻri kelgan.

* * *

Firdavsiy “Shohnoma”da Navroʻzning paydo boʻlishini shoh Jamshid nomi bilan bogʻlaydi. Jamshid odamlarga yaxshilik qilish maqsadida ularni kasbga oʻrgatadi, temirni eritib qurol yasatadi, ip yigirtirib, kiyim toʻqitadi, hammom, uy, saroylar bunyod qildiradi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasatadi, bogʻ barpo qildiradi. Nihoyat, ishlari meva bergan kunda oʻziga taxt yasatib, unda osongina koʻtariladi. Bu “Shohnoma”da quyidagicha taʼriflanadi:

Taxt koʻkda charx urar misoli quyosh,

Farmondor oʻtirar, Kunda irgʻab bosh.

Barcha jam, odamlar qarar taxtiga,

Jahon qoyil boʻlib shukuh-baxtiga.

Jamshidga sochishar oltinu gavhar,

Shu kunni yangi yil — bayram deyishar.

Yil boshi Xurmuzu edi farvardin,

Dilda na gʻam qoldi, na adovat-kin.

Ulugʻlar shodlik-la bazm qurdilar,

Yuzlarin cholgʻuga, moyga burdilar.

* * *

X asrda yashagan Abu Bakr an-Narshaxiy “Buxoro tarixi” asarida buxoroliklarning koʻhna udumlari haqida hikoya qilarkan, shunday yozadi: “Siyovush bu yerda (yaʼni Buxoroda) oʻzidan bir yodgorlik qoldirishni istadi. Shunday qilib, u Buxoro hisorini bino qildi va koʻproq vaqt oʻsha joyda turar edi. Kimlardir u bilan Afrosiyob oʻrtasida gap yurgizdi va natijada Afrosiyob uni oʻldirdi hamda shu hisorda, sharqiy darvozadan kiraverishdagi “Darvozai Qoʻriyon” deb ataluvchi somonfurushlar darvozasining ichkarisiga dafn etdilar. Shu sababli Buxoro otashparastlari oʻsha joyni aziz tutadilar va unga atab har yili Navroʻz kuni quyosh chiqishidan oldin oʻsha joyda bittadan xoʻroz soʻyadilar”.

* * *

Qadimgi Xitoy muarrixi Vey Sze samarqandliklarning Navroʻzi haqida shunday yozgan: “Oʻsha kuni podshoh ham, xalq ham yangi liboslarini kiyadilar, soch-soqollarini oldiradilar. Shaharning kunchiqar tarafidagi daraxtzor yonidagi maydonda toʻplanishib, bayram qiladilar. Yetti kun mobaynida mohir tirandozlar ot choptirib, kamondan nishonga oʻq otish bahsida qatnashadilar. Yettinchi kun nishon oʻrnida oltin tanga qoʻyiladi va uni bexato urgan mergan bir kun shohlik qilish huquqini qoʻlga kiritadi».

* * *

Manbalarga koʻra, Navroʻz bayramini oʻtkazish ahamoniylar davridan anʼanaga aylanib qolgan va Oʻrta Osiyo, Eron, Afgʻoniston xalqlarida eng katta bayram hisoblangan. Umar Xayyom “Navroʻznoma” kitobida yozishicha, Navroʻz bayramini oʻtkazishning shohlar uchun maxsus tartib-qoidasi boʻlgan. Uy-joylarni tozalash, koʻkat va gullar bilan bezash, ota-ona, yaqin kishilar bilan diydorlashib kelish, marhumlar qabrlarini ziyorat qilish kabilar oddiy xalq orasida ham odat tusiga kirgan.

* * *

Navroʻzning qachon va qanday vujudga kelganini aniq koʻrsatish qiyin. Shunisi aniqki, Navroʻz koinot va tabiat qonuniyatlari, yaʼni quyoshning hamal burjiga kirishi, kecha va kunduzning uzaya boshlashi, tabiatda jonlanish yuz berishi, bahorning kelishi bilan bogʻliq tarzda ilmiy asoslanib belgilangan. Bu esa har qanday joyda “yil boshi” (qachon kelishidan qatʼi nazar) Navroʻzni tabiat bayrami sifatida nishonlash uchun asos boʻlgan.

* * *

Musiqada Navroʻz atamasi oʻn ikki maqom tizimidagi ovozlardan birini anglatib, bir necha shoʻba nomining tarkibiy qismi sanaladi. Masalan, oʻn ikki maqom tizimida Navroʻzi ajam, Navroʻzi apab, Navroʻzi  bayotiy, Navroʻzi xoro, Navroʻzi Sabo kabi shoʻbalar boʻlgan. Shashmaqomning nasr deb ataladigan shoʻbalari qatorida Navroʻzi Sabo, Navroʻzi ajam va Navroʻzi xoro uchraydi.

Oʻzbekiston hududida navroʻz nomli gullar ham uchraydi.

* * *

Xitoydan to Bolqonga qadar choʻzilgan mintaqada muayyan xalqlar, xususan, Eron, Afgʻoniston, Iroq, Suriya, Ozarbayjon, Bahrayn, Livan, Pokiston, Hindiston, Oʻrta Osiyo mamlakatlari, Turkiya, Albaniya va boshqa yerdagi fors va turkiy millatlar bahorgi tengkunlikni bir necha ming yildan beri tantana bilan kutib oladi.

Qozoqlar bayram arafasida birinchi boʻlib uchib keladigan qushni “navroʻzkoʻk”, dastlab ochiladigan gulni “navroʻzchechak” deb nomlashgan. Qadimda qozoqlarda Navroʻz tantanalari 3-9 kunlab davom etgan. Hozir ham bayram kunlari “Olti baqan”, “qiz quu” musobaqalari oʻtkazib kelinadi.

Turkmanlar Navroʻzni tabiat qoʻynida, xushmanzara goʻshalarda, qir-adirlarda nishonlab kelgan. Momolar tayyorlagan semeni — sumalak, dogʻrama, pishme, palov singari taomlar bayram dasturxonini bezagan. Ot chopqi, yaʼni koʻpkari, kurash musobaqalari tashkil etilgan. Kattayu kichik “Qush tepdi” raqsiga tushib, xursandchilik qilgan. Daraxt shoxlariga osilgan halinchaklar xotirjamlik, farovonlik, baxt-saodat timsoli hisoblanadi.

Ozarbayjonlarda bayram taraddudi, u bilan bogʻliq tadbirlar ancha erta boshlanib, qish chillasi chiqishi bilan “Xizr Nabi” marosimi oʻtkaziladi. Navroʻzga bir oy qolganda, haftaning har chorshanba kuni gulxan yoqib, uning atrofida oʻyin-kulgi qilingan. Shu tariqa har bir kishining dard-alamlari, tashvishlari shu olovda yonib kul boʻlishiga ishonilgan. Bayram kunlari xalq qiziqchilari – “kal” va “koʻsa”lar yelkalariga xurjun osib, tomoshalar koʻrsatishgan. Oshiqlar, yaʼni ozar baxshilari davrada chordana qurib, xalq dostonlarini sozga solishadi.

Umuman olganda, yasharish va yangilanish, mehr-oqibat ayyomi, boqiy bayram — Navroʻz qachon va qayerda boʻlsin, mohiyatan faqat va faqat ezgulikka xizmat qiladi.

N.XOʻJAYEV tayyorladi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.