18 +  RSS  E-mail
8:44, 21 03 2019

Mazlumning duosidan ehtiyot boʻling


Chorrahalardan birida kichik yuk mashinasi va yengil mashina toʻqnashib ketdi. Yuk mashina haydovchisi sudanlik, yengil mashina egasi saudiyalik boʻlib, toʻqnashuv natijasida ikkala mashinaga ham aytarli darajada zarar yetmagandi.

Saudiyalik jahl bilan mashinasidan tushib, toʻqnashuv toʻliq oʻzining xatosi natijasida boʻlganiga qaramay sudanlikni soʻkib, haqoratlab, laʼnatlab, oldiga bordi-da, yuziga tarsaki tortib yubordi. Zarbaning kuchliligidan sudanlik haydovchining koʻzi chiqib ketishiga bir bahya qoldi. Lekin u «Senga Alloh kifoya qilsin. Ishimni unga topshirdim. Men sening haqqingda xato qilgan boʻlsam, Allohning oʻzi meni hisob-kitob qilsin. Agar menga zulm qilgan boʻlsang, Alloh sendan kechiktirmasdan, tezlik bilan oʻch olsin», deya oldi xolos…

Sudanlik kishi voqeaning davomini hikoya qiladi:

«U yerdan ketdim. Ichimda bir olov yonar, qayta-qayta “Hasbiyalloh, hasbiyalloh (menga Alloh kifoya)” deb aytardim.

Bir necha kun oʻtgach mol bozoriga borib, mashinamni bir chetga qoʻydim. Shu payt bir kishi kelib, “Ikkita qoʻyim bor. Anavi koʻchadagi oshxonaga olib borib bermaysanmi?”, deb soʻrab qoldi. Men rozi boʻldim. Qoʻylarni mashinaga yukladik, u oʻzining mashinasi bilan oldinga oʻtib, yoʻl koʻrsatib bordi.

Manzilga yetgach, qoʻlimni ushladi-da, “Meni tanidingmi?”, dedi. “Yoʻq”, dedim. U: “Men sen bilan mashinada toʻqnashib ketgan, yuzingga urgan kishiman”, dedi. Men yana oʻsha kungidek “U ishni huzurida haqlar zoye boʻlmaydigan Zotga (Allohga) topshirganman”, deb javob berdim.

Shu vaqt uning koʻzlariga yosh keldi: “Qaniydi oʻshanda mening ustimdan politsiya yoki sudga arz qilganingda… Yoki meni urib qasosingni olganingda… Sen ishingni topshirgan Zot oʻsha voqeaning ertasigayoq mendan qasos oldi: xuddi shu mashinada avtohalokatga uchradim, ikki farzandim, oʻgʻlim va qizim halok boʻldi. Allohga qasamki, men koʻchalarni kezib, kechirim soʻrash, roziligingni olish uchun oʻn besh kundan beri seni qidiraman. Menga kelgan musibatga sabr qildim, buni qilgan zulmim uchun dunyoda berilgan jazo deb bildim. Lekin aniq ishondimki, oxiratdagi hisob-kitobdan qochib qutulib boʻlmas ekan. Mana men oldingdaman. Sendan faqat bir narsani soʻrayman: mendan qasosingni ol, xohlagan ishingni qil, lekin meni kechir!”

Uning holatini, yigʻlayotganini koʻrib rahmim keldi. Unga: “Kechirimli kishi hurmatga sazovordir. Alloh seni kechirsin, gunohlaringni magʻfirat qilsin”, dedim.

U ketdi. Oldimdan uzoqlashar ekan, qayta-qayta “Allohga qasamki, bundan keyin hech qaysi musulmonga zulm qilmayman! Allohga qasamki, bundan keyin hech qaysi musulmonga zulm qilmayman!”, deb aytardi…

Mazlumning duosidan ehtiyot boʻling. Odamlarga ozor berib, “Tabiatan shunday odamman”, deb oʻzingizni oqlamang.

Jim turgan har qanday kishi javob qaytarishdan ojiz emas. Shunday kishilar boʻladiki, qalbi ogʻriyotganligi, agar gapirsa, bu ogʻriq yanada kuchayib ketishi tufayli jim turadi. Shundaylar boʻladiki, gapirgan gapi foyda bermasligini bilgani uchun ham sukut saqlaydi. Yana shunday odamlar boʻladiki, boshqalarga zarar berib qoʻymaslik uchun gʻazablangan vaqtida sukut saqlaydi.

Muxtabar XASANOVA.

“Ona mehri”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.