18 +  RSS  E-mail
11:45, 19 03 2019

Ijtimoiy illatlardan saqlanish — yoshlarning burchidir


Milliy kadriyatlarimiz yoshlarni barcha yomonliklardan saqlanadigan, yaxshi amallarni qilishga ragʻbat qiladigan, vijdonli, oʻta sezgir, irodasi mahkam, aqli sogʻlom, xulqi chiroyli, jismi baquvvat, jamiyatga naf keltiruvchi, oilasi, mahallasi, Vatanini himoya qiluvchi, yurtni obod qiluvchi bunyodkor, oʻziga yuklatilgan masʼuliyatni mukammal ado etuvchi shaxs boʻlib kamol topishga daʼvat etadi.

Ammo ijtimoiy hayotda qator illatlar mavjudki, ular insonni oilasi, jamiyat va davlat oliddagi burchi va masʼuliyatidan uzoqlashtirib qoʻyadi. Ularning ayrimlari ustida toʻxtalib oʻtish joiz sanaladi.

Ijtimoiy illatlar:

— ommaviy madaniyatga ergashish, bilimsizlik, axloqsizli, madaniyatsizlik va tartibsizlikni targʻib qilish;

— jinoyatchilik yoʻliga kirish;

— kashandalik;

— oʻzi joniga qasd qilish

— giyohvandlik;

— ahloqsizlik;

— spirtli ichimliklarga ruju qoʻyish;

— jamoat joyida kiyinish madaniyatini buzgan holda yurish, milliy va diniy qadriyatlarga nisbatan hurmatsizlik;

— kattalarga hurmatsizlik.

“Ommaviy madaniyat” deganda axloqiy buzuqlik va zoʻravonlik, egotsentrizm gʻoyalarini tarqatish, shuning hisobidan boylik ortirish, boshqa xalqlarning anʼana va qadriyatlari, turmush tarzining maʼnaviy negiziga bepisandlik bilan qarash, ularni qoʻporib tashlashga yoʻnaltirilgan tahdidlar nazarda tutiladi.

“Ommaviy madaniyat” axloqsizlikni madaniyat deb bilish va aksincha, asl maʼnaviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarashni targʻib qiladi. 

Giyohvandlik — vaqtincha eyforik kayfiyat (vaqtichogʻlik) paydo etib oʻz domiga botqoqqa tortganday tortib ketguvchi salbiy illat boʻlib, u insonda tabiiy va sintetik moddalarga patalogik moyil boʻlib qolishni anglatadi. U giyohvand vositalarini notibbiy ravishda isteʼmol qilish natijasida yuzaga keladigan xastalikdir.

Koʻp giyohvandlarda narkotik moddaning birinchi isteʼmolidan boshlab, 2-3 haftada moyillik paydo boʻladi, ammo hozir shunday sintetik narkotiklar borki, ular ikkinchi inʼektsiya olinganidan soʻng moyillikka olib keladi. Hamma narkotiklar giyohvand shaxsning ruhiy holatini oʻzgartirib yuboradi.

Hamma giyohvandlarda ichki aʼzolar xastaliklari rivojlanadi. Bemorlar yoshiga nisbatan katta koʻrinadilar, terilari serajin, sargʻimtir yoki kulrang tusga kiradi. Sochlari va tishlari toʻkiladi.

Giyohvandlik vositalarini uzoq vaqt isteʼmol qilganda shaxs borgan sari inqirozga uchraydi,  atrofdagilarga hamda yaqinlariga befarq boʻlib qoladi, aql-idroki pasayadi. Bunday insonlar yaxshi xulq va odatlarini yoʻqotadi, tez-tez xavfli harakatlar sodir etadi. Giyohvandlar narkotik modda dozasini yuqori qilib yuborganida, abstinent (xumor) holatida esa – yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etadilar.

Kashandalik — chekuvchi yonida turish natijasida 200 mingdan 1 milliongacha boʻlgan bolalarda astma kasalligi ogʻir shaklda kechadi.

2005 yilda qilingan hisob kitoblarga koʻra sayyoramizda 40 foizdan koʻp kashanda bor ekan. Ular bir soniyada 300 ming dona, bir yilda esa 12 million sigareta chekishar ekan.

Kashandalar dastidan bir yilda salkam 700 tonna sinil kislota, 400 ming tonna ammiak, 600 ming tonna qoramoy va 100 ming tonna chekilgan sigaretadan atrof-muhitga nikotin tarqalar ekan.

Islom taʼlimoti inson hayoti uchun foyda keltirmaydigan, aql-hushini karaxt qiladigan har qanday kayf beruvchi moddani zararli deb biladi va uni isteʼmol qilishdan qaytaradi. Paygʻambarimiz (s.a.v.) bu haqda marhamat qilib aytganlar: “Paygʻambar (s.a.v.) har qanday mast qiluvchi, badanni boʻshashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni isteʼmol qilishdan qaytardilar”.

Inson hayoti ayniqsa, yoshlarimizning kelajagiga rahna solishi mumkin boʻlgan giyohvandlik va ichkilikbozlikka qarshi kurashish Vatanimizning har bir ongli fuqarosining, qolaversa har birimizning muhim vazifalarimizdan biri boʻlib hisoblanishi lozim. Zero, jamiyat hayotida mavjud boʻlgan zararli illatni yoʻq qilish va uni oldini olish har bir fuqaroning sharafli burchidir.

Tatuirovka — teri ostiga rang yuborib turli xil shakl va naqshlar chizish. Tatuirovka qildirish avvallari mahbuslarga xos odat edi. Aslida u turli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqarishi, ommaviy madaniyatni tarqatuvchilarga oydek ravshan.

Xatarli ijtimoiy illatlardan yana biri bu oʻz joniga qasd qilishlik.

Islomda oʻzini oʻldirish qatʼiyan man etilgan: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni  oʻrtada nohaq (yoʻllar) bilan yemangiz! Oʻzaro rozilik asosidagi tijorat boʻlsa, u bundan mustasno. Shuningdek, oʻzlaringizni (bir-biringizni) oʻldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shavqatlidir” (“Niso” surasi, 29-oyat). Ulamolar  “oʻzlaringizni oʻldirmangiz” jumlasini musulmonlar uchun bir-birlarini, shuningdek oʻz-oʻzini oʻldirishni taʼqiq sifatida tafsir qiladilar.

Koʻplab hadislarda ham inson oʻzini-oʻzi oʻldirishi man etilgani taʼkidlanadi, masalan: “Sobit ibn az-Zahhok rivoyat qiladilar: “Rasululloh (s.a.v.) bunday dedilar: “… Kimki biror qurol bilan oʻzini oʻldirsa, jahannamda oʻsha qurol bilan unga azob beriladi. Moʻʼminni laʼnatlash uni oʻldirish bilan barobardir.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kim togʻdan oʻzini tashlab oʻlsa, bas u jahannam olovidadir. Unda abadul-abad oʻzini tashlaydi. Kim zahar ichib oʻzini oʻldirsa, bas, zahari qoʻlida boʻlib, abadul-abad jahannam olovida uni ichadi. Kim oʻzini oʻtkir narsa bilan oʻldirsa, jahannamda abadul-abad oʻsha oʻtkir narsasi qoʻlida boʻlib, u bilan oʻz qornini teshadi” (Imom Buxoriy, Muslim va Termiziy, rivoyati).

Tashvishli tahdidlardan biri odam savdosidir. Inson tirik mavjudotlar orasida aql-idrok berilgan ongli mavjudot boʻlib, u oʻtgan zamonlarda ham ozod va erkin yashashga harakat qilgan. Uni erkidan mahrum qilishga hech kimning haqqi yoʻqligi dunyo hamjamiyati tomonidan tasdiqlangan qonunlarda ham belgilab qoʻyilgan. Biroq, bugungi kunda dunyo boʻylab odam savdosiday oʻta xavfli illatning keng tarqalishi inson shaxsi, shaʼni, qadr-qimmati, shaxsiy huquq va erkinliklariga jiddiy tahdid tugʻdirmoqda. Keyingi yillarda odam savdosi tufayli yuzaga kelayotgan global xavf qanchalik ortib borayotgan boʻlsa, bu jinoyatga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻlami ham shunchalik kengaymoqda. Mamlakatimizning oʻzida tirikchilik qilish imkoniyati boʻlaturib, baʼzi yurtdoshlarimizning xorijga olib ketib sotilishi, xoʻrlanishi, qullikka yollanishi na bizga, na millatimizning maʼnaviy qadriyatlariga toʻgʻri kelmaydi. Fikrimizcha, fuqarolarimizning ushbu jinoyat qurboniga aylanishining bir necha sabablari bor:

odamlarimizning soddaligi va ishonuvchanligi;

tez vaqt ichida moddiy muammolarni hal etish ilinji;

yengil ish topish orzusi;

huquqiy bilimlarga ega boʻlmaslik;

ayrim nopok hamyurtlarimizning gʻayriinsoniy va gʻayriqonuniy harakatlari;

jinoyatdan jabrlanganlarning dunyoqarashining torligi, sayozligi.

Internet tarmogʻida yoshlar uchun koʻplab tijoriy, irqiy, milliy, diniy va pornografik mazmundagi tahdidlar mavjud. Frantsuz saytlaridan oʻrin olgan pornografik suratlar soni hozirgi kunda 300 000 tadan koʻproqni tashkil etadi.

Frantsiya Sogʻliqni saqlash vazirligi hisobotiga koʻra, 8 dan 18 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarning 87 foizi internetdan mustaqil foydalanadi. 61 foiz yoshlar uchun internet eng sevimli ermak, 49 foizi uchun televideniyedan, 35 foizi uchun kinodan afzaldir.

Diniy ekstremizm va terrorizm kabi hodisalarning ildizlari uzoq tarixga borib taqalsa-da, ular hech qachon ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyot uchun bugundek tahdid solmagan. Shunday ekan, uning oldini olish va unga qarshi kurashish insoniyatning istiqboliga dahldor masalaga aylandi. Ushbu vazifalarga toʻxtalib, Prezidentimiz I.Karimov “Birinchi galda, terrorchilarni tayyorlaydigan zaminga, gʻoyaga, mafkuraga eʼtibor berish, shularga qarshi kurashish kerak. Bolalarimizning ongini va hayotini buzadigan, ertangi kuniga mutlaqo ishonchini yoʻqotadigan mana shunday gʻoyalarga qarshi biz qurol bilan emas, gʻoya bilan kurashishimiz zarur , deb taʼkidlaydilar.”

Yana bir illat borki, uning natijasida jamiyat parokanda boʻlib, tarbiya butkul izdan chiqishi mumkin. Bu loqaydlikdir.

Loqaydlik — jamiyatdagi bir illat hisoblanadi. Agar bir mevaga chirik tushsa tez orada oʻsha joyi kesib olib tashlamasa, mevani hamma joyini egallaydi. Shuni yaxshi bilishimiz kerakki bugun biz loqayd beparvo boʻladigan boʻlsak, bu illat butun tanamizga yoyiladi, tanamizdan boshqalarga oʻtadi, oxir oqibat biz ham meva singari chirindiga aylanib qolamiz. Bugun yurt tinchligi yoʻlida har bir inson kurashmogʻi kerak. Bizni vazifamiz shu yurtni obod qilish, farzandlarimizga nurli kelajak yaratib berishdir.

Vatan, oila, din, halol mehnat bilan topilgan mol-mulk hamda obroʻ-sharaf inson uchun eng qadrli narsalar hisoblanadi. Shuning uchun ham ularni himoya qilish muqaddas burchdir. Paygʻambarimiz (s.a.v.) hadislarining birida mazkur narsalarni dushmandan himoya qilish chogʻida halok boʻlganlar shahodat martabasini topishlarini aytganlar. Vatan mudofaasidan oʻzini olib qochib, uni dushmanlar bosib olishiga rozi boʻlib qarab turish esa, gunohi kabiralardan ekanini taʼkidlaganlar.

Yosh avlod maʼnaviy olamining daxlsizligini  asrash yoʻllari:

— mustaqil fikrga ega, sogʻlom negizda shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega shaxslarni tarbiyalash;

— yoshlar qalbi va ongida sogʻlom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuygʻusini bolalikdan shakllantirish;

— mafkuraviy tahdidlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor boʻlib yashash;

— sharqona axloq meʼyorlariga rioya qilish;

— tahdidlarga qarshi har tomonlama chuqur oʻylangan, puxta ilmiy asosda tashkil etilgan, muntazam va uzluksiz ravishda olib boriladigan maʼnaviy tarbiya bilan javob berish.

Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, hozirgi globallashuv sharoitida yoshlarni turli maʼnaviy va mafkuraviy tahdidlardan, zararli illarlardan himoyalash, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Buning uchun esa, yoshlarni mafkuraviy jihatdan qurollantirib borish, tahdidlar va tazyiqlar xususida ular xavf tugʻdirmasidan avval maʼlumotga ega boʻlib borishlariga sharoit yaratish hamda doimo ogohlik, daxldorlik tuygʻularini qalblarimizda mujassam etib borishimiz lozim.

Solijon FAYZULLAYEV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Jizzax shahar boʻlinmasi rahbari.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.