18 +  RSS  E-mail
13:06, 18 03 2019

Orif polvon “Pantera” yordamida Chevrolet Lacetti oldi


Jomboy tumanida Samarqand viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi hamkorligida xalqaro uloq-koʻpkari musobaqasi oʻtkazildi.

Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda yurtimizning turli hududlaridan, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Afgʻoniston davlatlaridan chavandozlar, ot sporti federatsiyalari masʼullari ishtirok etdi.

Musobaqada eng epchil, chaqqon chavandoz va polvonlar 60 dan ortiq tuya, toy, tana, 50 ga yaqin televizor, muzlatkich, kir yuvish mashinasi, yana koʻplab gilam va pul mukofotlarini qoʻlga kiritdi. 

Viloyat hokimligi tomonidan qoʻyilgan bosh sovrin – Chevrolet Lacetti avtomobili jizzaxlik polvon Orif Shodiyorovga nasib etdi. U payariqlik Elyor Boymatovning “Panterra” laqabli qorabayir otida ushbu mukofotga sazovor boʻldi.

Avtomashina kalitini chavandozga Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov topshirdi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston va Qozogʻiston chavandozlari oʻrtasida musobaqa oʻtkazilib, unda 3:2 hisobida yurtimiz polvonlari gʻolib boʻldi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.