18 +  RSS  E-mail
13:04, 18 03 2019

Jizzax viloyatida qancha bola maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olingan?


Bugungi kunda Jizzax viloyatida 5-6 yoshdagi 25 ming 600 nafardan ortiq boladan faqat 12 ming nafari maktabgacha taʼlim muassasalari qamrab olingan. Bu statistika tizimda hali amalga oshiriladigan ishlar talaygina ekanini koʻrsatadi.

Lekin shuni ham taʼkidlash joizki, bu borada bor imkoniyatlarni ishga solishga eʼtibor qaratilayotir. Xususan, oʻtgan yil viloyatda 110 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etildi.

Bu haqda xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlik guruhining navbatdagi yigʻilishida maʼlum qilindi. Yigʻilishda dastlab, Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar yuzasidan viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshligʻi birinchi oʻrinbosari M.Tursunmurodov hisoboti tinglandi.

Taʼkidlashicha, bugungi kunda viloyat boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari soni joriy yilda 877 taga koʻpayib, ayni paytda 1 ming 64 tani tashkil etmoqda. Shuningdek, joriy yilda 2 ming 522 yer soligʻi, 2 ming 586 ta mulk soligʻi va 1 ming 414 ta suv resurslaridan foydalanayotgan korxonalar soliq organlarida hisobga olingan.

Maʼlumotlariga koʻra, viloyatda soliq turlari boʻyicha 2019 yil uchun hisoblangan jami soliq summasi 47,2 milliard soʻmni tashkil etgan.

Soliq xodimlari tomonidan yangi soliq tizimining tartib-qoidalari va hisob-kitoblari yuzasidan tadbirkorlarga muntazam tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ayniqsa, faoliyatini toʻxtatib qoʻygan tadbirkorlar bilan profilaktik uchrashuvlar oʻtkazilib, ularga amaliy yordamlar koʻrsatilmoqda.

Yigʻilishda shuningdek, viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari B.Rashidovaning hisoboti eshitildi.

Hisobotda taʼkidlanganidek, viloyatdagi 17 ta maktabgacha taʼlim muassasa obʼektlarida qurish va rekonstruktsiya qilish uchun 58 milliard 65 million soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan. Shundan 2 tasi yangi qurilish, 1 tasi mukammal taʼmir, 14 tasi rekonstruktsiya qilinishi belgilangan.

Shundan Gʻallaorol tumani “Moltob” QFYda 1 ta 160 oʻrinli, Sharof Rashidov tumani “Nonisangil” QFYda 1 ta 160 oʻrinli yangi qurilish obʼektlari joriy yilning aprel oyiga qadar foydalanishga topshiriladi. Doʻstlik tumani “Manas” QFYda 17-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi mukammal taʼmirdan chiqarilgan boʻlsa, Jizzax shahar 2-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi, Sharof Rashidov, Baxmal, Paxtakor, Mirzachoʻl, Zomin, Zafarobod hamda Forish tumanlarida hozirgi kunga qadar ushbu maktabgacha taʼlim muassasalarida rekonstruktsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Eshituv davomida deputatlik guruhi aʼzolari viloyat Davlat soliq boshqarmasi mutasaddisi hisobotidan qoniqish hosil qilgan boʻlsalar, viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi vakilining hisobotini tanqid ostiga oldi. Sohada amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamini sifat jihatdan yaxshilash borasida oʻz taklif va mulohazalarini bildirib oʻtdi. Shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan oʻzgarish va yangiliklar, tizimlarga oid qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalari bildirdi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.