18 +  RSS  E-mail
13:08, 18 03 2019

Hokim mahalla raisini ishdan boʻshatishi mumkinmi?


Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019 yil 15 fevraldagi «Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan mamlakatimizda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari)ning navbatdagi saylovi shu yil may oyida oʻtkaziladigan boʻldi. Bu saylovda respublikada 9019 nafar, xususan, viloyatimizda 767 ta fuqarolar yigʻini raislari saylanadi.

Avvalo, oʻzini oʻzi boshqarish deganda, fuqarolarning mahalliy ahamiyatga molik masalalarni oʻz manfaatlaridan, milliy va maʼnaviy qadriyatlar, urf-odatlar va anʼanalardan kelib chiqqan holda hal qilish borasidagi qonunlar bilan kafolatlangan faoliyatini tushunish joiz. Konstitusiyamizning 105-moddasida «Shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yigʻinlari oʻzini oʻzi boshqarish organlari boʻlib, ular raisni (oqsoqolni) saylaydi», deb belgilab qoʻyilgan.

Bu boradagi munosabatlar yangi tahrirdagi «Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida»gi Qonun bilan tartibga solinib, uning 8-moddasida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, fuqarolar yigʻini organlari fuqarolar yigʻini kengashi, fuqarolar yigʻini faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha 8 ta komissiya va taftish komissiyasidan iboratligi belgilangan.

Fuqarolar yigʻini oʻzi tasdiqlagan nizom asosida faoliyat yuritadi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Bosh vazir rahbarlik qiladigan respublika kengashi va hokimlar rahbarlik qiladigan hududiy kengashlar tomonidan amalga oshiriladi. Kengashga raislik jamoatchilik asosida olib boriladi.

Fuqarolar yigʻini yigʻin raisi va kengashi tomonidan zaruratga koʻra, lekin har chorakda kamida bir marta chaqiriladi. Shuningdek, hududiy kengash va 18 yoshga toʻlgan tegishli hududda yashovchi fuqarolarning kamida uchdan bir qismi tashabbusi bilan ham chaqirilishi mumkin. Fuqarolar yigʻini fuqarolar yigʻinida ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan barcha aholining yarmidan koʻprogʻi hozir boʻlgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Fuqarolar yigʻinini chaqirish imkoniyati boʻlmasa, vakillar yigʻilishi chaqiriladi. Vakillik normasini saylovni tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tegishli komissiya belgilaydi. Vakillarning yigʻilishi unda vakillarning kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Qonunda fuqarolar yigʻinining, Kengashning va oqsoqolning vakolatlari ham belgilab berilgan. Fuqarolar yigʻini kengashining majlisi oqsoqol tomonidan zaruratga koʻra, lekin oyida kamida bir marta oʻtkazilishi kerak. Kengash majlisi aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi qatnashayotgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Kengash tarkibiga oqsoqol, uning (keksalar va faxriylar hamda yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchilari) oʻrinbosarlari, maslahatchilari, masʼul kotib, tuman xotin-qizlar qoʻmitasining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassisi, profilaktika inspektorlari, qishloq vrachlik punktining rahbarlari kiradi.

Oqsoqol oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilganda, fuqarolar vakillarining yigʻilishi qonuniy qaror qabul qilganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, sudning ayblov hukmi chiqqanda va qonunda belgilangan boshqa holatlarda oqsoqolning vakolatlari muddatidan oldin tugatiladi. Fuqarolar yigʻini raisi saylovi Prezident tomonidan 2018 yil 15 oktabrda imzolangan «Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida»gi Qonun talablari asosida amalga oshiriladi. Shu oʻrinda, qonunlarimizga kiritilgan soʻnggi oʻzgarishlarga binoan oqsoqolning vakolat muddati 2,5 yildan 3 yilga uzaytirilgani, oqsoqol bilan maslahatchilarning saylovi alohida oʻtkazilishi, oqsoqolni saylashda saylovda ishtirok etish huquqi boʻlgan fuqarolarning kamida 12 foizi ishtirok etishi shartligi belgilanganini taʼkidlash joiz.

Fuqarolar yigʻini raisi saylovida shu mahalla hududida doimiy yashovchi, muomalaga layoqatli 18 yoshga toʻlgan fuqarolar ishtirok etadi. Ishtirok etish ixtiyoriy va erkindir. Oqsoqol saylovini tashkil etish va oʻtkazish oshkoralik, muqobillik hamda teng saylov huquqi prinsiplari asosida amalga oshiriladi. Nomzod ikki va undan koʻp boʻlishi kerak. Saylovni oʻtkazish muddatlari saylov boshlanishidan kamida ikki oy oldin Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan belgilanadi.

Saylovni tashkil etish va oʻtkazish uchun fuqarolar yigʻini (vakillar yigʻilishi) qarori bilan ishchi guruh tuziladi. Uning tarkibiga oqsoqol, maslahatchilari, yigʻinning boshqa xodimlari, oqsoqollikka nomzodlar kiritilishi mumkin emas. Ishchi guruh fuqarolar yigʻini (vakillar yigʻilishi) oʻtkazilishidan kamida besh kun oldin shu hududda yashovchi fuqarolarni xabardor qiladi. Hovlilar, uylar, koʻchalar aholisining vakillar saylovi boʻyicha umumiy yigʻilishlarini oʻtkazadi. Vakillar boʻyicha bayonnomalar tuzadi. Fuqarolar fikrini inobatga olgan holda tegishli komissiyaga taqdim etish uchun oqsoqol lavozimiga nomzodlar roʻyxatini shakllantiradi, saylovni oʻtkazadi va saylovga oid murojaatlarni koʻrib chiqadi. Ishchi guruh oqsoqollik lavozimiga nomzodlarni saylovdan kamida oʻn kun oldin hokim bilan kelishish uchun tegishli komissiyaga taqdim etadi. Hokim nomzodlarni koʻrib chiqib, asoslantirgan xulosalari bilan komissiyaga, komissiya ishchi guruhga yuboradi. Ishchi guruh nomzodlar roʻyxatini saylovdan kamida besh kun oldin fuqarolar yigʻini binosi va guzarlarga osib qoʻyadi.

Fuqarolar yigʻini raisligiga nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi, qoida tariqasida oliy maʼlumotga ega boʻlishi, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan boʻlishi, tashkilotchi, hayotiy va ish tajribasiga hamda aholi oʻrtasida obroʻ-etiborga ega boʻlishi kerak. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, ogʻir yoxud oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan va sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotganlar, harbiy xizmatchilar va diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari oqsoqollik lavozimiga saylanish uchun nomzod etib koʻrsatilishi mumkin emas. Shu oʻrinda amaliyotda maʼlum bir soha yoki maʼlum bir mutaxassislikka ega boʻlgan xodimlarning ommaviy ravishda oqsoqollikka saylanishi oʻzini oqlamaganini taʼkidlab oʻtish joiz.

Fuqarolar yigʻini (vakillar yigʻilishi) ishchi guruh rahbarligida oʻtkaziladi. Kun tartibida sanoq komissiyasini saylash va oqsoqolni saylash masalasi koʻriladi. Sanoq komissiyasi kamida uch kishidan iborat tarkibda saylanadi. Nomzodlarning maʼruzasi alifbo tartibida oʻtkazilib, ular oʻzining kelgusi faoliyati dasturini eʼlon qiladi. Oqsoqolni saylash yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi. Ovoz berish vaqtida saylov byulletenlari sanoq komissiyasi tomonidan beriladi. Byulletenga nomzodlarning familiyasi, ismi, otasining ismi alifbo tartibida kiritiladi. Ovoz beruvchi toʻldirilgan byulletenni saylov qutisiga tashlaydi. Saylov qutilari ovoz berish tugagandan keyin sanoq komissiyasi tomonidan ochiladi. Ovozlarni sanash natijalari boʻyicha sanoq komissiyasi tomonidan bayonnoma tuzilib, rais va aʼzolar tomonidan imzolanadi. Bayonnoma sanoq komissiyasi raisi tomonidan oʻqib eshittiriladi va fuqarolar yigʻini (vakillar yigʻilishi) tomonidan tasdiqlanadi.

Fuqarolar yigʻinida ishtirok etuvchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolarning yarmidan kami, vakillar yigʻilishida vakillarning uchdan ikki qismidan kami ishtirok etgan boʻlsa, saylov oʻtmagan deb topiladi. Ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan koʻprogʻining ovozini olgan nomzod oqsoqol lavozimiga saylangan deb hisoblanadi. Bu haqda fuqarolar yigʻini (vakillar yigʻilishi) qaror qabul qiladi hamda qaror raislik qiluvchi tomonidan oʻqib eshittiriladi. Ikki nusxada bayonnoma tuzilib, bir nusxasi tuman komissiyasiga taqdim etiladi. Fuqarolar yigʻini rais (oqsoqol)ligiga ikki nafardan ortiq nomzod qoʻyilib, birontasi ham saylanmasa, eng koʻp ovoz olgan ikki nomzod boʻyicha takroriy ovoz berish oʻtkaziladi. Bu vaqtda boshqa nomzodga nisbatan koʻproq ovoz olgan nomzod oqsoqollikka saylangan hisoblanadi. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylangach, fuqarolar yigʻini (vakillar yigʻilishi) tomonidan bir oy ichida fuqarolar yigʻini kengashi shakllantiriladi, oqsoqolning maslahatchilari, komissiyalar va taftish komissiyasi saylanadi. Fuqarolar yigʻinining (vakillar yigʻilishi) qarori sud orqali bekor qilinishi mumkin.

Amaliyotda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ni tuman (shahar) hokimi ishdan boʻshatganligi toʻgʻrisidagi murojaatlar koʻp uchraydi. Xoʻsh, hokim oʻzining qarori bilan oqsoqolni vazifasidan boʻshatishi mumkinmi? Yoʻq. Ammo, qonunchilikda hokimlar tegishli fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashiga jamoatchilik asosida raislik qilishi belgilab qoʻyilgan. Bu kengash oqsoqollarning axborotini eshitish vakolatiga ega. Shuningdek, fuqarolar yigʻini (vakillar yigʻilishi) muvofiqlashtirish kengashining tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin. Har chorakda oqsoqol hisoboti eshitilib, uning faoliyati qoniqarsiz deb topilsa, fuqarolar yigʻini (vakillar yigʻilishi) qarori bilan oqsoqol vakolatlari muddatidan oldin tugatiladi.

Nazarimizda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini oʻtkazish jarayonida quyidagi masalalarga eʼtibor qaratish kerak.

Birinchidan, shahar va tumanlarda tuziladigan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalarni tuzishga jiddiy eʼtibor qaratib, komissiyaga tajribali va adolatli kishilarni jalb qilish kerak.

Ikkinchidan, fuqarolar yigʻinlarida tuziladigan ishchi guruhlari aʼzolarini xolis, mahalla hududining har joyida yashaydigan, obroʻ-eʼtiborli va diyonatli kishilardan shakllantirish zarur. Amaldagi oqsoqol oʻziga xayrixoh ishchi guruh tuzib olgani boʻyicha murojaatlar boʻlgan. Shu sababli bu jarayonni tuman koʻmaklashuvchi komissiyasi nazoratga olishi kerak.

Uchinchidan, vakillarni ochiq, oshkora ravishda qishloqlar, koʻchalar va hovlilardan teng miqdorda hurmatli kishilar orasidan saylab olish. Amaliyotda vakillarni tanlashda mahalliychilik, millatchilik, guruhbozlik, qarindosh-urugʻchilik va hatto oqsoqollikka nomzod qilib koʻrsatilgan kishilarga tamagirlik qilish holatlari uchraydi. Bu kabi illatlarga yoʻl qoʻymaslik zarur.

Toʻrtinchidan, oqsoqollikka juda yosh va oʻta keksa boʻlmagan, sogʻlom, hayotiy tajribali, namunali oila sohibi boʻlgan, fuqaro va davlat manfaatlarini teng qoʻya oladigan kishilarni nomzod qilib koʻrsatish.

Beshinchidan, oqsoqollar qoʻnimsizligiga barham berish uchun istak-xohishi yoʻq va roziligi boʻlmagan kishilarni nomzodlar roʻyxatiga kiritmaslik. Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda, ikki yil ichida Qarshi shahridagi 62 fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)dan 20 nafari, Muborak tumanidagi 29 raisdan 12 nafari, Shaxrisabz tumanidagi 35 raisdan 10 nafari, Chiroqchi tumanidagi 68 raisdan 20 nafari muddatidan oldin vazifasidan boʻshagan.

Oltinchidan, saylovlarni haqiqatan ham muqobillik asosida tashkil qilish. Saylov kuni bir nomzodning boshqasi foydasiga nomzodini olishi, rasmiyatchilik va «tayinlash» amaliyotidan butunlay voz kechish kerak.

Yettinchidan, saylovlar oshkoralik, ochiqlik va aholining barcha qatlamlari xabardorligi, faol ishtirokida oʻtkazilishini taʼminlash.

Albatta, mahalla fuqarolar yigʻini raisi hududda yashovchi har bir fuqaro hayotida maʼlum rol oʻynaydi, yaxshi-yomon kunlarida ishtirok etadi. Mahalladagi tinchlik-osoyishtalik, inoqlik, oilalarda barqarorlikni taʼminlash, tashabbuskorlik, bunyodkorlik va obodonchilik ishlarining boshida turadi. Shu sababli har birimiz bu saylovlarda faol ishtirok etishimiz va raislikka munosib kishilar kelishiga erishishimiz darkor.

Abdishukur OMONOV,

Qashqadaryo viloyati hokimligi yuridik xizmat rahbari.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.