18 +  RSS  E-mail
11:30, 16 03 2019

Gulistonda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining tamal toshi qoʻyildi


Maʼlumki, Prezidentimiz joriy yilning 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanlarini chuqur oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish boʻyicha topshiriq bergan edilar. Bugun Guliston shahrida ana shu maktab binosiga tamal toshi qoʻyish tantanasi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda viloyat hokimi Gʻ.Mirzayev, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari H.Ortiqboyeva hamda bir guruh viloyatimiz faollari soʻzga chiqishdi.

Joriy yilning 25 avgustigacha qurib foydalanishga topshirilishi kutilayotgan mazkur oʻquv muassasasida 150 nafar iqtidorli oʻgʻil-qiz taʼlim olishi moʻljallanmoqda. Qurilishning loyiha taklifiga koʻra, maktab umumiy koʻrinishi ezgulik, orzu-umidlar, tinchlik ramzi — parvozdagi laylakni eslatuvchi muhtasham va betakror meʼmoriy yechimdagi binoga ega boʻladi. Unda xalqimizning sevimli shoirasining hayoti va ijodiga oid muzey ham joy olishi belgilangan.

— Bugun sirdaryoliklar, ayniqsa yoshlarning quvonchi cheksiz, — deydi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, Guliston davlat universiteti talabasi Azizaxon Zulfiqorova. — Negaki, endi hademay adabiyotga, badiiy ijodga havasmand oʻquvchilar uchun ham ixtisoslashtirilgan zamonaviy maktabimiz boʻladi. Oʻylaymanki, unda taʼlim olgan yoshlarimiz ayni Sirdaryoda tugʻilib oʻsgan ardoqli shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaning munosib izdoshlari boʻlib yetishadilar.

Maktab qurilishi boshlanishiga bagʻishlangan marosimda shoiraning singlisi, Xovos tumanidagi 23-maktab oʻqituvchisi Rahima Xudoyberdiyeva soʻzga chiqib, opasi — Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaga koʻrsatilgan yuksak izzat-ehtirom uchun ijodkorning oila aʼzolari nomidan cheksiz minnatdorlik bildirdi.

Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.