18 +  RSS  E-mail
12:24, 14 03 2019

Kumushxon Fayzullayevaning gʻalabasi va rekordlari


AQShning Las-Vegas shahrida davom etayotgan oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida Oʻzbekiston hisobiga yana 3 ta oltin medal yozildi.

64 kg vaznda qayd etilgan Kumushxon Fayzullayevaning gʻoliblikka asosiy daʼvogar ekanligi oldindan maʼlum edi. Sababi, u bir necha yildan buyon oʻz yosh va vazn toifasida jahonda tengsizligini isbotlab kelmoqda. Eʼtiborlisi, sportchimiz murabbiylari bilan birgalikda bu gal ham muxlislar ishonchini oshigʻi bilan oqladi.

Kumushxon dast koʻtarishda 93 kg yakuniy natija tufayli eng yaqin raqibini 5 kg ortda qoldirdi. Bu ustunlik atletimizga siltab koʻtarishda ancha erkin harakat qilish imkonini berdi.

U barcha raqiblari musobaqani tugatgandan soʻng chiqishini boshladi va birinchi urinishdayoq jahon chempionligini rasmiylashtirdi. Shundan keyin bizda jahon rekordini oʻrnatish uchun juda yaxshi imkoniyat paydo boʻldi, chunki sportchimizda hali zahirada 2 ta urinish turgandi.

Tabiiyki, jamoamiz K.Fayzullayeva timsolida bu imkoniyatdan unumli foydalandi. Shu tariqa 122 kg siltab koʻtarishda va 215 kg ikkikurashda – 2 ta jahon rekordi oʻrnatgan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Kumushxon Fayzullayeva dunyo ogʻir atletikasi tarixiga oʻz nomini yana bir marta yozib qoʻydi.

— Toʻgʻrisini aytsam, Kumushxondan yanada yuqoriroq natija kutgandik. Bizningcha, raqobat yetarli darajada boʻlmaganligi pand berdi. Mashgʻulotlarda Fayzullayeva bundan ogʻirroq toshlarni ham koʻtargan. Murabbiylarimiz vaziyatni tahlil qilib chiqib, tayyorgarlik jarayonini mukammallashtirishlari zarur. Zero, Kumushxon endi kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatiga hozirlik koʻradi, oldindagi raqiblar esa juda kuchli. Ijobiy natijaga erishish oson boʻlmaydi. Oʻylaymanki, Fayzullayeva 2020 yilgi Olimpiadaga yoʻllanmani qoʻlga kiritish va Tokioda muvaffaqiyatli ishtirok etishni uddalaydi, — deydi mamlakat ogʻir atletika federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Shahrillo Mahmudov.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.