18 +  RSS  E-mail
12:17, 14 03 2019

Epidemiologik holat barqaror, havotirga oʻrin yoʻq


Soʻnggi vaqtlarda turli ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda aholi oʻrtasida meningit kasalligi keng tarqalganligi haqida xabarlar paydo boʻlmoqda. Ushbu holat boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan joylardagi vaziyat yuzasidan oʻrganish ishlari olib borildi.

Aniqlanishicha, 21 yoshli fuqaro meningit xastaligidan vafot etgan. Sababi esa tibbiy yordamga kech murojaat etganligi bilan bogʻliq. Bu kasallik mavsumiy boʻlib, respublikada uchrab turadi va har yili 5 tadan 10 tagacha qayd etilishi mumkin.

Joriy yilning oʻtgan davrida hammasi boʻlib, 17 nafar fuqaro ushbu kasallikda gumon qilingan. Ularning 6 nafarida laboratoriya tekshiruvi orqali kasallik tasdiqlangan. Ayni paytda oʻtkir respirator kasalliklar yaʼni, faringit, nazofaringit kabi xastaliklarga chalingan fuqarolar orasida kasallikni erta aniqlash boʻyicha tibbiyot xodimlarining xushyorligi oshirilgan.

Olib borilgan saʼy-harakatlar tufayli ushbu holat Sogʻliqni saqlash vazirligining toʻliq nazorati ostida. Eng muhimi, meningit aholi oʻrtasida keng tarqalmagan, epidemik vaziyat barqaror. Aslida ushbu xastalikning erta bahor mavsumida uchrab turishi tabiiy jarayon boʻlib, shu kunlarda aksariyat Yevropa va bizga qoʻshni boʻlgan davlatlarda bir necha yuzlab odamlarda ushbu kasallik qayd etilmoqda.

— Maʼlumki, koʻpgina kasalliklar qish fasli tugab, bahor mavsumi kirib kelishi bilan avj oladi. Shu bois Sogʻliqni saqlash vazirligi kasalliklarning mavsumiy koʻtarilish davri ekanligini hisobga olgan holda, aholidan oʻz sogʻligʻiga eʼtiborli boʻlishlarini, meningit va shu kabi kasalliklar belgilari, yaʼni, tana haroratining koʻtarilishi, kuchli bosh ogʻrigʻi, qayt qilish, tomoqda achishish singari klinik belgilar kuzatilgan holatlarda darhol tibbiyot xodimlariga murojaat etishlarini soʻrab qoladi, — deydi vazirlik bosh epidemiologi, Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori Nurmat Otabekov. — Shu oʻrinda alohida taʼkidlash joizki, meningit xavfli kasallik emas. Agar u ilk bosqichlarda aniqlansa, ushbu xastalikdan oson forigʻ boʻlinadi. Shuning uchun aholining bundan havotirga tushishiga xojat yoʻq.

Meningit xastaligi kuzatilganda, birinchi navbatda, qanday choralarni koʻrishi kerak?

— Meningitning klinik belgilari kuzatilganda, avvalo, tezkorlik bilan shifokorga murojaat qilishi zarur. Aslo oʻzicha davolanishga harakat qilmasligi, oʻtib ketar deya befarq boʻlmasligi lozim, — deydi Sogʻliqni saqlash bosh infektsionisti, Respublika virusologiya ilmiy-tekshirish insituti direktori Erkin Musaboyev. — Shifokor profilaktika maqsadida tavsiya etgan antibakterial dori vositalarini belgilangan miqdorda va oʻz vaqtida isteʼmol qilishga qatʼiy rioya etishi talab qilinadi. Imkon qadar statsionar sharoitda davolanish tavsiya etiladi. Yoki boʻlmasa, bemorni shifokor tavsiyasi bilan alohida xonaga oʻtkazish, ishga, maktabga, umuman olganda, jamoat joylariga bormasligi, jamoat transportidan foydalanmasligi kerak. Bu choralar kasallikning sogʻlom odamga yuqishining oldini olishda juda muhim. Chunki, meningit bir odamdan boshqa odamga yuqqani sari kuchayib boradi. Shu bois imkon qadar yuqish ehtimoli boʻlgan har bir holatning oldini olishga harakat qilishimiz talab etiladi. Yana bir muhim jihat, yashash joylarning havosini muntazam almashtirish, xonani tez-tez artib-tozalash meningit kasalligining oldini olishda juda muhim oʻrin tutadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.