18 +  RSS  E-mail
14:13, 14 03 2019

Diqqat, mast!


Tushlik payti yaqinlashgani sayin H.H.ning kayfiyati yomonlasha boshladi. Qoʻshnisi nabirali boʻlgani munosabati bilan mahallada “beshik toʻyi” berayotgan boʻlsa-da, negadir yoqar-yoqmas yoʻlga chiqdi.

Buning ham sababi bor edi, albatta. Oʻzining farzandi boʻlmagani taʼsir etdimi, toʻy taʼtimadi, aksincha, kayfiyati battar tushib qaytdi. Qoʻshnisining quvonchiga sherik boʻlishni harchand istamasin, bu yoqda farzandsizligi… xullas, oʻsha kuni kechqurun xotini bilan kechki ovqatni birga tanovvul qilishdi. Soʻng otasi bilan oʻtirib ozroq vino sipqorishdi. Biroq ota koʻp ichib oʻtirmadi, ammo H.H. vinoni oxirigacha ichib, sarxush tortdi. Ayoli bilan koʻchada sayr qilib kelishni istadi. Uydan birga chiqib ketishdi. Ota esa ulardan qayerga ketayotganini soʻraganda, qaynotasinikiga borib kelmoqchiligini eshitib gapning izini quvib oʻtirmadi.

Yigit garajga kirib, mashinasini oʻt oldirdi. Sarxushlik uni hali tark etmagan, svetoforu boshqa yoʻl belgilari hayoliga deyarli kelmasdi. Garchi mashinani sekin haydab kelayotgan boʻlsa-da (soatiga chamasi 30-40 km tezlikda — sudlanuvchining koʻrsatmasidan), mashinani aniq qaysi yoʻnalishdan boshqarganini toʻliq eslay olmasdi. Svetofordan “qizil”da oʻtib ketgani kamdek, tezlikni oshirdi. Ana shunda H.H. ketib borayotgan yoʻnalishda yoʻl-patrul xizmatida ish vazifasini oʻtayotgan S.S. birdan qoʻlidagi qizil tayoqchasi bilan toʻxtash ishorasini berib oldiga chiqdi (sudlanuvchining koʻrsatmasidan). Haydovchi bilan xodim orasidagi masofa ikki-uch metrcha kelar, mastlikda tormoz bosgan yo bosmaganini ham eslay bilmasdi. Lekin urib yuborgani aniq edi. 

H.H. biroz yurib qoʻygach, voqea joyiga qaytib keldi. Mashinadan tushishi bilan uni IIB xodimlari ushlab, olib ketishdi.

Jabrlanuvchi S.S.ning sud muhokamasida bildirgan koʻrsatmasiga koʻra, oʻsha kuni u tegishli topshiriqni bajarayotgan, yaʼni “Diqqat, mast!” tadbiri yuzasidan tayyorgarlik ishlari boshlangan edi. Sherigi bilan oʻziga biriktirilgan joyda turib mast holdagi xaydovchilarni aniqlash vazifasi yuklatilgandi… Keyin kutilmaganda “qizil chiroq”da oʻtib ketgan mashinaning daragi yetib keldi. Soʻng bu gaplar roʻy berdi. 

Jabrlanuvchi va guvohlarning sud muhokamasida “…jabrlanuvchini qasddan urib yuborganligini” aytib bergan koʻrsatmalari ishonchga sazovor boʻlmagan, asossiz dalil deb hisoblandi.

Shunga qaramay, mast holda avtomashina boshqarishni hech bir qonun bilan oqlab boʻlmaydi. Chunki bu ahvolda kishi nima qilayotganini aql nuqtai nazaridan toʻliq fahmlay olmaydi.

H.H.ga nisbatan tegishli tartibda jazo belgilandi: ish haqining 25 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ikki yilu ikki  oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi hamda shu davr mobaynida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Bunday hodisalar, huquqbuzarliklarning kelib chiqishiga maʼlum maʼnoda mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari kam oʻtkazilayotgani ham sabab boʻlayotir. Shuning uchun, avvalo, oilada, oʻquv muassasalarida bunday holatlar oqibatida yuzaga kelayotgan qonun buzilishlari, jinoiy harakatlarni bartaraf etish uchun huquqiy targʻibotga eʼtiborni kuchaytirish zarur.

Kamol MURODOV.

Foto: translux.ru


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.