18 +  RSS  E-mail
13:44, 13 03 2019

Yetti xazinaning biri


Xalqimiz asalarini yetti xazinaning biri, deb bejizga aytishmaydi. Chunki bu mitti jonivorning haqiqatdan ham foydasi juda koʻp. Uning zahri, suti, propolisi va gulchangi koʻpgina xastaliklarga shifodir.        

Shu bois, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31 yanvardagi yigʻilish bayonida ham belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida “Ipak qurti yetti xazinaning biri” hamda “Asalarichilik sirlari” mavzuida master-klass oʻtkazish rejalashtirilgan edi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Xorazm viloyat Kengashi, Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi Xorazm viloyati xududiy boʻlimi hamda Xorazm “Asalarichilik” uyushmasi bilan hamkorlikda ishsiz yoshlarni kasbga oʻrgatish, ular oʻrtasida ipak qurti yetishtirish va asalarichilikni keng targʻib etish maqsadida Urganch tumani qishloq xoʻjaligi kasb-xunar kollejida “Asalarichilik sirlari” mavzuida malakali mutaxassislar yordamida master-klass tashkil qilinib, sohaga qiziquvchan yoshlarga E. Qilichov tomonidan asalarichilikda veterinariya xizmati, asalarilarning hayoti, ularda uchraydigan  kasalliklar, shuningdek hozirgi kunda asalarichilik sohasiga yaratib berilayotgan imkoniyatlar boʻyicha mazkur yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan yoshlarga kerakli maslahatlar berildi.

Unda Xorazm viloyati “Asalarichilik” uyushmasi rahbari A.Yunusov viloyat asalarichilik maktabining hozirgi kungacha bosib oʻtgan yoʻli hamda asalarichilikni rivojlantirish boʻyicha davlat tomonidan berilayotgan imkoniyat va talablar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.

Tadbirda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, yetarlicha javoblar olishdi.

Tadbirning ikkinchi qismida esa amaliy koʻnikmalarni yanada boyitish maqsadida agro sayohat tashkil qilindi. Mazkur sayohatda asalari uyasi oldida master-klass uyushtirildi.

Shuningdek, asalarilardan olingan asallarni qayta ishlaydigan Xorazm viloyati “Asalarichilik” uyushmasi tashabbusi bilan olib kelingan Pol’sha texnologiyasi asosida jihozlangan tsexga tashrif buyurishdi. Tashrif jarayonida Xorazm asalarichilik uyushmasi rahbariyati sohaga qiziquvchan yoshlarga joriy yilda asalarichilik faoliyati boʻyicha ustoz-shogird anʼanalariga muvofiq har bir yosh asalarichi uchun tajribali mutaxassis biriktirib, mutaxassis tayyorlashga koʻmaklashadigan boʻldi.

Sumbuloy NURMETOVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.