18 +  RSS  E-mail
13:48, 13 03 2019

Sergeli tumanida Kovorking markazi ochildi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 iyuldagi 3856-son qarori boʻyicha ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashabbusi bilan “Ground Zero” hamkorligida Sergeli tumanida kovorking markazi tashkil etildi.

Mazkur kovorking markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari Erkin Muxitdinov, Sergeli tumani hokimi Nozim Husanov, Korzinka.uz tarmogʻi asoschisi Zafar Hoshimov, “Ground Zero” rahbari Hikmat Abdurahmonov, Bookcafe, TOP-Contact asoschisi Laziz Adxamov hamda boshqa masʼullar va aholi vakillari ishtirok etdi.

Kovorking markazi mustaqil faoliyat yurituvchi (frilanser) turli soha vakillari, shaxsiy biznes rejalarini yuzaga chiqarish istagida boʻlgan fuqarolar uchun qulay sharoitlarga ega ish joyi hisoblanib, u yerda kasbga yoʻnaltirish, OTM va kollej bitiruvchilarining malakasini oshirish, samarali ishga joylashish boʻyicha muntazam kurslar, master klasslar va seminarlar oʻtkazib boriladi.

Markazning tantanali ochilish marosimidan soʻng mutasaddilar va muvaffaqiyatli biznes vakillari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Muloqot davomida asosiy eʼtibor davlat va xususiy sherikchilik munosabatlari, davlat tomonidan xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Kelgusida markaz faoliyati orqali aholi bandligi va xususiy biznesni ragʻbatlantirish boʻyicha hamkorlikda qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.