18 +  RSS  E-mail
15:04, 12 03 2019

Sogʻliqni saqlash vazirligi aholini jismoniy faollikka chorlaydi


Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, yuqumli boʻlmagan kasalliklar dunyo boʻyicha global muammoga aylanib, insonlar salomatligiga jiddiy xavf solmoqda. Xastaliklarning bu toifasiga yurak qon-tomir, saraton, qandli diabet va surunkali oʻpka kasalliklari kiradi.

Maʼlumki, yuqumli boʻlmagan kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillarga notoʻgʻri ovqatlanish, jismoniy faollikning pasayishi, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilish sabab boʻladi. Shu bois mamlakatimizda aholi orasida yuqumli boʻlmagan kasalliklarni erta aniqlash, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamini yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, oʻtgan yil 20 sentyabr kuni mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida boʻlib oʻtgan jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda korxonalar, taʼlim muassasalari, istirohat bogʻlarida ommaviy badantarbiya va gimnastika mashgʻulotlarini oʻtkazishga eʼtibor qaratilib, bunday mashqlarning inson salomatligi uchun foydaliligini targʻib qilish maqsadida muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 18 dekabrdagi “Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilingani esa bu yoʻnalishda amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalarni belgilab berdi.

Qaror bilan 2019-2022 yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish kontseptsiyasi hamda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga koʻra, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan bir qatorda barcha hamkor tashkilotlar masʼul sifatida biriktirildi.

Shundan kelib chiqqan holda, aholi orasida yuqumli boʻlmagan kasalliklarni erta aniqlash, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, jimoniy faollligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamini kengaytirish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yilning 9 mart kuni respublikada Yurish kuni deb eʼlon qilindi.

Shu kuni barcha darajadagi tibbiyot muassasalarida, shahar va tumanlarning markaziy hiyobonlari, mahalla guzarlarida ommaviy yurish tadbirlari oʻtkazildi. Bunda tibbiy xodimlar bilan birgalikda, qator idora va tashkilotlar vakillari, turli yoshdagi uyushmagan aholi ommaviy yurishga jalb qilindi. Ommaviy tadbir oʻtkazish joylarida, mahallalarda yurishning inson organizmiga ijobiy taʼsiri toʻgʻrisida mutaxassislarning suhbatlari tashkil etildi.

Mutaxassislar fikriga koʻra, oddiy yurish (haftasiga kamida 8 kilometr yurganda) yurak qon-tomir kasalliklari xavfini 31 foizga va oʻlim xavfini 32 foizga qisqartiradi. Yurish koʻkrak bezi saratoni va ikki turdagi qandli diabet kasalligiga chalinishni kamaytiradi. Bundan tashqari, suyak va mushaklarni mustahkamlaydi, arterial bosimni, qonda xolesterin miqdorini tushishiga sabab boʻladi, uyquni yaxshilaydi.

Har bir qadam energiya sarflanishi, gormonlar ishlab chiqilishi, mushaklardagi qon taʼminotining yaxshilanishi evaziga ularning kislorod bilan boyishi kuchayadi, natijada umumiy holat yaxshilanadi. Yurganda har daqiqada 5 kaloriya yoʻqotiladi (oʻtirganda 1 kaloriya). Ogʻirlik qancha koʻp boʻlsa, energiya shuncha koʻp sarflanadi. Misol uchun, 72 kilogram ogʻirlikdagi inson 1,5 kilometr yurganda 105 kaloriya, 100 kilogram ogʻirlikdagi katta yoshdagi odam 135 kaloriya yoʻqotadi va sogʻligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Eslatib oʻtamiz, Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarni tizimli ravishda davom ettiradi.

Jumladan, 16 mart — Respublikada yurish boʻyicha marafon, 23 mart — “Quvnoq startlar” musobaqasi hamda 30 mart — Velosipedda sayr kunini oʻtkazish rejalashtirildi.

Bir soʻz bilan aytgan, aholini jismoniy faollikka chorlab qolamiz. Bunga qoʻshimcha, toʻgʻri ovqatlanishga oʻrganib, turli zararli odatlarni tark etsak, sogʻlom hayot kechirish sari dadil qadam tashlagan boʻlamiz.

Sogʻliqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.