18 +  RSS  E-mail
8:29, 11 03 2019

Yoshlar Mirzachoʻlda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirildi


Jizzaxdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlaridan yuz nafari Mirzachoʻl tumaniga sayohatga olib chiqildi.

Viloyat hokimligining jamoat va diniy tashkilotlar bilan ishlash boʻyicha kotibiyati ichki ishlar boshqarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda boshqa tashkilotlar hamkorlikda tashkil etgan sayohatda bolalar “Obod qishloq”, “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida Mirzachoʻl tumanida amalga oshirilgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini tanishdilar.

Sayohat davomida bolalar tumanning diqqatga sazovor joylarida boʻlishdi. Bolalarning sayohati sayyoramizning birinchi fazogiri nomi bilan atalgan tuman markazida Yuriy Gagarin va “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qoʻyishdan boshlandi.

Oʻtgan asrning 60-yillari sobiq Yerjar ishchilar posyolkasi oʻrnida barpo etilgan Gagarin shahri yurtimizning tarixiy maskanlaridan biri hisoblanadi. Janubiy Qizilqumni oʻzlashtirish ayni shu yerdan boshlangan. Bu yerda Mirzachoʻlni oʻzlashtirishga kelgan dastlabki choʻlquvarlarning avlodlari yashaydi.

Choʻldagi eng birinchi maktab, eng birinchi bolalar bogʻchasi, bu yerda kamol topgan insonlar, birinchi qahramonlar taqdiri sayohatchi bolalarda katta qiziqish uygʻotdi. Shahardagi rus tiliga ixtisoslashtirilgan 1-umumtaʼlim maktabi Mirzachoʻlda tashkil etilgan birinchi bilim dargohi hisoblanadi. Dastlabki davrlarda jami yuz nafar oʻquvchi oʻqigan maktabdan koʻplab koʻplab taniqli kishilar yetishib chiqqan.

Oʻtgan yili toʻliq rekonstruktsiya qilingan ushbu zamonaviy taʼlim muassasasi hayoti bilan tanishuv sayohatchi bolalarda katta taassurot qoldirdi.

Bolalar maxsus avtobuslarda Gagarin shahri boʻylab qilgan sayohatlari davomida “Alpomish” yoshlar sport majmuasida, ”Oʻzbek-Qozoq” madaniyat markazi va boshqa diqqatga sazovor joylarda boʻlishdi. Shaharda amalga oshirilgan koʻkalamzorlashtirish ishlarida ishtirok etib, esdalik uchun koʻchat ekishdi. “Choʻlquvar” madaniyat saroyida oʻtkazilgan madaniy tadbir va turli badiiy tanlov gʻoliblari ishtirokida kontsert yanada maroqli boʻldi.

— Oʻtgan yili “Sayohat” loyihasi doirasida 187 marta respublikamiz va viloyatning diqqatga sazovor joylariga safarlar tashkil etilgan edi, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi boʻlimi mudiri Shukrullo Joʻrayev. — Jizzax viloyati xokimligining jamoat va diniy tashkilotlar bilan ishlash boʻyicha kotibiyati tashabbusi bilan amalga oshirib kelinayotgan ushbu loyiha boʻyicha uyushtirilgan ekskursiya va sayohatlarga turli yot gʻoyalarga adashib kirib qolgan fuqarolarning, kam taʼminlangan oilalarning farzandlarini jalb etishga eʼtibor qaratilayotir. Sayohat va ekskursiyalar davomida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar yoshlarning bilimlari oshirishida, Vatanimiz tarixi va bugungi hayotini oʻrganishlarida, dunyoqarashlarining kengayishida muhim ahamiyatga ega boʻlayotir.

Toshqul BEKNAZAROV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.