18 +  RSS  E-mail
15:12, 11 03 2019

Boshlanishi chakki emas


Las-Vegasda oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempionati davom etmokda. Oʻzbekiston terma jamoasidan dastlab Ogʻabek Nafasov bahsga kirishdi.

55 kg vazn toifasida supachaga jami 13 nafar atlet koʻtarildi.

Birinchi mashq — dast koʻtarishda 2018 yili kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati ishtirokchisi italiyalik Serjio Masida 103 kg natija bilan barchani ortda qoldirdi. Peshqadamga 1 kg yutqazgan O.Nafasov ikkinchi oʻrin bilan kifoyalandi. Kuchli uchlikdan ozarbayjonlik Omar Javodov joy oldi.

Shu tariqa, Ogʻabek delegatsiyamizga ilk sovrin — kumush medalni keltirdi.

Ikkinchi mashq — siltab koʻtarishda shahrisabzlik yigit 121 kg natija bilan toʻrtinchi boʻldi.

Ikkikurashda esa Italiya vakilidan soʻng ikkinchi oʻrinni egalladi va katta kumush medal sohibiga aylandi.

O.Nafasov Samarqandda ogʻir atletika bilan shugʻullanayotganiga ikki yil boʻldi, xolos. Terma jamoa tarkibiga oʻtgan yil kuzda jalb etildi.

Akobir Usmonovning isteʼdodli shogirdini oldinda yana koʻplab yorqin zafarlar kutib turibdi, deb ishonamiz.

Mirzahakim TOʻXTAMIRZAYEV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.