18 +  RSS  E-mail
10:18, 09 03 2019

Jirkanchli hayot yoxud nog‘oraga o‘ynagan qizlar


D.M. endigina 17 yoshga kirgan paytida sud tomonidan 360 soat majburiy jamoat ishlari jazosi berilgan.

Jazoni o‘tab bo‘lgach, mas’uliyati cheklangan jamiyatda ishchi bo‘lib ishlab kelgan.

D.M.ning  hamkori F.O. 33 bahorni ko‘rgan. Vaqtinchalik ishsiz bo‘lgan bu  shaxs go‘shanga bilan yor- yorlar  aytib kelin bo‘lish, qaysidir yigitning suyukli yori, qaysidir oilaning bekasi bo‘lish o‘rniga muqaddas kitoblarda  harom deya aytilgan iflos ishlarga bosh bo‘lib yurgan.

Yoshgina qiz tayinlangan jazoni to‘liq o‘tab bo‘lganligiga qaramasdan, engil daromad topish maqsadida o‘zga shaxsni jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida yollab, ikki nafar qizni fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb qilgan holda odam savdosi jinoyatini sodir etdi. Bir guruh bo‘lib g‘arazli niyatlarda takroran qo‘shmachilik qilish va fohishaxona  saqlash jinoyatlarini ijtimoiy xavfli qilmish ekanligini anglagani holda sodir etdi.

“Juftlik” deb nomlangan bu ayollar eng razil faoliyat turini boshlaganlar. Dunyodagi eng iflos ishga mukkasidan ketganlar…

Jumladan, D.M. o‘zi bilan birga yashab kelayotgan, 1997 yilda tug‘ilgan M.S., 1996 yilda tug‘ilgan G.T. ismli qizlarni fohishaligidan foydalanib, ularni uyida yashab kelayotganligi sababli ijara pulini to‘latish bahonasida R. va D. ismli shaxslar bilan birga bo‘lishlari evaziga 50 ming so‘mdan pul olgan. 

Ming afsus va nadomatlar bo‘lsinki, bunday qabihliklar  takrorlanib, D.M.ning cho‘ntaklariga harom pullar tushib turgan…

Ularning qarmog‘iga asosan “puli bo‘lmaganligidan qiynalib qolgan” ayollar ilingan va qo‘shmachi guruh ishtirokida moddiy tomondan pul bilan ta’minlanganlar.

O‘zining guldek tanasini sotishdan or qilmagan qizlar esa D.M.ning nog‘orasiga o‘ynayverishgan.

Shunday qilib, odam savdosi bilan shug‘ullanishga ahd qilgan guruhning kirdikorlari  ochilib qoldi.  Jirkanch ishga mukkasidan ketganlar qonun oldida javob berishdi. Sud hukmi bilan F.O.ga 2 yil 6 oy, A.M.ga 3 yil ahloq tuzatish ishlari jazosi, D.M.ga esa 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Oydin NURIEVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.