18 +  RSS  E-mail
9:43, 07 03 2019

Ayollar nimaga yigʻlaydilar?


Bola onasidan soʻradi:

— Onajon, nimaga yigʻlayapsiz?

Onasi javob berdi:

— Chunki men, ayolman.

— Men buni tushunmayman, — dedi, bola.

Ona uni bagʻriga bosib:

— Ilohim, hech ham tushunmagin, bolam! — dedi.

Soʻng u otasidan soʻradi:

— Onam nima uchun sababsiz yigʻlayaptilar?

Otasi dedi:

— Hamma ayollar sababsiz yigʻlaydilar.

Bola ulagʻaydi. Kishiga aylandi. Lekin, hamon ayollarning nimaga yigʻlashlarini tushunmasdi.

Nihoyat u donishmanddan soʻradi.

— Ayollar nimaga yigʻlaydilar?

Hakim javob berdi:

— Alloh ayollarni yaratganida, ularga kuchli yelkalarni berdi. Unda ular butun dunyoning tashvishini koʻtaradilar. Halovat berishlari uchun ikkita yumshoq, mayin qoʻllarni berdi. Farzandlarini dunyoga keltirishlari, ularni ulgʻaytirishi, erkaligu injiqliklarini koʻtarishi, oilasining dashnomlari, unga munosabatlarini, barcha qiyinchiliklarga sabr qilishi uchun ichki kuch, matonat ato etdi. U eng ogʻir holatlarga ham toqat qilishi mumkin! Farzandiga nisbatan mehr berdi. Bolalari kuni kelib unga dushman boʻlib qolishsa ham, alamlariga sabab boʻlishsa ham, uning muhabbati ularga nisbatan oʻzgarmaydi, tugamaydi. Eng oxirida unga koʻzyoshlarni berdi. Yurak — bagʻri toʻlib ketganda achchiq koʻzyoshlari bilan ularni toʻkib soladi. Bu ularning eng zaif nuqtalaridir.

Ayollarning koʻzyoshlarini hurmat qiling!

Ayol… U ona…

Och qolsang, oshxona;

Kasal boʻlsang, shifoxona;

Quvonsang, bayram;

Uxlasang, vaqtida uygʻotuvchi;

Yigʻlasang, dardingga darmon;

Istasang, mustahkam suyanch;

Bagʻrikeng.

Uning koʻzyoshlari samoviy.

Mehnatlari tekin.

Himmati baland. Joni arzon.

Koʻchaga chiqib ketib, qaytganimizda, bizga hech narsa kerak boʻlmasa ham, “Onam qanilar?” deymiz.

Ona — VATAN. U har qancha bechora boʻlsin, qadri beqiyos.

Moddiy koʻmak berolmaydigan zaifa boʻlsa ham, kuchli ruhiy madad.

Undan yiroqqa ketamiz — da… ketamiz- u tuproqlarini oʻpib, koʻzimizga surish uchun qaytib kelamiz!!! Sogʻinamiz!

Allohim, mening va sizlarning onalaringizni eng oliy jannat “Firdavs”ga hisob-kitobsiz doxil qilsin! Hech nimangiz boʻlmasa ham, orqangizdan duo qiluvchi onangizning borligi cheksiz “Alhamdulillah” deyishingiz uchun kifoya.

Sojida KARAKULOVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.