18 +  RSS  E-mail
13:52, 06 03 2019

Quda xolaning toʻymagan qorni yoxud dadasiz uy


Tasodifan qoʻlimizga bir daftarning yirtib olingan varagʻi tushib qoldi. Kichkina bolaning katta dardlari bayoni bor edi unda. Koʻz yoshlar izi bor edi… Siz ham uni oʻqib koʻring. Ehtimol, bu Sizning farzandingizning dardlaridir…

…Bugun oʻrtogʻim Aʼzamning dadasi ham Rossiyaga ketdi. Uyam menga oʻxshab dadasining ortidan rosa yigʻladi…

Dadam bir oydan buyon qoʻngʻiroq qilmaydilar. Bu yil kelganlarida uyimizda ikki oygina turdilar-u, yana Rossiyaga qaytib ketdilar.

Nega hamma dadalar uzoqqa ishlagani ketaverisharkin-a? Dadasiz yashash juda qiyin ekan. Dadamga “Menga velosiped olib bering”, deb qilgan xarxashalarimni eslasam, rosa pushaymon boʻlaman. Onamga:

— Dadam uzoqqa ketmasinlar, endi uni olib bering, buni olib bering, deb xarxasha qilmayman, — desam, onam:

— Dadang koʻp pul ishlab topmasa boʻlmaydi, uy qurishimiz kerak, shuning uchun ketdi, — deydilar. Hayronman, ikki yildan buyon dadam pul joʻnatadilar, lekin hali uy qurishga harakat qilganimiz yoʻq.

Onam uzatilgan opamning uyiga tez-tez togʻorada osh, somsa, qatlama, yana allanarsalar joʻnatib turadilar.

Kecha kelinchak boʻlgan opam kelib, onamga kuyovining tugʻilgan kunida yuboriladigan sovgʻalar roʻyxatini tuzib berib ketdi. Onam dadam yuborgan pulni sanab, xarajatga ajratganlaridan keyin rosa xunob boʻldilar. Singlimga:

— Qizalogʻim, tuflini senga keyingi safar olib beraman, bu puldan senga ortmas ekan, — degandilar, singlim xafa boʻlib, rosa yigʻladi.

Shunaqa paytda pochchamni juda yomon koʻrib ketaman. Kap-katta yigit kiyimlarini oʻzi olsa boʻlmaydimi?! Shundoq ham onam ularga bizga yedirmagan noz-neʼmatlardan yuborib turibdi-ku!

Oʻtgan hafta quda xolaga joʻnatiladigan oshdan singlim ikkimizga ozginagina solib berishdi, biz toʻymadik ham. Qudaning togʻorasiga qarasam toʻla, tagʻin ustiga qazi bosilgan! Boshqa tugunda har xil shirinliklar. Singlim bittagina shokolad olmoqchiydi, xolam uning qoʻliga qarsillatib bir tushirdilar. Juda xafa boʻlib ketdim. Quda xolaning qorni rosa katta ekan, hech toʻymaydi… Nima, dadam ularni boqish uchun uzoqlarda yuribdilarmi?!

…Bir sinfdoshimning dadasi Qozogʻistonda ishlardi. Oʻn kun oldin oʻligini oʻsha yoqlardan olib kelishdi. Qurilishda ishlarkan, tepadan tushib ketibdi. Sinfdoshim “Dadam menga komp’yuter olib kelarkanlar”, deb maqtanib yurgandi… Endi maktabga ham kelmay qoʻydi. Uni koʻrgani borib, hammamiz yigʻladik…

Dadam uyimizda ekanlarida oʻrtancha opamni bemahalda koʻchaga chiqarmasdilar. Hozir boʻlsa, kechqurunlari opam onamning koʻzini shamgʻalat qilib, koʻchaga qochib qoladi.

Tunov kuni qorongʻida hovlimizda kimdir yurganday boʻldi. Sekin tashqariga chiqib qarasam, darvozaxonada Qobil doʻkonchining takasaltang oʻgʻli opam bilan achomlashib turishibdi… Menga juda alam qilib ketdi. Shudgordan kesak olib, ikkalasiga ota boshladim. Shovqinni eshitgan onam yugurib chiqdilar, rosa toʻpolon boʻldi…

Ertalab onam bilan Qobil doʻkonchinikiga bordik.

— Avval qizingizni tiyib oling! Gʻunajin koʻzini suzmasa, buqacha ipini uzmaydi, — dedi doʻkonchi.

Onam mulzam boʻlib uyga qaytdilar, opamni rosa qargʻadilar, yigʻladilar, keyin qon bosimlari koʻtarilib ketdi… Opam boʻlsa, “Tergashlaringizdan toʻyib ketdim, oʻzimni oʻldiraman!” deb yigʻlaydi…

Dadam uyda boʻlsalar, shunaqa boʻlmasdi, hech kim ostonamizni besoʻroq hatlolmasdi. Men hali kichkinaman, birov meni uyning erkagi oʻrnida koʻrmaydi. Kichkina singlim bilan oʻzaro dardlashamiz. Uyam dadamni juda sogʻinadi. “Dadam menga ka-atta qoʻgʻirchoq olib keladilar”, deb maqtanardi avvallari. Hozir boʻlsa, “Qoʻgʻirchoq ham kerakmas! Dadam oʻzlari tezroq kelsalar, meni tizzalarida olib oʻtirsalar, boʻldi…” deydi.

…Shu kunlarda onam juda asabiy boʻlib qolganlar. Qargʻanishni boshlasalar, singlim ikkimiz koʻchaga qochib chiqib ketamiz.

Eh, tezroq katta boʻlsam edi, dadamni uzoqqa ishlagani yubormasdim. Ota-onamni oʻzim boqardim! Men hech qachon ularni tashlab, uzoqlarga ketmayman…

Gulchehra NAZAROVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.