18 +  RSS  E-mail
13:11, 05 03 2019

Baxt boylikda emas


Boy ayol bir kambagʻalning uyi yonidan oʻtib ketayotib, uydagilarning xursandchilik qilayotganini, kulayotganini eshitib qoldi. Ayol xizmatkoriga shu uyga kirib, qanday bayramni nishonlashayotganini soʻrashni buyurdi.

— Bu uyda yogʻoch kesuvchining oilasi yasharkan, — deb javob qildi xizmatkor ichkariga kirib chiqqach. — U oʻtin sotibdi. Shuning uchun quvonishyapti.

— Mening erimni ishlari esa unchalik yaxshi emas. Uning muammolari bor! — dedi ayol xafahol.

Ayol boshqa safar ham shu uy yonidan oʻtib ketayotganida, yana kulgi ovozlarini eshitdi. U xursandchilik sababini aniqlashga xizmatkorini yuboribdi. Xizmatkor tezda qaytib, oʻtin kesuvchining xonadonida oʻgʻil tugʻilganini aytibdi. Uchta bolasini tuzukroq boqolmasa-da, toʻrtinchisining tugʻilganidan xursandmish.

— Qizlarim esa menga faqat muammo tugʻdirishadi…, — xoʻrsindi ayol.

Uchinchi marta shu uy yonidan oʻtayotganda, ayol yana kulgi ovozlarini eshitdi va bu gal sababini aniqlash uchun oʻzi kirishga qaror qildi. U eshikni taqillatdi. Eshikni uy bekasi ochdi.

— Xursandchilik qilayotganlaringizning sababi nimada? — soʻradi boy ayol.

— Shunchaki, hammasi koʻngildagidek, xursand boʻlyapmiz, — deb javob qildi beka.

Boy ayol bu yerdan chiqib, mashhur bir donishmandning yoniga joʻnadi. Unga yogʻoch kesuvchining oilasi haqidagi hamma gapni aytib, xitob qildi:

— Bu adolatdan emas!!! Mening muammolarim toʻlib-toshgan, bu oila esa faqat xursandchilik qiladi.

— Sen boysan, qizlaring, ering bor, — dedi donishmand. — Senga nima yetishmayapti?!

— Men baxtli boʻlishni xohlayman, — dedi ayol.

— Oʻzing istamasang, atrofingda koʻrmayotgan narsalarni senga hech kim sehrlab koʻrsatib berolmaydi…, — javob berdi donishmand.

Sanobar RAHMONOVA.

“Ona mehri”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.