18 +  RSS  E-mail
13:29, 04 03 2019

Mudofaa vazirligi ayol harbiy xizmatchilari oʻrtasida spartakiada oʻtkazildi


Mudofaa vazirligi sport klubida vazirlik qoʻshinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi ayollar oʻrtasida sport spartakiadasi boʻlib oʻtdi.

Sportning 7 turi boʻyicha oʻtkazilgan musobaqalarda jami 15 ta jamoa, 200 nafarga yaqin sportsevar ayol harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Spartakiadaning birinchi kunida shaxmat, shashka, suzish va stol tennisi boʻyicha gʻoliblar aniqlandi. Suzish musobaqasida Mudofaa vazirligi Markaziy aloqa tuguni xodimi serjant Yu.Kel’disheva gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Stol tennisi boʻyicha finalda Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti vakili kichik serjant A.Habibova Qurolli Kuchlar akademiyasi serjanti F.Ismailovadan ustun kelib, gʻalaba qozondi. Shashka musobaqasida kichik serjant M.Rahmonova birinchilikka erishgan boʻlsa, shaxmat donalarini surishda kichik serjant R.Garashenko gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Chirchiq dala oʻquv maydonida oʻtkazilgan otish musobaqasi qizgʻin tusda oʻtdi. Unda Makarov pistoleti qurolidan otish boʻyicha serjant Z.Valixonova, Kalashnikov avtomati qurolidan otishda esa kichik serjant Sh.Xoʻjaqulova boshqalardan merganroq boʻlib chiqdi.

Voleybol musobaqasini tomoshabinlar ham ayricha hayajon bilan kuzatishdi. Mudofaa vazirligi markaziy apparati va Markaziy aloqa tugunidan tarkib topgan jamoa Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari vakillariga qarshi kuch sinashdi. Ushbu musobaqada Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va harbiy havo kuchlari ayollaridan iborat jamoa bir necha yillardan buyon gʻoliblikni qoʻldan boy bermay kelayotgan guruhni yengib, gʻoliblikni qoʻlga kiritdilar.

Natijalarga koʻra, umumjamoa hisobida Qurolli Kuchlar akademiyasi vakillari 1-, Mudofaa vazirligi markaziy apparati va Markaziy aloqa tuguni jamoasi 2-, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti nomidan qatnashgan ayollar 3-oʻringa sazovor boʻldilar.

Gʻoliblarga harbiy orkestr sadolari ostida tashkiliy qoʻmita tomonidan faxriy yorliq, medallar hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.