18 +  RSS  E-mail
8:30, 04 03 2019

Bu yerdan hech kim norizo ketmaydi


“Insonlarning dardu-tashvishlarini oʻylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalqimiz oʻz hayotidagi ijobiy oʻzgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun koʻrishi kerak”.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miziyoyevning bu soʻzlari xalqimiz qalbidan chuqur oʻrin egallagan. Mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilishda, murojaatlar bilan ishlashda yangi tizim yaratilganligi, Prezidentimizning Virtual va Xalq qabulxonalari tobora odamlarning ishonchiga kirib borayotganligi jahon jamoatchiligining eʼtiborini tortmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri vazifasini bajaruvchi Ilhom Hazratqulov ayni shu mavzuda interv’yu berib, jumladan shunday dedi:

-Xalq qabulxonalari xalqimizning necha yillik orzu-umidlari ushalishi maqsadida tashkil etilgan. Shu bois yurtdoshlarimiz oʻz hayotidan, mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar jarayonidan rozi boʻlib yashashayapti, islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanishmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 17 yanvarda “Aholi muammolari bilan ishlash tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Shu hayotbaxsh hujjat aholi muammolari bilan ishlash sohasida yangi bosqichni boshladi.

-Ilhom Hazratqulovich, Farmon ijrosini taʼminlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar, dastlabki natijalar bilan oʻrtoqlashsangiz.

-Shu yilning 15 fevral holatiga jismoniy va yuridik shaxslardan 2657 ta murojaat qabul qilindi. Ularning 1921 tasi ijro uchun hududiy tashkilotlarga yuborildi. 416 ta murojaat Xalq qabulxonalarida koʻrib chiqildi.

Murojaatlar tashkilotlar, fuqarolar yigʻinlari kesimida taqsimlanib, sektorlardagi ishchi guruhiga taqdim qilib borilmoqda.

-Sektorlar faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat idoralari va ularning quyi tashkilotlari tomonidan uyma-uy yurish orqali aniqlanayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni oʻrganish hamda hal qilish haqida ham fikr yuritsangiz.

-Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini muvofiqlashtirish, nazoratga olish, sayyor qabullar saviyasini koʻtarish faoliyatimizda ustuvor ahamiyatga ega. Davlat va xoʻjalik organlarining rahbarlari joylarda tasdiqlangan jadval asosida Xalq qabulxonalari binolarida fuqarolar bilan muloqot oʻtkazishmoqda.

Bunday uchrashuvlar shahar, tuman hokimlari tomonidan 63 marta tashkil etildi. Prokurorlar 23 marta, IIB rahbarlari 21 marta, boshqa tashkilot va idoralarning vakillari 27 marta xalq bilan muloqotda boʻlishdi.

Muloqotlar jarayonida fuqarolarning 1134 ta murojaati koʻrib chiqildi. Ularning 527 tasiga oʻz joyida yechim topildi.

Uyma-uy yurish chogʻida fuqarolardan tushgan 155 ta murojaat va shikoyat oʻrganib chiqildi.

-Xalq qabulxonalari odamlarni rozi qilish yoʻlida keng qamrovli ishlarni amalga oshirayapti. Tahririyatimizga kelayotgan minnatdorchilik maktublaridan ham buni yaqqol koʻrish mumkin.

-Bunday xatlar bizlarga ham tez-tez kelib turibdi. Fikrim quruq boʻlmasligi uchun ayrim misollar keltiray.

Baxmal tumani, “Baxmal” QFY hududidagi Shovshoq qishlogʻida yashovchi K.Tojiboyevdan avtomashina sotib olish uchun pul oʻtkazganligi, lekin mashina ajratish kechikayotganligi haqida murojaat kelib tushgan edi. Viloyat Xalq qabulxonasi nazorati ostida mazkur murojaat “Jizzaxavtotexxizmat” AJ mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqildi. Natijada K.Tojiboyev qisqa muddat ichida “NEXIA-3” rusumli avtomashinani sotib olishga erishdi.

Forish tumani, “Uchma” QFYning Qizilqishloq qishlogʻida yashovchi N.Islomovning murojaati tuman Xalq qabulxonasi va Bandlikka koʻmaklashish markaziga yuborilgan edi. Yaqinda bu zamondoshimizdan ham xat oldik. U Forish tuman hayvonlar kasalliklari tashxisi markaziga ishga joylashibdi. Dilga xush yoquvchi bunday maktublardan behad xursandmiz.

Suhbatimiz nihoyasida shu narsani taʼkidlamoqchimiz: Xalq qabulxonalaridan hech kim norizo ketmaydi”. Bu bizning kundalik shiorimiz.  

Suhbatdosh Ilhom NOSIROV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.