18 +  RSS  E-mail
11:53, 01 03 2019

Sheʼriyat boʻstonining bekasi


Sheʼriyat. Uning xushboʻy gulu rayhonlarga toʻla chamanzoridan kimlar dastalar tizmagan.

Kimlar goh gʻamzali, goh shodon qoʻshiqlar bitmagan. Ular juda koʻpchilik. Lekin sevimli va ardoqli shoira Zulfiyaxonim oʻz ijodida oʻz salaflaridan juda oʻzib ketdi. Joʻshqin lirikasi, hayotbaxsh qoʻyma satrlari bilan sheʼriyatimiz malikasiga aylandi. Oʻzbek poeziyasining dovrugʻini olam boʻylab taratdi. Dunyoning eng oliy minbarlarida xalqlarni doʻstlikka, tinchlikka, birdamlikka undovchi soʻzlari bilan chiqish qilib,oʻzbek millatining shonu shuhratini oshirdi. Insoniy sadoqat, mehr-muhabbat gʻoyalarini eng yuqori pardalarda ulugʻladi.

…Zulfiya Isroilova 1915 yil 1 martda Toshkentda hunarmand oilasida tavallud topdi. Otasi qoʻl kuchiga tayangan zahmatkash temirchi edi. Onasi Xadicha aya esa shirinzabon ayol boʻlib, adabiyotga mehri baland edi. U juda koʻp qoʻshiq, ertak, matallarni bilar, ularni bolalariga aytib berardi. Boʻlajak shoira ularni zavq bilan tinglar, yod olib dugonalariga soʻzlab berardi.

Navnihol qizaloq 1928 yilda boshlangʻich maktabni tugallab, Toshkent xotin-qizlar pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kiradi. Ana shu yillardan boshlab yosh ijodkor dastlabki sheʼrlarini yoza boshlaydi. Alisher Navoiy, Aleksandr Pushkin, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon kabi ustozlarning asarlarini qunt bilan oʻqib, ularni kuzatadi. Ularga ijodiy tarzda ergashadi. Birin-ketin uning sheʼrlari “Ishchi”, “Turkiston” gazetalari, “Bolalar”, “Yangi yoʻl” jurnallarida chop etila boshlanadi. 1932 yilda esa endigina oʻn sakkiz bahorni qarshilayotgan shoiraning ilk sheʼriy toʻplami “Hayot varaqlari” bosmadan chiqdi. Bu unga yangi ilhom, ijodiy jasorat bagʻishlaydi. Yangi-yangi sheʼrlar bitadi.

Zulfiya 1933 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet)da tahsil oladi. 1935-1938 yillarda respublika badiiy adabiyot nashriyotida muharrir boʻlib ishlaydi. Shoira sifatida sheʼrdan sheʼrga, kitobdan kitobga mahorati yuksalib, kamol topib bordi. Yozgan asarlari sayqallanib, adabiyot ahli va keng doiradagi oʻquvchilar tomonidan zoʻr qiziqish bilan kutib olindi.

Shoiraning atoqli soʻz sanʼatkori Hamid Olimjon bilan hayot rishtasini bogʻlaganligi uning hayoti va ijodida muhim burilish yasadi. Taniqli otashin shoir bilan uzviy muloqotlar, adabiyot haqidagi fikr almashuvlar yuksak samarasini beraboshladi. “Hamid Olimjon men uchun ulugʻ ustoz, sevimli yor, dilkash suhbatdosh edi” — deb aytgan edi Zulfiya adabiy suhbatlardan birida.

Darhaqiqat ikki zabardast shoirning mushtarak maqsad yoʻlida ahil-inoq, oʻzgalar havas qilgudek baxtiyor turmush kechirganlari badiiy ijodda ham ularga muvaffaqiyat keltirdi.

Shu yillarda shoiraning “Hulkar”, “Men tongni qutlayman”, “Dugonalar bilan suhbat” toʻplamlari chop etildi. Davrimizning atoqli shoirlaridan biri sifatida tanildi. Sheʼriyatimizning mohir ustoziga aylandi. Hayot shiddati bilan basma-bas yuksak saviyali asarlar yozib, nafaqat diyorimizda, balki butun Sharq olami eng mashhur shoirlarining shohsupasidan munosib oʻrin oldi. U “Seni kuylayman, hayot” sheʼrida yozadi:

Kuylayman, kuylamoq  kun sari mushkul,

Men senman, sen mening borligʻim butkul,

Yelkamga yuk ortib qoʻlimdan tutgil,

Bu baxtni nazmga toʻkmoq azmida,

Seni kuylayman, hayot!

Mamlakatimiz istiqlolga erishgach, Zulfiyaxonim yanada zavq-shavq bilan ijod qildi. Xalqimizga, millatimizga mangu meros boʻlgulik eng sara, durdona asarlarini yaratdi. U xalqaro maydonda ham juda katta obroʻ-eʼtibor topgan edi. Oʻzbekiston xalq shoirasi xalqaro Javoharlal Neru mukofoti (1968), “Nilufar” (1971), “Kirill va Mefodiy” mukofotlari bilan taqdirlandi.

Mashhur ijodkor, mohir tarjimon ham edi. U A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, N.A.Nekrasov, L.Ukrainka, S.Kaputikyan, M.Karim, A.Pritam asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Tarjima sohasidagi samarali xizmatlari bilan xalqlar doʻstligini mustahkamlashga, adabiy aloqalarni kuchaytirishga munosib hissa qoʻshdi.

Hukumatimiz sevimli shoira, xalqimizning ardoqli farzandining adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga qoʻshgan ulkan xizmatlarini munosib taqdirlab, Zulfiya nomidagi davlat mukofotini taʼsis etgan. Fan, madaniyat, adabiyot, sanʼat, sport sohasidagi eng iqtidorli yoshlarga mukofot har yili berib borilmoqda.

Atoqli shoira ijodi bugungi kunda ham mamlakatimizda keng targʻib qilinib, oʻqib, oʻrganilmoqda. Viloyatimiz markazi Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi adabiyot yoʻnalishidagi iqtidorli yoshlar internat maktabining tashkil etilganligi ham sheʼriyat boʻstonining bekasiga boʻlgan yuksak hurmat-eʼtiborning yorqin namunasidir.

Abdulla AHMAD


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.