18 +  RSS  E-mail
15:13, 28 02 2019

Yoshlar ajdodlarimiz boy ilmiy merosi bilan tanishtirildi


Bu boradagi vazifalarni amalga oshirishda aholi vakillari, ayniqsa yoshlarni oʻquv fanlariga va kitobga boʻlgan munosabatini ijobiy tomonga yoʻnaltirish alohida ahamiyat kasb etadi. Shu sababdan ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev oʻz maʼruzalarida yoshlarni maʼnan barkamol ruhda tarbiyalash maqsadida ularda kitob hamda mutafakkir ajdodlarimizning ilmiy va adabiy merosiga boʻlgan qiziqishlarini oshirish lozimligi xususida taʼkidlab keladilar.   

Hukumatimiz tomonidan taʼlim sohasi xodimlari oldiga qoʻyilayotgan vazifalardan kelib chiqqan holda, oʻquvchi yoshlarni ajdodlarimizning boy ilmiy merosi  bilan tanishtirish, ularda aniq fanlarni oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqni kuchaytirish va ragʻbatlantirish maqsadida, 17-son umumtaʼlim  maktabining 5-6-sinf oʻquvchilari bilan Urganch shahridagi Abu Rayhon Beruniy muzey yodgorligiga sayohat uyushtirildi.  

Sayohat davomida oʻquvchi yoshlarga Abu Rayhon Beruniy sharq allomalari  ichida eng sermahsul ilmiy faoliyat olib borib, oʻzining matematika, fizika, astronomiya, geografiya mineralogiya, tarix, falsafa, adabiyot,  etnografiya va boshqa fanlarga oid asarlari bilan insoniyat taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan olimlardan biri ekanligi  haqidagi maʼlumotlar berildi. 

Abu Rayhon Beruniy ilmiy faoliyatini 16 yoshidan boshlab, to umrining  oxirigacha ilmiy asarlar yozganligi, jadvallar  tuzganligi,  tabiat  va koinotni kuzatganligi, boshqa tillardagi asarlar tarjimasi bilan shugʻullanganligi hamda olim  yaratgan  asarlarning 70 tasi astronomiya, 20 tasi matematika, 12 tasi geografiya va geodeziya, qolganlari esa  fizika,  mineralogiya, tarix,  falsafa, adabiyot, etnografiya va boshqa fanlarga tegishli ekanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotdi.  

Oʻquvchi yoshlarda buyuk olim tomonidan yaratilgan kashfiyotlar xususida kengroq tasavvur hosil qilish maqsadida Abu Rayhon Beruniy ilm ahlining  qadriga yetuvchi Xorazmshoh Maʼmun rahnamoligida shu davrdagi jami olimlarini  uyushtirib, “Maʼmun  akademiya”sini barpo qilganligi hususida maʼlumotlar yetkazildi. Bu olimlar orasida Abu Ali ibn Sino, Abu Ali Misqabiya, Abu Sahl Masihiy, matematik Abu Nasr Iroq, tabib Abul Hayr ibn Hammor kabi allomalar hamda oʻsha davrda oʻnlab shoirlar, tarixnavislar ham barakali  ijod qilganliklari bildirildi.

Shuningdek, Beruniygacha boʻlgan davrda yunonlar Atlantika sohilini dunyoning oxiri deb hisoblaganliklari, faqatgina yaqin orollar — Kanar, Madeyra va boshqanigina bilganliklari va Uzoq Sharqdan narigi tomonini bilmaganliklari haqida soʻzlab berildi.

Beruniy oʻz asarida “Bizga maʼlum boʻlgan dunyodan (sharqiy yarim shardan) tashqarida, suvlar bilan yerlarning boʻlishini taxmin qilamiz “ degan fikrni ilgari surganligi, bu bilan, gʻarbiy yarim sharda yaxlit bir quruqlikning, keyinchalik Amerika deb nomlangan qitʼaning  mavjudligini Beruniy  XI asr boshidayoq, yaʼni yevropalik olimlardan 450 yilcha oldin aytgan. 

Shuningdek, Abu Rayhon Beruniyning Yer toʻgʻrisidagi fanlar rivojiga qoʻshgan yana bir ulkan hissasi – dunyo olimlari ichida birinchi boʻlib yerning kichraytirilgan, diametri taxminan 5 metr boʻlgan shakli – globusni yasaganligidir.

Olim bu  asarlarida Yerning shar shaklida ekanligi,  uning sirtidagi suvlar (okeanlar sathi)  boʻrtma holatdaligi  haqida  yozgan. XX asrda Amerika olimlarining  fazodan turib olib borgan ilmiy  kuzatuvlari  Beruniyning bu fikrlarini toʻla tasdiqlaganligi maʼlum qilindi.

Oʻsha davrda yerning shakli chigal boʻlib turgan bir paytda olimning Yer sharsimonligiga qatʼiy ishongan holda, aniq hisob ishlari asosida globusni yasashi fan olamidagi buyuk kashfiyot ekanligi taʼkidlandi.  

Rus sharqshunosi I.Yu.Krachkovskiy “Beruniy  qiziqqan  sohalarni  sanab chiqishdan koʻra, uning qiziqmagan  sohalarini  sanab  chiqish  osonroqdir”, deb taʼrif bergan.   

Shuningdek, oʻquvchi yoshlarga amerikalik   tarixchi   olim  J.Sarton tomonidan butunjahon  fan  tarixida  XI  asrning  birinchi yarmini  Beruniy  davri  deb   nomlaganligi, Aurel  Steyn esa  Beruniyni  XI asrning  Leonardo  da Vinchisi deb ataganligi, rus olimi  S.Tolstov  esa  olimning  daholigini yanada  yuksakka koʻtarib: “Italyan olimi Leonardo da Vinchini “XV asr Beruniysi”, Ptolomeyni “II asr Beruniysi” desak mantiqan toʻgʻri boʻlardi”, deb baho bergan. 

Abu Rayhon Beruniyga fan olamida shuhrat keltirgan asarlardan yana biri uning “Hindiston” asaridir. Olim Hindiston madaniyati va tarixini oʻrganish maqsadida, yoshi 40 dan oshganda hindlarning qadimgi tili-sanskritni oʻrgangan. Bu tilni shu qadar tez va mukammal egallaganki, hindlarning hatto qadimiy kitoblarini ham sinchiklab oʻqiy olgan va tekshirgan. Shular asosida hindlarning tarixi, urf-odatlari, mamlakati va tili toʻgʻrisida yuqoridagi asar  yaratgan. 

Javoharlal Neru oʻzining  “Hindistonning  kashfi” nomli  kitobida  Beruniyning mazkur asari toʻgʻrisida shunday deb yozgan: “Beruniy yunon va   hind falsafasini  mutolaa  qilmoq  uchun sanskrit tilini  oʻrgana  boshladi. Beruniy hind va yunon  falsafasini bir-biriga solishtirdi, ulardagi mavjud umumiylikni koʻrib hayratda qoldi. Beruniyning kitobi haqiqiy  materiallarni qamrab olishi bilan birga, urushlar, bosqinchiliklar,  ommaviy  qirgʻinlar boʻlishiga qaramay, fan ahllari oʻz ishlarini davom ettirganliklarini koʻrsatib beradi. Orani nafrat va xudbinlik  kayfiyatlari buzib turgan paytlarda ham Beruniy, begona odam  boʻla turib, bu oʻlka kishilari ahvolini  toʻgʻri tushuntirishga harakat  qildi”.

Umuman  aytganda, Abu  Rayhon Beruniy   buyuk  olim, teran fikr  va koʻp  qirrali aql egasi boʻlgan. Uning ilmiy-falsafiy fikrlar rivojlanish tarixidagi  xizmatlari beqiyosdir.   Beruniyning   astronomiya va matematika,  geologiya  va  geografiya,  tarix va filologiya,  biologiya  va  tibbiyot hamda falsafa  fanlarining  rivojiga qoʻshgan xizmatlari  betakrordir. Shuning uchun ham fan tarixchilari  “Sharq fani tarixida Beruniydan yangi davr boshlanadi”, deb hisoblaydilar. Buyuk bobomizning hayratomuz gʻoyalari ilmiyligi, oldiga qoʻygan muammolarining keng qamrovligi  bilan ham u oʻz  davridan 500 yilga va  hatto  undan-da  oldinga ilgarilab ketgan.

Sayohat yakunida oʻquvchi yoshlarni ajdodlarimizning boy ilmiy merosiga nisbatan hurmat va Vatanga daxldorlik tuygʻularini mustahkamlash hamda aniq fanlarni oʻrganishga ishtiyoqni ragʻbatlantirish maqsadida Beruniy tomonidan Hindiston toʻgʻrisida kitob yozish jarayoni nihoyatda qiyin boʻlganligi, bu sohada yakka oʻzi ishlaganligini, ammo kuchini, vaqtini va pulini ham ayamay, sanskrit tilidagi kitoblarni izlaganligini, hindu tilini oʻrgatadigan olimlarni qayerdan boʻlmasin qidirib topganini va bu ishlarning hammasini shu mamlakatga boʻlgan muhabbati tufayli amalga oshirganini Beruniyning oʻzi faxrlanib yozganligi hususidagi maʼlumotlar berildi.

Sayohat natijasi yuzasidan oʻquvchi yoshlarning fikrlari oʻrganilganda, ular tomonidan Beruniy ilmiy faoliyati yuzasidan katta maʼlumotga ega boʻlganliklari, buyuk ajdodimiz ilmiy merosini hamda aniq fanlarni oʻrganishga boʻlgan qizishlari yanada oshganligi, fan mashgulotlari jarayonida yoki boshqa xolatlarda yer yuzining aksi — globus aksi namoyish etilgan xolatlarda mazkur anjomning dunyodagi birinchi ixtirochisi aynan Beruniy boʻlganligidan faxrlanish tuygʻularini xis etishlari, buyuk ajdodlarining vorislari ekanligidan faxrlanishlarini bayon etishdi.

Binobarin, Abu Rayhon Beruniy siymosida biz oʻrta asrning buyuk olimini koʻramiz. Uni Markaziy Osiyo xalqlarining qadimgi madaniyati tarbiyaladi. Beruniy merosida ming yillar oldingi qadimiy Xorazm taraqqiyoti mujassamlashgan  boʻlib, u oʻz  Vatanini sevuvchi, ilm-fan fidoyisi boʻlgan inson sifatida asrlar osha kelajak avlodlarga oʻrnak boʻlib qolaveradi.

Mavluda RAJABOVA,

Urganch shahridagi 17-son umumtaʼlim maktabi matematika fani oʻqituvchisi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.