18 +  RSS  E-mail
14:04, 26 02 2019

Doʻstini ayamagan shaxs toʻrtinchi marotaba sudning qora kursisiga oʻtirdi


J.A. xususiy korxonada ishchi boʻlib faoliyat koʻrsatdi. Muqaddam ish haqining  20 foizini davlat daromadi  hisobiga ushlab qolgan holda 9 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. U takroran firibgarlik jinoyatini sodir etgan.

U tanishi Q.I.ning uyiga “qutlugʻ tashrif” bilan bordi.

— Agar MChJ nomiga 16 million soʻm oʻtkazib bersangiz, sizga “Damas” rusumli avtomashina olib beraman. Mayli, qolgan pulini keyinroq bersangiz ham boʻladi…

Q.I. qarindoshi boʻlgan bu yigitning soxta mehribonligidan quvonib ketdi.

— Voy, qanday yaxshi, meni xursand qilding, uka.

Shunday qilib ayol  aytilgan pulni  firibgarning qoʻliga qanday qilib topshirganligini bilmay qoldi…

Aslida  MChJ rahbari boʻlib ishlab kelgan J.A. oʻz faoliyati davomida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlash maqsadida davlatimizning bu boradagi qonun talablariga rioya qilishni istamadi.

Haqiqatdan qurilish-montaj ishlarini bajarganligi uchun MChJning bank hisob raqamiga tushgan jami 35 million soʻmlik soliqlarni toʻlashni oʻziga ep koʻrmadi.

Qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda qatnashgan ishchi-xizmatchilarning mehnatiga haq toʻlash xarajatlaridan soliq obʼektlarini yashirishi oqibatida 42 million soʻmlik soliq va majburiy toʻlovlarni toʻlamay oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi. MChJ jismoniy shaxslarning manfaatlarini koʻzlab, rahbar va xodimlarning xizmat safari uchun ularning nomiga ochilgan plastik kartochka va korporativ plastik kartochkalarga pul mablagʻlari oʻtkazib,  ushbu mablagʻlar uning  ehtiyojlari uchun sarflandi hamda soliq obʼektlarini yashirishi natijasida jami 185,6 million soʻmlik soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovladi.

J.A. sodir qilgan jinoiy qilmishlarini fosh etilishini oldini olish va gʻarazgoʻylik niyatida moddiy xarajatlardan qutilish maqsadida MChJning qatʼiy hisobidagi birlamchi buxgalteriya hujjatlarini oʻtkazilgan tekshirishga taqdim  qilmasdan qasddan yashirgan.

Pixini yorgan firibgar tanishi K.F.ga tegishli boʻlgan  boshqa MChJning muhr va shtamplarini gʻarazgoʻylik maqsadida moddiy manfaatni koʻzlab egallab olgan va  ushbu jamiyat balansida boʻlgan, MChJning bank hisob raqami orqali oʻzi pulini toʻlagan, bank tomonidan ajratilgan kredit mablagʻlarini ham oʻzi soʻndirgan. “Neksiya”  rusumli avtomashinani oʻzining nomiga oʻtkazishga harakat qilgan. MChJning qalbaki rasmiy hujjatlarini tayyorlagan. MChJ taʼsischisi K.F.ning imzolarini qasddan qalbakilashtirgan va ushbu soxta hujjatlarni tuman “Yagona darcha” markaziga taqdim etgan. Qalbaki hujjatdan  foydalanib, oʻzini boshqa MChJ rahbari lavozimiga tayinlagan.

Oʻz niyatiga erishgandan soʻng  MChJ balansidagi “Neksiya” avtomashinasini jamiyat balansidan chiqarib, fuqaro N.R. orqali boshqa  fuqaroga 43 million soʻmga naqd pulga sotib yuborgan.

Oʻz shaxsiy ehtiyoji yoʻlida doʻstini ham ayamagan J.A. kelgusida oʻzi foydalanish maqsadida MChJ tomonidan “Mikrokreditbank” filiali orqali “Damas” avtomashinasi sotib olish uchun “GM Uzbekistan” AJga 48 million soʻmlikdan ziyod pullarni oʻtkazganligi haqida toʻlov talabnomasini toʻldirgan. Ushbu toʻlov talabnomasiga soxta maʼlumotlar hamda yozuvlar qiritgan,  gʻarazgoʻylik natijasida rasmiy hujjatni qasddan qalbakilashtirgan. Hujjatning qalbaki ekanligini bilib, firibgarlik jinoyatini sodir qilishda jabrlanuvchini ishontirish vositasi sifatida sinfdoshi A.N.ni ham ayab oʻtirmagan. Uning onasi  Q.I.ga  qalbaki hujjatlarni taqdim qilgan…

Firibgar J.A.ning jinoiy  qilmishlarini sanab sanogʻiga yetib boʻlmaydi. U oʻzgalarin aldash evaziga shaxsiy boylik orttirganligi va yana bir qancha jinoiy hatti-harakatlari uchun 3 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Jinoyat natijasida jabrlanuvchi Q.I.ga yetkazilgan moddiy zararlar qoplandi.

J.A.dan davlat foydasiga  185,6 million soʻmlik soliq va boshqa majburiy toʻlovlar undirilishi belgilandi.

Oydin NURIYEVA.

Foto: swaper.info


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.