18 +  RSS  E-mail
10:15, 25 02 2019

Tibbiyot sirlari. Bemorlarni aldab, taʼmagirlik qilayotgan shifokorning beshta qoidasi!!!


«Bizning vazifamiz davolash emas, balki xizmatlarni sotishdir», deb tan olishadi koʻpgina shifokorlar oʻzaro suhbatda.

Ginekolog-shifokor Sankt-Peterburgdagi xususiy klinikalardan biri haqida gapirib berdi. U nomini oshkor qilishni istamadi, boʻlmasa ishdan boʻshatilishi muqarrar.

1-qoida. Shifokor emas, sotuvchi

Tijorat klinikalarda kelgan har bir bemor uchun aniq reja mavjud. Bu … oʻrtacha chek. U turli xil boʻlishi mumkin: kichik klinikalarda — 5-10 ming, yirik, ixtisoslashtirilgan yoki stomatologiya sohasida — 50-100 ming rubl va undan yuqori.

Pul yigʻishdan manfaatdorlikni oshirish uchun har bir shifokorni ishga yollaganda, davlat klinikalarida toʻlanadigan maoshga nisbatan juda kam maosh belgilanadi. Ammo har bir mijoz uchun, shuningdek, shifokorning har bir xizmati uchun yuqori foizlar belgilanadi. Bizning klinikamizda shifokor mijozdan davolagani uchun kamida 30 ming rubl olishi kerak. Shu bilan birga, mening maoshim faqat 15 ming rubl, lekin har bir bemor qabulidan men toʻlov qiymatining 20 foizini olaman. Har bir bemor menga tez-tez kelib tursa, shunchalik koʻp pul topaman. Tor doiradagi mutaxassisga yoʻllaganim uchun — qabul qilish narxining 5 foizi, har bir tahlil uchun — 8 foiz ustama. Men UZIni oʻzim qilaman, buning uchun tashhis narxining 20 foizini olaman. Shunday qilib, men oyiga oʻrtacha 250-270 ming rubl topaman.

2-qoida Rahbarga yoqish

Dastlab rahbarimga bu odam sogʻ, uni tashhis uchun laboratoriyaga yoki hamkasblarga emas, toʻgʻri uyiga joʻnatish kerak, deganimda, har doim eʼtiroz bildiradi:

«Agar biror kishi davolanishni istasa va unda pul boʻlsa, uni rad qilmaslik kerak. Aks holda, u raqobatchilarga boradi, hatto chet elda davolanishga ketadi”. Men xuddi shunday fikrda ikkinchi marta rahbarga aytganimda, u jiddiy gʻazablandi va toʻliq maʼruza oʻqidi: «Gippokrat vafot etganiga ancha boʻldi, ammo qashshoqlikda oʻlmadi. Biz sen bilan hali yashashni istaymiz va yaxshi yashaymiz. Sen kimga yomonlik qilyapsiz? Doʻstingni tekshirasan, agar u asabdan tashqari haqiqatdan ham boshqa kasallikka chalingan boʻlsa-chi? Agar vijdoning qiynalsa, bu klinikada senga joy yoʻq, ishdan boʻshatilasan”.

Vijdon azobini yengillashtirish uchun hamkasblarimdan biri har dam olish kunlari yashirin ravishda qariyalar uyiga boradi va ularni bepul davolaydi. Boshliq buni biladi va bepul davolagan uchun uni Chexov deb chaqiradi. Lekin u muntazam ravishda pul yigʻish rejasini oshigʻi bilan bajaradi, shuning uchun rahbar bunga barmoq orasidan qaraydi.

Va boshqalar notoʻgʻri tushunmasligi uchun har kuni ertalabki yigʻilishni quyidagi soʻzlar bilan boshlaydi:

«Hurmatli hamkasblar, biz dunyo rubl tomonidan boshqariladigan davrda yashayapmiz. Keling, biz bemorlarga oʻz rubllaridan qutilishga yordam beraylik, shunda ularda yana rubl ishlab topishga ishtiyoq paydo boʻladi».

Rahbariyatga yoqish uchun shunday yashayapmiz.

3-qoida. Tahlillar juda koʻp boʻlmaydi.

Bemorlarimning koʻpchiligi oʻziga toʻq ayollardir. Shuning uchun, ularga turli xil tahlillarni tayinlash qiyin emas, Ularga qoshni chimirib, qoʻrqinchli ohangda miomadan tortib xlamidiozgacha tahlillar qilishni taklif etamiz.. Baʼzi klinikalarda tahlil natijalarini osmonga qarab qalbakilashtirib yozishadi. Bizning klinika esa oʻz nufuzi uchun barcha tahlillarni diqqat bilan bajaradi. Lekin har doim (!) meʼyordan juda boʻlmasa ozgina kamligi koʻrsatiladi. Biz darhol chuqurroq davolashni boshlaymiz va bemor qayta-qayta tahlil topshirishi kerak.

4-qoida. Yolgʻon gapirish sharafdir.

Klinikamizning yangi bemorlari doimo eng yaxshi shifokorlarning suratlari osilgan doskani diqqat bilan oʻrganadilar. Lekin shu oydagi eng yaxshi shifokorlarni tanlashning yagona mezonlari ularga maʼlum emas. Lekin, suratlari osilganlar aslida eng yaxshi savdogarlardir. Yaʼni klinika gʻaznasiga katta miqdorda pul olib kelganlar. Misol uchun, yillar mobaynida yuz ifodamni har xil  holatga solib, eng tajribali va dono shaxslarni ham havotirga solishni oʻrganganman.  Chunki mening xonamga kirganidan keyin, hatto vazir xonim ham xuddi shunday bemorga aylanadi. Natijada, men  “sharafli” doskadan joy olaman, chunki klinikaga oyiga 3 million rubl daromad keltiryapman.

5-qoida. Uyalmang

Mening eng yaxshi bemorim tibbiy saytlarni oʻqishni yaxshi koʻradiganlar. U tayyor tashhis bilan keladi. Va biz u oʻziga oʻylab topgan barcha kasalliklarini jasurlik bilan topamiz. Muhimi, uni rad etmaslik, lekin u bilan rozi boʻlmaslik, jarayonni iloji boricha choʻzishga harakat qilish lozim. Mayli, bir hafta davomida rektal haroratini oʻlchasin, hayz davrida oʻzining kayfiyatini kuzatsin, soʻng mumkin boʻlgan barcha gormonlarni topshirsin, bir necha marta UZIdan oʻtsin. Keyinchalik, 40-50 ming rubl sarflab, u butunlay sogʻlom ekanini biladi. Bu esa uning ruhiyati va hamyoni uchun qanday yengillik!

Bir kuni 45 yoshli ayol menga hayz kechikishidan shikoyat qilib, oʻzini yomon his qila boshladi va unda mioma oʻsganligiga ishontirishga harakat qilardi. Koʻrikda u homilador ekanligi ayon boʻldi, ammo men undan koʻpgina tahlillardan oʻtishini aytdim va UZI tekshiruvi tayinladim. Keraksiz tahlillarga ancha pul sarfladi, lekin kasal boʻlib qolmagani va uzoq kutilgan homilador boʻlish xursandchiligi hamma narsadan ustun keldi. U hatto menga minnatdorlik belgisi sifatida qimmat kon’yak olib keldi!

Vijdon azobini chekyapmanmi? Ha, baʼzan. Lekin har yili kamroq. Aksariyat hollarda inson aʼzosiga bezarar vositalar bilan oʻylab topilgan kasalliklardan davolayman. Oxir-oqibat ruhiy tahlilchining seansiga qaraganda mening qabulim arzonroq, lekin biz ham bir xil foyda keltiramiz.

Yuliya IL”INA. “AiF”dan

Foto: kolanews.ru


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.