18 +  RSS  E-mail
11:22, 23 02 2019

Amaliy ilmiy-texnik loyihalar va innovatsion ishlanmalarni moliyalashtirish boshlandi


Innovatsion rivojlanish vazirligida Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajarilishi 2019–2021 yillarga moʻljallangan amaliy ilmiy-texnik loyihalar, innovatsion ishlanmalar tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov moliyalashtirishga tavsiya etilgan loyiha rahbarlariga sertifikatlarni tantanali topshirdi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining 2019-2021 yillardagi Innovatsion rivojlantirish strategiyasiga koʻra ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflanadigan davlat xarajatlarini koʻpaytirishni nazarda tutilgan. Bu xarajatlar oʻz navbatida yurtimiz taraqqiyotiga nafi tegadigan, aholi farovonligiga va xalqimiz turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladigan mahsulotlar, texnologiyalar koʻrinishida davlatga foyda olib kelishi lozim. Oʻz navbatida, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishdan keladigan foyda olimlarning ham moliyaviy ahvoliga ijodiy taʼsir koʻrsatib, kelgusida ularning ilmiy izlanishlar bilan yanada chuqur shugʻullanishlariga zamin yaratishi kerak.

Innovatsion rivojlanish vazirligi amaliy ilmiy-texnik loyihalar, innovatsion ishlanmalar hamda dolzarb tematik tadqiqotlar tanlovlarini eʼlon qilgach, har bir yoʻnalish boʻyicha tanlovga kelib tushgan loyihalar vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlar tomonidan ekspertizadan oʻtkazilmoqda. Topshirilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi, natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan vazifalarga mosligi, ijrochilarning ilmiy-texnik salohiyati, ijrochi tashkilotda moddiy-texnik baza mavjudligi va boshqa mezonlar oʻrganilib, tegishli qarorlar qabul qilinmoqda.

Ilmiy-texnik kengashlar xulosalari asosida moliyalashtirishga tavsiya etilgan ilmiy-texnik loyihalari 2019 yil 16 fevraldagi vazirlik Hayʼatida koʻrib chiqilib, moliyalashtirish boʻyicha qaror qabul qilindi. Unga koʻra farmakologiya, metallurgiya, qishloq xoʻjaligi, kimyo, texnika yoʻnalishlaridagi aniq maqsadga yoʻnaltirilgan 6 ta loyiha moliyalashtirildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.