18 +  RSS  E-mail
9:45, 22 02 2019

Dehli shahri Jome masjidi bosh imomi ajdodlari oʻzbekistonlik


Buxoroda boʻlib oʻtayotgan I-Xalqaro ziyorat turizmi forumida Dehli shahri Jome masjidining bosh imomi, naqshbandiya tariqati namoyondalaridan biri Said Ahmad Buxoriy rahbarligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda. Delegatsiyadan yetakchi islomshunos olimlar, jurnalistlar hamda ziyorat turizmiga ixtisoslashgan sayyohlik kompaniyalari vakillari oʻrin olgan.

Hindistondagi Oʻzbekiston elchixonasi maʼlum qilishicha, Said Ahmad Buxoriyning asli kelib chiqishi Buxoroga borib taqaladi. Mashhur boburiylar sulolasi vakili Shohjahon boʻyrugʻiga asosan 1656 yilda qurib bitkazilgan Dehli Jome masjidiga oʻsha vaqtda Buxoroi sharifdan Abdul Gʻaffor Buxoriy bosh imomlikka taklif etilgan. Bir necha asrlar davomida mazkur sulola avlodlari masjidga imomlik qilib kelishadi.

Said Ahmad Buxoriy oʻz ajdodlarining yurti — Buxoroda boʻlib oʻtajak ziyorat turizmi forumida ishtirokidan benihoya mamnun ekanini aytdi.

“Oʻzbekiston tuprogʻi muqaddas qadamjolarga boy, fayzli va nurli tuproq. Mamlakatning tarixiy-madaniy obidalari, maʼnaviy merosi dunyo tamadduni uchun ham katta ahamiyatga ega. Oʻzbekistonda ularni asrab avaylash, xalqaro ommaga keng targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar respublikaga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini yanada kengaytirishi shubhasiz”,  deydi u.

Hindiston vakillari Ziyorat forumida ishtirok etish bilan birga, Oʻzbekistondagi muqaddas qadamjolarini ziyorat qilish, Turizmni rivojlantirish boʻyicha davlat qoʻmitasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Islom tsivilizatsiyasi markazi rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazish va hamkorlik masalalarini muhokama qilishni rejalashtirishgan.

“Hidoyat.uz” dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.