18 +  RSS  E-mail
15:06, 20 02 2019

Kurmakli savdo yoxud etagini tutib ketgan millionlar


J.Q. guruch oldi-sotdisining hadisini olgan, bir necha yillardan beri shu faoliyat bilan shugʻullanib kelardi. Qizigʻi, u savdoning boshini nasiya bilan  boshlab qoʻyardi-da, buyogʻida ishi yurishmay qolgan boʻlib chiqardi.

U qishloqdagi sholi tegirmonlardan, oʻz tanishlaridan koʻp bora guruchlarni nasiyaga sotib olib, “Qaydasan, Fargʻona?” deb vodiy tomonga yoʻl olgan. Oʻsha yoqda guruch savdosini “qizitgan”. J.Q. nasiyalarni uzogʻi bir oy ichida qaytarib berish sharti bilan olardi. Oʻzining aytishicha, oʻn-oʻn besh kun ichida (paysalga solmay) qoʻliga tutqazgan paytlari ham boʻlgan. 

U sholi tegirmoni boshida turib, O.S.ga tegishli “Alanga” navli guruchdan yetti tonnasini jami 21 million soʻmga hisoblab nasiyaga sotib oldi. Pullarni oʻn besh kun ichida qaytarib berishiga ishontirdi. Oʻzi esa “alanga” savdosini “gurullatish” uchun mahsulotni vodiyga joʻnatib yubordi. Biroq ishi yurishmadi. Tabiiyki, pullarni ham bera olmadi.

J.Q. hali bu qarzini uzmay turib, navbatdagi tavakkalchilikka qoʻl urdi. Avgust oyining oʻrtalaridan oʻtib, tegirmonda yana paydo boʻldi. Bu safar u N.Yu.ning ishonchiga kirdi. Aniqrogʻi, orada B.Q. ismli shaxs unga ishonish mumkinligini aytib kafil turardi. Shu tariqa N.Yu.ga tegishli “Alanga” navli salkam 15 tonnaga yaqin guruch 41 million soʻmdan oshiqroq pulga baholanib, faqat… bu pullarni oʻn kun ichida qaytib berishga kelishib olindi. N.Yu. oʻrtada turgan B.Q.ga ishonib oʻziga tegishli shuncha soʻmlik “alanga”ni koʻra-bila turib “oʻtga otdi”.

N.Yu.: “Men seni bilaman, pulini sendan talab qilaman”, dedi B.Q.ga. Xullas, u boʻldi-bu boʻldi, 15 tonna guruch vodiyga uchirma qilindi. Yana oʻsha hol: ishlari yurishmadi. Pullar qaytarilmadi.

Eng qizigʻi, B.Q.ning oʻzi oʻsha voqeadan bir oycha oldin 6 tonnaga yaqin “Alanga”sini salkam 17 millionga baholab, J.Q.ga berib yuborgandi. Oʻzining pulini hali qoʻlga kiritmay turib, oʻrtaga ham tushib oʻtiribdi.

J.Q. shu zaylda oʻnlab kishining ishonchiga kirib, necha bor nasiyaga guruch olib-sotdi. Falon kuni qaytaraman pulini, deb millionlar etagini tutib ketdi.

Hatto bir gal sholi tegirmonda guruch savdosi bilan shugʻullanuvchi U.S. va Q.Y.ga qoʻngʻiroq qilib “tegirmonga yuk mashinasini yubordim, oʻzimning ishlarim chiqib qoldi” deb bu safar ham 15 tonnacha keladigan guruchni tagʻin vodiyga joʻnatib yuborishga koʻndirdi. 36 million soʻmdan koʻproq pul “oʻn kun ichida qaytarib berish sharti bilan” uchdi-ketdi. Hamishagi gap: “ishlarim yurishmay qoldi”.

Mana shu bahona bilan yana kim-kimlarning puli qoʻliga yetmay, ora yoʻlda qolib ketdi. Bir hafta-oʻn kun ichida beraman, deyilgan yana qancha pullar!

Bulardan ham oldinroq J.Q. katta tavakkalga qoʻl urganiga nima deysiz? 2016 yil oktyabr oyining boshlari. To qish kelgunga qadar vaqt oraligʻida O.G. dan naq 100 tonna “Alanga”, “Indoneziya” va “Avangard” navli guruchlarni naviga qarab baholab, 240 million soʻmga savdoni pishirdi. Nasiyaga! Pulini yigirma kunda berish sharti bilan sotib oldi. Guruch pulidan 90 million soʻmni fevral oyiga qadar boʻlib-boʻlib berganligi ham bor gap. Biroq qolgan 150 million soʻmning daragi boʻlavermadi. Tagʻin “ishlarim yurishmay qoldi”lab vaj-karson toʻqigan J.Q. shu qilmishlari uchun sudlandi.

Necha-necha kishining ishonchini suiisteʼmol qilgani, ishonchiga kirib chuv tushirib ketgani… hammasining hisob-kitobi bor, albatta.

J.Q.ga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.  Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchilar foydasiga jami 325,4 million soʻm undirish belgilandi.

Kamol MURODOV.

Foto: news.yahoo.com


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.