18 +  RSS  E-mail
10:12, 19 02 2019

Oʻzbekiston va AQSh: oliy taʼlim tizimidagi hamkorlik yanada rivojlanadi


Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida AQShning Vebster universiteti vitse-prezidenti Dj.Shuster rahbarligida delegatsiya qabul qilindi.

Muzokaralarda Toshkent shahrida AQShning Vebster universiteti filialini tashkil etish va 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab mazkur taʼlim muassasasi abituriyentlarni qabul qilinishni yoʻlga qoʻyish masalalar muhokama qilindi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mazkur nufuzli oliy taʼlim muassasasining yurtimizda filialini tashkil etish bogʻliq ishlarni 2017 yil 16 sentyabrda Universitet bilan tuzilgan anglashuv Memorandumi orqali boshlagan edi.

2018 yilda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tashabbusi Toshkentda Vebster universitetining rahbariyati bilan oliy darajada olib borilgan muzokaralar natijasida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida AQShning Markaziy Osiyodagi ilk magistrlik taʼlim loyihasi yoʻlga qoʻyildi.

Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyidagi AQShga davlat tashrifi chogʻida ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish toʻgʻrisidagi imzolangan shartnomaga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari 2018 yil iyul oyida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Vebster universiteti oʻrtasida imzolangan kelishuvga asosan joriy yildan Vebster universiteti Oʻzbekistonda toʻlaqonli faoliyat koʻrsatadi. 2019 yilning mart oyidan esa Toshkent davlat iqtisodiyot va Toshkent axborot texnologiyalari universitetlarida Loyiha boshqaruvi mutaxassisligi boʻyicha MBA taʼlim dasturi asosida mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

2019 yil 5 fevral kuni oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.Madjidov hamda Vebster universiteti prorektori Dj.Shuster tomonidan Kelishuv bitimi imzolandi.

Ikki tomonlama imzolangan hujjatlar ijrosini taʼminlash hamda Toshkent shahrida Vebster universiteti filialini tashkil qilish yuzasidan amaliy choralar koʻrish maqsadida joriy yil 18-21 fevral kunlari yurtimizga Vebster universiteti prorektori Dj.Shuster boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Tashrif jarayonida AQSh delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va boshqa oliy taʼlim muassasalariga tashrif buyuradi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.