18 +  RSS  E-mail
10:10, 19 02 2019

Markazga bir oyda uch mingdan ortiq mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurdi


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida Payariq tumanidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi bilan tanishib, bu yerni har bir yurtdoshimiz ziyorat qilishi maqsadga muvofiqligini taʼkidlagan edilar.

Oʻtgan bir oy davomida markazga 3 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Kun sayin tashrif buyuruvchi sayyohlar safi ortib borayotganligi biz uchun ahamiyatlidir.

Imom Buxoriyning markaz muzey fondidan joy olgan “Sahihi Buxoriy” kitobining qadimiy qoʻlyozma nusxasi va buyuk muhaddisning ayni paytda dunyoning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob asarlarining nusxalari mahalliy va xorijiy sayyohlarga katta qiziqish uygʻotmoqda.

Bugungi kunda markaz ilmiy xodimlari tomonidan “Imom Buxoriy taʼrifi”, “Odoblar xazinasi”, “Oʻrta asr sharq allomalari entsiklopediyasi”, “Abdulhamid Keshiy hayoti va ijodi”, “Haqiqat niqobidagi yolgʻon”, “IShIDning botil gʻoyalari va ularga raddiyalar” kabi yigirmaga yaqin kitoblar nashr qilindi.

Imom Buxoriy bobomizning uchta – “Birrul volidayn” (Ota-onaga yaxshilik qilish), “Xolq afʼol al-ibod” (Bandalar feʼllarining yaratilishi) va “Sulosiyotul Buxoriy” (“Sahihul Buxoriy” asaridagi sanadi uch roviyli hadislar) kitoblari tarjima qilinib, tahrir ishlari olib borilmoqda. “Imom Buxoriy hayoti”, “Muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy majmuasi” kitob-al’bomi, “Alouddin Usmandiy Samarqandiy hayoti va ilmiy merosi”, “Ibrohim Saffor Buxoriy hayoti va ilmiy merosi” kabi kitoblar nashrga tayyorlanmoqda.

Bu kitoblarni oʻqigan kishilar, ayniqsa, yoshlar hech qachon toʻgʻri yoʻldan adashmaydi va ularda turli axborot xurujlariga nisbatan sogʻlom mafkuraviy immunitet hosil boʻladi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.