18 +  RSS  E-mail
11:32, 18 02 2019

Jizzaxda fuqarolar yigʻinlari raisi saylovlarini ommaga yetkazishda OAVlarning oʻrni mavzusida yigʻilish oʻtkazildi


Maʼlumki, joriy yilning may oyida respublikamizda fuqarolar yigʻinlari raisi saylovi boʻlib oʻtadi. Mazkur muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarni keng jamoatchilikka ochiq shaffof va oshkora yetkazishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Mahalla jamiyatimizda kechadigan barcha islohotlarni amalga oshirishda muhim institut sifatida eʼtirof etiladi.

Keyingi yillarda mazkur tuzilmaning vakolati va vazifalar koʻlami kengaydi. Bevosita fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organi mahalladagi har bir davlat va jamoat tashkilotlari, oilalar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyadi, hamkorlikda ish olib boradi.

Eng muhimi mamlakatimizda kechadigan har bir islohotning amaliy va taʼsirchan boʻlishida mahalla institutining oʻrni katta. Demak bunda mahalla raisining zimmasiga katta masʼuliyat yuklanadi.

Boʻlib oʻtgan tadbirda boʻlajak saylovga koʻrilayotgan tayyorgarlik haqida jurnalistlarga maʼlumotlar yetkazildi. Aytib oʻtilganidek, yurtimizda fuqarolarning oʻz huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishi uchun barcha qulaylik va sharoitlar yaratilmoqda.

Jumladan, Konstitutsiyamizning 32-moddasida  Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini  boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar deb belgilab qoʻyilgan. Konstitutsiyamizning 105-moddasida shaharcha, qishloq va ovullarda shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shahardagi mahallalarda fuqarolarning yigʻinlari oʻzini oʻzi boshqarish organlari boʻlib, ular uch yil muddatga rais (oqsoqoli)ni saylashi belgilangan.

Mahalla raislari saylovi aholining siyosiy huquqlarini amalga oshirishda muxim bosqich hisoblanishi eʼtirof etildi va fuqarolar yigʻinlari saylovlarini shaffof va qonuniy tashkil etish va uni oʻtkazishda ommaviy axborot vositalari muhim oʻringa ega ekanligi aytib oʻtildi. Shuningdek, jurnalistlarga Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)  saylovi toʻgʻrisida” gi Qonuniga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar haqida maʼlumotlar yetkazildi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.