18 +  RSS  E-mail
14:21, 16 02 2019

Toʻrt yuz nafar YATT soliq imtiyozlaridan foydalanmoqda


Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar  Mahkamasining 2017 yil  31 maydagi “Jizzax viloyatida ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirishni tubdan jadallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirishning  yangi  yondashuvlari  va metodlarini  sinab koʻrishga  doir  kompleks  chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 332-sonli  qarori viloyatda  eksperiment tariqasida  joriy etilgan edi. 

Qarorga koʻra   2017 yilning 1 iyulidan 2021 yil 1 yanvargacha Arnasoy, Baxmal, Forish, Zafarobod, Zarbdor, Yangiobod tumanlarida, shuningdek,  Jizzax viloyatining  boshqa tumanlarining  qishloq aholi punktlarida maishiy (sartarashxona, poyabzal, kiyim-kechak, elektr maishiy uskunalari taʼmirlash va boshqalar) xizmat  koʻrsatish sohasida faoliyat koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar belgilangan qatʼiy   soliq toʻlashdan ozod qilinganlar.

— 25 yildan beri Zarbdor tumanida elektr maishiy uskunalarini taʼmirlash bilan shugʻullanaman, — deydi Shavkat Ergashev. — Aynan Jizzax viloyati uchun maishiy xizmat koʻrsatish tizimiga imtiyoz berilganini eshitgach tuman davlat soliq inspektsiyasiga murojaat qildim. Hozirda yakka  tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtib,  ushbu imkoniyatdan toʻlaligicha foydalanmoqdaman. Tejab qolingan mablagʻ esa faoliyatimni kengaytirish imkonini bermoqda.

Mazkur qaror yuzasidan Zarbdor tumanida 45 nafar yakka tartibdagi tadbirkor davlat roʻyxatidan oʻtib, soliq imtiyozlaridan foydalanib kelmoqda. Maʼlumot oʻrnida shuni aytish lozimki ularga 3 million 800 ming soʻmdan ortiq soliq imtiyozlari qoʻllanilgan.

Jizzax viloyatida sanoatni, qishloq xoʻjaligini va xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish uchun zaxiralar va imkoniyatlarni safarbar etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ragʻbatlantirishning yangi yondashuvlari va usullarini sinab koʻrish, yuqori darajada qulay biznes muhitini shakllantirishda solik imtiyozlarining hissasi yuqori.   

— Jizzax viloyati boʻyicha 401 nafar yakka tartibdagi tadbirkorga ushbu qaror bilan soliq imtiyozlari qoʻllanildi, — deydi viloyat DSB soliq maʼmuriyatchiligi boʻlimi boshligʻi Sherali Sulaymonov. — Buning natijasida qariyb 32,5 million soʻmdan ortiq mablagʻ tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun ular ixtiyorida qoldirilgan.

Mazkur qaror 2021 yil 1 yanvarga qadar amalda boʻladi. Ungacha aynan faoliyat turi mos keladigan tadbirkorlar oʻz hududlaridagi tuman davlat soliq inspektsiyalariga murojaat qilib ushbu imtiyozlardan foydalanish imkoniga ega boʻlishlari mumkin.

H.FOZILOV,

Jizzax viloyat DSB Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻʼbasi boshligʻi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.