18 +  RSS  E-mail
14:23, 16 02 2019

Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari qoʻllab-quvvatlanadi


Oʻzbekiston Respublikasi Moliya va Maktabgacha taʼlim vazirliklarining tegishli topshiriqlariga asosan nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari hamda davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida tashkil etilayotgan maktabgacha taʼlim muassasalariga davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan har oylik kompensatsiyalar toʻlash va subsidiyalar ajratish boʻyicha Namangan viloyati moliya bosh boshqarmasi tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari hamda davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida tashkil etilgan maktabgacha taʼlim muassasalariga meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida mablagʻ ajratilishini, ajratilgan byudjet mablagʻlarini koʻzlangan maqsadlarga oʻz vaqtida yoʻnaltirilishini hamda samarali sarflanishini taʼminlash maqsadida shahar hamda tumanlar moliya boʻlimlarida quyidagi tartibda ish tashkil etilmoqda:

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirligi va uning tizimidagi muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi 991-sonli qaroriga asosan joylardagi nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari uchun toʻlovning 50 foizi oʻz mablagʻlari hisobidan hamda qolgan 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplash;

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyuldagi 595-sonli qarori bilan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalariga oylik subsidiyalar ajratish boʻyicha:

— joylarda tashkil etilgan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalarini aniqlash va tahlil qilish (bunda tarbiyachi va yordamchi tarbiyachilariga tegishli toifa boʻyicha qisqa muddatli yoki 9 soatlik davlat maktabgacha taʼlim muassasalari uchun belgilangan mehnatga toʻlanadigan haqqa teng shartlarda va hajmlarda ish haqini hisoblab chiqishda Maktabgacha taʼlim vazirining 2018 yil 15 oktyabrdagi 215-sonli buyrugʻi asosida amalga oshirilishini nazoratga olish);

— oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari uchun davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga belgilangan normativlar boʻyicha ovqatlanish, yumshoq inventar, anjomlar va dori-darmonlarga ajratilgan miqdorlardan kelib chiqib, maktabgacha taʼlim boʻlimi tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblar asosida zarur mablagʻlar ajratish yuzasidan taklif kiritish;

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 maydagi 378-sonli qaroriga asosan davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida faoliyat yuritadigan nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalariga oylik subsidiyalar ajratish boʻyicha:

 — joylardagi davlat-xususiy sherikchilik asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari tomonidan oylik subsidiyalar ajratish yuzasidan qilingan ariza shaklidagi murojaatlarni qabul qilish;

— ushbu murojaatlarni maktabgacha taʼlim boʻlimi tomonidan Nizom talablariga mos ravishda toʻgʻri kelishini oʻrganish (bunda, har oyda taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan har bir bola uchun (9 va 10,5 soatlik ish rejimidagi) davlat maktabgacha taʼlim muassasasining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan xarajatlarni Maktabgacha taʼlim hamda Moliya vazirliklarining qoʻshma xatiga asosan viloyat markazlarida  (40 foiz) — 88464 soʻm, qolgan hududlarda (50 foiz) — 110579 soʻm qilib belgilanganligi inobatga olinadi);

— tuman (shahar) moliya boʻlimlari taʼlim muassasasining arizasi kelib tushgandan keyin uning belgilangan talablarga mosligini oʻrganib chiqadi hamda arizani qanoatlantirish yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va taʼlim muassasasini subsidiyalar (kompensatsiya) ajratish yoki arizani rad etish toʻgʻrisida asoslantirilgan holda yozma shaklda xabardor qilinadi.

Bundan tashqari, davlat xususiy sherikchiligi asosida tashkil etilgan nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi PQ-3651-son “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan belgilangan boshqa turdagi subsidiyalar jumladan:

— davlat maktabgacha taʼlim muassasasining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 50 foizi miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish;

— maktabgacha taʼlim muassasasining rahbarlari, metodistlari, tarbiyachilari, defektologlari, psixologlari, musiqa xodimlari ish haqiga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun davlat maktabgacha taʼlim muassasalari uchun belgilangan shartlarda qoʻshimcha byudjet subsidiyalarini olish huquqiga ega.

Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari hamda davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida tashkil etilgan maktabgacha taʼlim muassasalariga meʼyoriy huquqiy hujjatlar asosida mablagʻ ajratilishini, ajratilgan byudjet mablagʻlarini koʻzlangan maqsadlarga oʻz vaqtida yoʻnaltirilishini hamda samarali sarflanishini taʼminlash shahar hamda tumanlar moliya va maktabgacha taʼlimi boʻlimlari mudirlari zimmasiga yuklatilib, viloyat moliya bosh boshqarmasi tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Namangan viloyati moliya bosh boshqarmasi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.