18 +  RSS  E-mail
16:33, 14 02 2019

Noqobil oʻgʻilning dastidan…


Yoshi yetmishga yaqinlashib qolgan ota oʻgʻliga pichoq urdi. Nainki oʻgʻliga, uning yonida kelgan  qandaydir ayolga ham… Bunga otani oʻgʻilning noqobilligi majbur qildi.

Ota or-nomusdan qattiq oʻrtandi. Chunki  uning yoshidagi tengqurlari ayni paytda nevaralar tarbiyasi bilan andarmon boʻlishadi yoki mahalla guzarida chaqchaqlashib oʻtirishadi.

Ammo ota sudning qora kursisida oʻtiribdi. Oʻgʻlini yelkasida koʻtarib yurgani koʻz oldiga keldi…

Garchi qilmishi unchalik katta boʻlmasa ham qoʻliga sovuq qurol ushladi, oʻzgaga pichoq oʻqtaldi…

Qaynota va qaynona bilan kelisholmagan kelinini yashab turgan xonadonidagi ikki xonani  alohida qilib, bogʻ tomondan eshik ochib  berdi. Shoyad er-xotin yaxshi yashab ketishsa, degan ilinjda edi ota. Ammo er-xotin yana tinchib ketishmadi. Oiladagi urush-janjal davom etdi. Oqibatda kelin ota uyiga ketib qoldi. Oʻgʻil esa koʻchadan yana bir ayolni, qoʻshni mahalladagi erdan chiqqan bevani ergashtirib keldi.

…Otaning uyqusi qochib, bogʻ tomonga chiqqanida oʻgʻlining xonasidan kelayotgan ovozni eshitib derazadan moʻraladi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, ota oʻzi yoqtirmaydigan qoʻshni mahallaning qizi oʻgʻli bilan kulishib oʻtirardi. Ota oʻzini bosolmay qoldi. Oʻgʻlini baland ovozda chaqirdi.

— Bu ne qiliq, — deya ota gʻazabini bosolmadi.

— Nima ishingiz bor, — oʻgʻil oʻzicha baxtdan masrur edi.

— Bu yoqda bolalaring, xotining…

— Ular endi menga kerakmas…

Ota oʻgʻliga musht oʻqtalgan edi, ammo u abjirlik bilan mushtni oʻziga qaytardi.

— Ahmoq, otaga qoʻl koʻtarasanmi?

Ota yerga yiqildi. Uning qoʻliga qayerdandan pichoq ilindi. U pichoqni oʻgʻlining qayerigadir sanchib oldi. Oʻgʻil dodlab yubordi. Uning ovoziga  ichkaridagi ayol yugurib chiqdi. Qoni qaynab turgan ota u ayolga ham pichoq oʻqtaldi. Pichoq toʻppa-toʻgʻri ayolning siynasiga sanchildi..

Qiy-chuv boshlandi.  Kimdir “Tez yordam”ga telefon qilishga shoshildi, kimdir…

Voqea shu bilan tugamadi.

Yozish-chizishlar boshlandi. Oʻgʻlini tartibga chaqirgan ota shunday qilib sudning qora kursisiga oʻtirdi.

Sudlanuvchi Sh.O.ning boshi egik. Hayriyat sud adolatli ish koʻrdi. Sh.O.ga ikki yil muddatga ozodlikni  cheklash jazosi tayinlandi…

Oiladagi kichkinagina kelishmovchilikning oqibati ana shunday katta koʻngilsizlikni keltirib chiqardi…

Oydin NURIYEVA.

Foto: econet.ua


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.