18 +  RSS  E-mail
15:19, 13 02 2019

Yoshlar tarbiyasi – kelajagimiz mevasi


“Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”

A. Avloniy.

Bugungi kunda yoshlarimizning tarbiyasi eng dolzarb muammolardan biriga aylangandek, goʻyo. Chunki oʻgʻil-qizlar oʻrtasida boʻlayotgan tarbiyasizlik, kattalarni hurmat qilmaslik, koʻcha-koʻyda, jamoat joylarida oʻzlarini nazorat qila olmasliklari bizni shunday xulosa chiqarishga chorlaydi. Xoʻsh, yoshlarning bunday holga kelib qolishlariga eng avvalo, kim aybdor? Bu savol hammamizni birdek mulohazaga chorlaydi.

Tabiiyki, yoshlar tarbiyani dastlab oiladan, ota-onadan oladi. Oila jamiyatning negizi va tarbiyaning asosiy instituti hisoblanadi. Oila farzand tarbiyasida birlamchi boʻgʻin boʻlib, u bolaning rivojlanishiga hamisha taʼsir koʻrsatadi. Sogʻlom oilada ulgʻaygan bola tarbiyali, barkamol boʻlib voyaga yetadi. Aksincha, nosogʻlom, yaʼni doimo urush-janjallar boʻlib turadigan oilada tarbiya topgan bolada turli noodatiy odatlarga moyillik kuchli boʻladi.

Taʼkidlash joizki, jamiyat gultoji hisoblangan inson birinchi navbatda, oilada shakllanadi va voyaga yetadi. Keyingi taʼlim va tarbiyani maktabda ustozlardan oladi. Shunday ekan, yoshlarimizning tarbiyali, ibo-hayoli, andishali boʻlib voyaga yetishlarida yoki aksincha, tarbiyasiz boʻlib qolmasliklariga hammamiz birdek masʼulmiz.

Xalqimizning ertangi kuni qanday boʻlishi farzandlarimizning bugun oilada, oʻquv muassasalarida qanday taʼlim va tarbiya olishlariga bogʻliq. Biz yoshlarga shunday munosib taʼlim-tarbiya beraylikki, ular hech qachon odob-axloq qonun-qoidalari chegarasidan chiqishmasin, doimo namunali shaxs boʻlib, vatanimiz taraqqiyoti uchun kerakli insonlarga aylanishsin. Chunki yurtimiz kelajagi yoshlarimiz qoʻlida.

Ozoda ISMOILOVA,

Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialining talabasi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.