18 +  RSS  E-mail
12:09, 13 02 2019

“Technovation chellenge Uzbekistan-2019”: qizlar uchun eng yirik texnologik tanlov


Yurtimizda koʻp yillardan buyon oʻtkazib kelinayotgan “Technovation chellenge” qizlar xalqaro tanlovi  bugungi kunda 10-18 yoshdagi koʻplab qizlarni oʻz atrofida birlashtirdi.  Birlashgan Millatlar Tashkiloti, AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Bolalar va oilalarni qoʻllab-quvvatlash assotsiatsiyasi, Toshkentdagi INXA Universiteti, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida oʻtkazilayotgan tanlov qizlarning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash, sohalardagi muammolarni oʻrganish va  bartaraf etishga yangi innovatsion loyihalarni jalb etish, ularda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va notiqlik sanʼatini mustahkamlash kabi maqsadni oʻz oldiga qoʻygan. Ushbu tanlov  Xorazm viloyati «Yoshlar markazi»da boʻlib oʻtdi.

— Biz Xorazm viloyati tanlov qatnashchilarining loyihalari bilan tanishdik. Ular guruhlarga boʻlingan holda, oʻz loyihalarni taqdim etishdi.  Ishtirokchilarning har birida muammoga yangicha qarashni, yangicha munosabatni  koʻrish mumkin.   Aksariyat qizlarning loyihalari taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya, turizm kabi sohalardagi muammolarni zamonaviy texnologiyalar yordamida hal etishga qaratilgan. — deydi tanlov tashkilotchisi Saida Yusupova

Tanlov davomida  ishtirokchilar va ularga berkitilgan mentorlar, yaʼni guruh rahbarlari bilan birgalikda oʻz loyihalari yuzasidan taqdimotlar oʻtkazishdi va ishtirokchilarning intellektual salohiyatini rivojlantiruvchi metodlardan foydalanib, qiziqarli  savol javoblar tashkil etildi.

— Biz avvalo guruhlarga boʻlinib, unga nom qoʻyish va guruh sardorlarni tanlash bilan  boshladik. Oʻzimizning jamoamizga «Evrika» deb nom qoʻydik. Ajratilgan vaqt davomida, muammolarni oʻrganib ularga texnologiyalar yordamida yechim topish yoʻllarini izladik. Bizning jamoa aynan  yurtimiz turizmini rivojlantirishga qaratilgan loyiha bilan ishtirok etdi. Tanlovda juda koʻp yangi bilimlarga ega boʻldik, yangi doʻstlar orttirdik. Sovgʻalar bilan taqdirlandik.- deydi tanlov ishtirokchisi  Farzona Rahmonaliyeva.

Eslatib oʻtamiz: tanlovda 10-18 yoshgacha boʻlgan 5 kishidan iborat jamoa tuzib,  www.technovation.uz saytidan roʻyxatdan oʻtgan holda, ishtirok etishi mumkin. Tanlov ishtirokchilariga murabbiylar, oʻqituvchilar, ota-onalar yordam beradi. Ishtirokchilardan va mentorlardan dasturlash boʻyicha bilimga ega boʻlish talab etilmaydi. Tanlov har yili yanvar oyidan boshlanadi va ishtirokchilar uch oy davom etadigan mashgʻulotlarda,  ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal etadigan mobil ilovani oʻylab topish, biznes reja yozish, loyiha haqida video suratga olish bilan shugʻullanishadi. Tanlovda saralash fevral-may oylarida boʻlib oʻtadi.

Dunyodagi eng yaxshi 12 ta jamoa Kaliforniya (AQSh)ga boradilar.  Biz esa, dunyodagi eng yaxshi jamoalar qatorida, oʻzbekistonlik qizlar ham boʻlishini hohlaymiz. Bu borada qizlarga omad tilaymiz.

Sevinchoy SOBIROVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.